Soliq qo‘mitasi P2P o‘tkazmalari masalasida rasmiy tushuntirish berdi

Jamiyat

image
Avvalroq, O‘zbekiston hukumati banklar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari hamda omonatlariga oid ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etish tartibini tasdiqlashni nazarda tutuvchi qaror loyihasini ishlab chiqqani haqida xabar berilgan edi. Soliq qo‘mitasi ushbu qaror loyihasi bo‘yicha tushuntirish berdi.

Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, ayrim OAV nashrlarida mazkur loyiha asosan jismoniy shaxslarning omonatlari bilan bog‘liq tashabbus sifatida talqin qilinishi hujjatning asl mazmunini to‘liq aks ettirmaydi.

Tushuntirishga ko‘ra, loyihada amaldagi qonunchilik doirasida banklar va soliq organlari o‘rtasidagi axborot almashinuvining yagona qoidalarini belgilash taklif etilgan. Unda soliq nazorati maqsadlari uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etish tartibi, muddatlari, shakllari va elektron formati aks etgan.

Qo‘mitaning bildirishicha, loyiha soliq organlariga yangi vakolatlar bermaydi, bank sirini bekor qilmaydi hamda fuqarolar yoki tadbirkorlarning bank hisobvaraqlariga erkin kirish imkoniyatini nazarda tutmaydi. Banklar soliq organlariga ma’lumotlarni faqat qonunchilikda belgilangan hollarda va tartibda taqdim etishga haqli.

Soliq organlarining tegishli vakolatlari Soliq kodeksining 134-moddasida mustahkamlangan. Shuningdek, “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, bank mijozining soliq solish masalalari bo‘yicha bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar faqat qonunchilikda belgilangan tartibda davlat soliq xizmati organlariga taqdim etilishi mumkin.

Bunda soliq organlari tomonidan olingan ma’lumotlar soliq siri hisoblanadi. Ularni oshkor etish, uchinchi shaxslarga berish yoki belgilangan maqsaddan tashqari foydalanish qonun bilan taqiqlanadi.

Qayd etilishicha, bunday axborot almashinuvi mexanizmlari xalqaro amaliyotda, jumladan, IHTT mamlakatlarida qo‘llaniladi va jahon standartlariga mos keladi. O‘zbekiston ham Soliq maqsadlarida shaffoflik va axborot almashinuvi bo‘yicha global forumga qo‘shilgani bois mazkur sohada aniq va shaffof qoidalar mavjud bo‘lishi kerak.

Hujjat jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan. Soliq qo‘mitasi muhokamada fuqarolar, tadbirkorlar, ekspertlar hamjamiyati, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillarining konstruktiv ishtirokidan manfaatdor ekanini bildirgan.

Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing