“Qudbiyevcha agressiya”, “O‘rta asr chinovnigi”, “arzon taktika”. Jamoatchilik DSQ raisining QALAMPIR.UZ jurnalistini kamsitganini qanday baholamoqda?
Tahlil
−
18 yanvar 2022
23332“Yulduzxon, siz hali yosh qizchasiz”. Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyevning QALAMPIR.UZ muxbiri Yulduz Abdurashidovaga qarata aytgan ushbu gaplari ijtimoiy tarmoqlarda trendga chiqib, kunning muhim mavzusiga aylandi. Ayni vaqtda tarmoq foydalanuvchilari, jamoatchilik vakillari, OAV xodimlari Qudbiyevni avtoritar boshqaruv va jurnalistlarni pisand qilmaslik, har turli yo‘l bilan savoldan qochish va muammo ortidan emas, balki muammoni gapirgan muxbir ortidan tushishda ayblamoqda.
Gap shundaki, QALAMPIR.UZ muxbiri Yulduz Abdurashidova Artel, “O‘zbekiston temir yo‘llari” va “Uzbekistan Airways” kabi yirik kompaniyalarga soliq imtiyozlari berilgani natijasida davlat byudjetiga to‘lanmayotgan mablag‘lar kimning yelkasiga tushayotgani, ular nega mol-mulk solig‘idan ozod qilingani va ularning balansida qancha mol-mulk borligi haqida savol berdi. Ammo javob aniq bo‘lmagani uchun muxbir yana so‘z olib, javobdan qoniqmagani, Artel kabi korxonalarga berilayotgan imtiyozlarga izoh berilmaganini aytdi.
“Odamlarimiz nega sizning savolingizga javob bermadi deb menga yozyapti: “Artel korxonalar tizimining shoxi bormi? Kimning yelkasiga tushishini nega aytmayapti?” Ya’ni xalqimiz sizdan to‘liq, batafsil javob kutyapti”, deya yana Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyevga yuzlandi.
Shu o‘rinda, Qudbiyev, savolga javob qolib, jurnalistning xalq nomidan gapirishga haqqi yo‘qligini ta’kidlab, shunday dedi:
“Yulduzxon, siz hali yosh qizchasiz. Xalq nomidan ikki xil toifadagi odamlar gapirishi mumkin. Siz xalq nomidan gapira olmaysiz. Xalq nomidan faqat Prezident va deputat gapirishi mumkin. Sababi ularni xalq saylaydi. Boshqa odamning xalq nomidan gapirishga yuridik ham huquqiy ham haqqi yo‘q”.
Ayni holat ijtimoiy tarmoqlarda Qudbiyev va soliq organlariga nisbatan e’tirozlarni yanada orttirdi.
Okean ortida faoliyat yuritayotgan “Amerika ovozi” teleradiosi jurnalisti Navbahor Imomova ham mazkur holatga nisbatan munosabat bildirib, Qudbiyevning muxbir ayolga “qizcha” deb murojaat qilishi, kamsitish ekanini aytdi.
“Bu matbuot anjumani (hammasini ko‘rmadim) O‘zbekistonning "erkak" mutasaddilari hali ham jurnalistlardan savollarni normal qabul qila olmasligini ochib beribdi. Sherzod Qudbiyevning ayol muxbirni "qizcha" deb kamsitishi nihoyatda o‘rinsiz. Jurnalistlar bu jurnalistni quvvatlab, anjumanni qizitgani odamni xursand qildi, ayniqsa, erkak hamkasblar. Jurnalist, albatta, xalqdan eshitganlari va odamlar orasida yurib, kuzatganlarini bemalol dalil sifatida keltira oladi. Bu – ishimiz!
Iqtisod va soliqdek muhim mavzular muhokama qilinar ekan, mutasaddilar ko‘p hollarda shunday "arzon" taktikani ishga solib, konkret javobdan qochishi faqat O‘zbekistonga xos holat emas, lekin bunday tadbirlar har yerda shunday jasoratli jurnalistlar bilan ahamiyatli.
Ayol muxbirlarga, xususan yoshlarga maslahatim: hech kimga sizning jinsingizni faktor sifatida qo‘llab, ovozingizni o‘chirishi yoki ko‘tarayotgan masalangizni chetga surishiga yo‘l qo‘ymang. O‘zbekiston qonunlari jinsiy tenglikni kafolatlaydi. Ayol jurnalistlarning erkak jurnalistlardan kam joyi yo‘q, mahorat va salohiyat, qolaversa, boshqa biror jihatdan. Hukumat ham, xususiy sektor ham, nohukumat sektor ham, hech kim sizga past qaramasligi kerak. Xushmuomala va takalluf orqali diskriminatsiya orasidagi farqni anglay oling.
Soliq – iqtisodiy va ijtimoiy adolatni ta’minlashda eng muhim vazifalardan birini bajaruvchi tizim. Bu sistemani boshqarayotganlar OAV bilan muomalani joyiga qo‘ymasa, tog‘ni tolqon qilayotgan bo‘lsa ham sezilmaydi, ko‘rinmaydi.
Moliya vazirining o‘rinbosari Dilshod Sultonovning ham "birovning uyiga borsam, to‘polon qilmayman" degan bahonasi mantiqsiz. Matbuot anjumanida hech kim hech kimning uyida emas. Jurnalist qayerda bo‘lmasin, hatto, birovning uyida ham istagan savolini berishga haqli. Rasmiylarning, ayniqsa O‘zbekistonda, axloqdan dars berishga haddi sig‘ishi kulgili”, deb yozadi tajribali jurnalist Navbahor Imomova.
Bloger Qobil Hidirov esa jamoatchilikni asosiy muammodan boshqa narsaga chalg‘imaslikka chaqirdi. Shuningdek, u bundan bir yil avval DSQ raisi Qudbiyevning ijtimoiy tarmoqda o‘z xodimlarini qanday og‘ir so‘zlar bilan haqorat qilayotgani audiosi tarqalganini esladi. Davletov uni ko‘proq DSQ raisi emas, o‘rta asrlar “chinovnik”iga o‘xshatgan
“Bundan anchagina oldin, Davlat soliq qo‘mitasi raisining audiosi tarqagan edi. O‘shanda u Tepadan bo‘lgan qo‘ng‘iroq sababli o‘z xodimlarini rosa so‘kkan edi. Masala qaysidir katta tadbirkor QQS bo‘yicha vozvrat ololmagach, Tepaga telefon qilgan, Tepa qo‘mita raisiga chiqqan. Keyin qo‘mita raisi "samimiy" uzr so‘ragan edi. (Biz bu audioni kanalimizda e’lon qilmaganmiz, qadriyatlarimizga to‘g‘ri kelmaydi, deb hisoblaganmiz).
Bugun Davlat soliq qo‘mitasi raisining ommaviy axborot vositalari uchun bergan matbuot anjumani juda keskin o‘tibdi, rais umuminsoniy mezonlarda qaraganda o‘zini ancha qo‘pol tutgan. Rais davlat xizmatchisi sifatida emas, o‘rta asrlar “chinovnik”idek muomala qilgan. Bundan hamkasblarimizning dili ancha xira. Lekin biz mana shu dilxiralik ortidan asosiy temadan chalg‘imaslikni istardik.
O‘nminglab o‘zbekistonlik tadbirkorlarning tepada tanishi yo‘q, ular tepaga telefon qilolmaydi, tepa qo‘mita raisini so‘kmaydi. Chunki o‘nminglab tadbirkorlarning tankasi yo‘q, ularning saylagan deputatlari yo‘q. Ularning nomidan konstitutsiyada vakolat bergan odamlar gapira olmaydi. Yoki ularga yetishning iloji yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, yana temadan chalg‘ishni istamasdik. O‘nta matbuot anjumani bo‘lsa-da, tadbirkorlarning faoliyati yengil bo‘lib qolmaydi.
Tadbirkorlarimiz jiddiy muammoga duch kelishmoqda. Buni jurnalistlar, blogerlar bo‘rttirayotgani yo‘q, muammo jiddiy, tadbirkorlar ayyuhannos solmoqda, OAV, jurnalistlar, blogerlar shunchaki xavotirga tushayotgan, oldida jiddiy muammolar yuz kelayotganini his qilayotgan tadbirkorlar fikrlarini sal qofiyaga solib e’lon qilayapti. Muammo jurnalistlar, blogerlarda emas. Muammo tadbirkorlar uchun qariyb ilojsiz va birtomonlama joriy qilingan ma’murchilikda, uni ishlab chiqqan va joriy qilayotgan ijrochilarda. O‘zbek xalqi dono xalq, u hamma narsa o‘tkinchi ekanligini biladi, lekin yana eski nuqtadan boshlash ozgina alamli, xolos. Bizga siyosiy yechim kerak”, deb yozadi bloger.
Jurnalist Inobat Ahatova esa Facebook’dagi yozgan postida Qudbiyevning shaxsi va rahbarlik madaniyatiga murojaat qilgan. U shunday deydi:
"U o‘zi rahbarlik qilayotgan tizimni yaxshi bilmaydimi? U kibrli rahbarmi? Jurnalistlar bilan muloqotda o‘zini shunaqa qo‘pol tutsa, oddiy fuqaro bilan qanday gaplasharkin?
Sherzod Qudbiyev haqida shunday fikrga borayotganimga sabab faqat bugungi holat emas. O‘tkan yili yoshlar forumidagi uchrashuvda ham o‘zini g‘alati tutgandi.
O‘shanda u QQS haqida savol bergan jurnalistga piching qilib, uni hayp qilishda ayblagandi. Uchrashuvdan so‘ng qo‘riqchilari qurshovida jurnalistlarni nari qilib chiqib ketgan. Vaholanki, boshqa vazir, amaldor, bosh vazir o‘rinbosarlari yoshlar bilan uchrashuvga qo‘riqchi bilan kelmagan, uchrashuvdan keyin jurnalistlar bilan savol-javobdan qochmagan edi (Ortiqxo‘jayevdan boshqa). Qisqasi Qudbiyev o‘shanda ham o‘zini juda xunuk tutgan.
Bugun esa jurnalist qizning savollariga konkret javob berishning o‘rniga so‘z o‘yini qilibdi, yoshligini eslatib gapni aylantiribdi. Bu yerda maqsad aniq javobdan qochish. Keyin DSQ rahbari o‘zining sohasini chuqur, tizimli bilmaydiganga o‘xshaydi, jurnalistlar bilan muloqot ko‘nikmasi ham yetishmaydi. Bo‘lmasa u bunaqa maydalashib, ortiqcha gapni cho‘zmasdi. Savol konkret: "Nega Artel (shunga o‘xshash yuzlab kompaniyalar)ga soliq imtiyozi berilyapti?". Aniq javob kerak bu yerda, sohaga mas’ul mutasaddining izohi!
Moliya vaziri o‘rinbosarining Qudbiyevga advokatlik qilib "Birovning uyiga borsam to‘palon qilmayman" deyishi juda ortiqcha. Jurnalistlar sizning uyingizda emas, ular shaxsiy muammosini ko‘tarib kelmagan. Xalq puliga qilingan bino, maosh, xizmat mashinasida yurib bunday deyishga haqli emassiz. Vazifangiz ular savoliga javob berish, yuz marta izoh so‘rasa, kerak bo‘lsa yuz marta.
Oxirgi gap: yig‘ishtiring mayda gap, so‘z o‘yinini. Aniq javob, izoh bering soliq tizimidagi imtiyozlar nega kerak, birovning imtiyozi boshqaga yuk bo‘lib tushmaydimi? Nega hamma bir xil soliq to‘lamasligi kerak? Artel, Akfa, Amirsoy, To‘palang va hovazo kompaniyalarning shoxi bormi?”
Adliya vazirining maslahatchisi va bloger Shahnoza Soatovaning yozishicha, matbuot anjumanida DSQ o‘z oldiga qo‘ygan vazifasini bajara olmagan. U DSQ raisi Qudbiyevni jurnalistning so‘zlarini konteksdan uzib talqin qilishda aybladi.
“Bugungi matbuot anjumani o‘z oldiga qo‘ygan vazifani bajara olmadi, DSQ o‘zini tushuntirolmadi, aksincha, raisi aytgan so‘zlar xayp bo‘lyapti.
Avvalo, janob Qudbiyev jurnalistning so‘zlarini kontekstdan uzib talqin qildi. Jurnalist o‘ziga kelgan savollarni o‘qib: "Bu mening gapim emas, xalqning gapi" dedi, kontekstda "mening gapim emas, odamlar so‘rayapti" degan ma’noda kelyapti. Uni uzib olib xalq nomidan gapirma deyish – so‘z o‘yini, savolga javob bermaslik asli. Bir so‘raganda javob bermay, qayta so‘ralganda yana so‘z o‘yini qilish omma oldiga chiqqan odamning ommaga nisbatan qo‘polligi deb talqin qilinishi mumkin.
Xalq xalq bo‘lib borib savol so‘rashidan qo‘rqish kerak aslida.
Umuman olganda, bugungi matbuot anjumanini maqsadli auditoriya bilan muloqot deb bo‘lmaydi. YouTube’da jonli uzatuv payti aynan shu soliqlar boshiga tushgan tadbirkorlar sharhlarda yozib qoldirgan savollarga javob berish kerak. Tadbirkorlar, iqtisodchilar bilan muloqot qilish kerak. Soliq sxemalarini hamma jurnalistlar ham tushunib, zarur savolni bera olmasligi mumkin. Shunga “asosiy masala qolib…” deb boshlanuvchi ta’nalarga ham qo‘shilmayman. Chunki tadbirda asosiy masala haqida kam gapirildi, tadbirkorlarning Kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlar to‘g‘risidagi noroziliklari fokusda turmadi, leytmotiv bo‘lmadi.
Boshqattan boshqa muloqot kerak, maqsadli auditoriya bilan”, deb yozadi bloger.
Bloger Bahodir Ahmedovga ko‘ra, DSQ raisi Sherzod Qudbiyev ayol jurnalistlarga nisbatan birinchi marta bunday qo‘pollik qilayotgani yo‘q. Bloger bu holatga "Qudbiyevcha agressiya" deya ta’rif bergan.
“Savoldagi butun mamlakat tadbirkorlarini qiynab kelayotgan muammo qolib juz’iy bir masalaga o‘ralashish degani shu bo‘ladi.
Meni nazarimda:
• Artel haqida og‘riqli savol bo‘ldi;
• Rais javob bermadi (qo‘rqdi shekilli);
• Jurnalist qiz yana qayta so‘radi, masala yuzasidan aloqador shaxslarni xalq deb aytib yubordi;
• Rais "tarvuz qolib, uni bandi haqida gapirib ketdi" va buni madaniy-agressiv tarzda amalga oshirdi;
• Anovi jurnalist bratan erkakligi tutdi va qiz bola hamkasbini yonini oldi (men ham shunday qilgan bo‘lardim). Respekt!
Qudbiyev qo‘pol ko‘rinishda ayol jurnalistlarga e’tiroz bildirishi birinchi marta emas”, deb yozadi Ahmedov.
Bloger Zafarbek Solijonov esa "yosh qizchasiz" deya yosh senziga urg‘ulashi noprofessionallik ekanini urg‘uladi.
“Konstitutsiyaning 10-moddasini oxirgi vaqtlar ayrim mansabdorlar noto‘g‘ri talqin qilmoqda. Unda "O‘zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan Respublika Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkin" deyilgan. Ish olib borish huquqi, vakolatlari esa konstitutsiya va boshqa qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan.
Bu yerda siyosiy partiya, jamoat birlashmasi, ijtimoiy harakat yoki alohida shaxsning xalq nomidan gapirishi, savol berish mumkinmasligi nazarda tutilmagan. Xudo ko‘rsatmasin, kuni kelib shu hududda bir mansabdor va bir fuqaro qolsa ham o‘sha fuqaroda xalq nomidan savol berish huquqi qoladi. Jurnalistda esa axborot olish uchun davlat organlari mansabdorlariga murojaat etish huquqi mavjud.
Artel haqidagi savol esa dolzarbligicha qolgan. Bir tarafga yengillik berilishi o‘z-o‘zidan ikkinchi tarafga yuk tashlaydi – buni hisoblashga katta kalla kerakmas. Artel’ning soliq to‘lashi kamida tenglik prinsipi ishlayotganini ko‘rsatadi. Qolgan soliq to‘lovchilar yukiga ham ta’sir o‘tkazadi.
Qudbiyevning "yosh qizchasiz" deya yosh senziga urg‘ulashi noprofessionallik hisoblanadi. Bu bizdagi ayrim kattalarga tekkan kasallik. Jud ko‘pi "kozir" sifatida ikkinchi tarafning fikrini yo‘qqa chiqarishda shu uslubdan foydalanadi. Mansabdorga yarashmaydigan xususiyat.
Kamiga jurnalist bunday yig‘ilishlarga o‘zining shaxsiy ishi uchunmas, o‘sha siz-biz chiqqan, vaqt va boshqa resurslari cheklangan xalqning og‘zi sifatida savol berish uchun boradi. Imkoniyat. Yonidagi Moliy vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov esa "birovning uyi" deb gapirmasin. Tagida o‘tirgan stul ham xalqning umumiy mulki, soliqlari evaziga sotib olingan”, deb yozmoqda bloger Zafarbek Solijonov.
Ayni vaqtda mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokama qilinmoqda. Hozirgacha Davlat soliq qo‘mitasi yoki Moliya vazirligi holat bo‘yicha bayonot bergani yo‘q.
LiveBarchasi