Soliqchilar OAV bilan ochiq ishlashi kerak – Shavkat Mirziyoyev

Jamiyat

image

Agar tadbirkor yangicha soliq hisobotini, o‘zgarishlarni bilmasa, unga jazo berish  kerak emas, to‘g‘ri yo‘lni o‘rgatish, ishontirish kerak. Bu haqda bugun, 16 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Davlat soliq qo‘mitasiga qilgan tashrifida ta’kidladi.

“Faqat biz to‘g‘ri qilyapmiz, deb yurishimiz noto‘g‘ri. Nega endi odamlar norozi bo‘lyapti deb ulardan xafa bo‘lishimiz kerak? Eng katta muammoingiz - tushuntirib bermaganingiz. Bu noto‘g‘ri. Soliq organidagi barcha darajadagi rahbarlar tadbirkorlar, odamlar bilan tez-tez uchrashib, muammolarini eshitishi, tushunmovchiliklarning oldini olishi, ijtimoiy tarmoqlarda, OAVda kerakli axborotni berishi, o‘rgatishi va yaqin ko‘makchisi bo‘lishi kerak”, deydi davlat rahbari.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev soliq tizimida ishlayotgan 200 nafar mutaxassisni Turkiya, Koreya va boshqa davlatlarda o‘qitish va malakasini oshirish bo‘yicha tezroq ro‘yxatni shakllantirish haqida topshiriq bergan.

“Bugungi soliqchilar 3 yil oldingi soliqchilar emas. Zamon ham o‘zgardi, bular ham o‘zgardi: 5 yilda biz mutlaqo yangi soliq tizimini yaratdik. 2020 yilda ko‘p muhokamalardan so‘ng,  biz bugungi O‘zbekistonimizga munosib bo‘lgan yangi Soliq Kodeksini qabul qildik. 13 tadan 9 taga soliq turlari kamaytirildi. Mulk solig‘i 5 foizdan 1,5 foizga tushdi. QQS 20 foizdan 15 foizga tushdi. 2023 yil 12 foizga tushirishimiz kerak. Buning uchun ko‘p ish qilishimiz kerak. Odamlar qachon bizdan rozi bo‘ladi? Soliq yuki kamayib, daromadlarimiz oshib borsa, rozi bo‘ladi”, dey ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev 17 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Matbuot anjumanida so‘z o‘yini qilib, savol berishga chog‘langan jurnalistga “xalq nomidan gapirish huquqi yo‘qligi”ni aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

113

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing