Sobiq Prezidentga o‘zbeklar bilan bog‘liq voqea bo‘yicha jinoiy ish ochilishi mumkin
Olam
−
18 aprel 2021
64408Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning ko‘rsatmasiga binoan, joriy yilning 15 aprelida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining 304-moddasi 4-qismi (suiste’mol qilish) bo‘yicha jinoiy ish tergovini davom ettirdi. Qirg‘izistonning Bakiyevdan keyingi muvaqqat hukumati mansabdorlariga qarshi jinoiy ish 2010 yil may-iyun oylarida Respublikaning janubida ayanchli oqibatlarga olib kelgan voqeaning sababchilaridan biri bo‘lgan Qodirjon Botirovning mamlakat tashqarisida to‘siqsiz noqonuniy harakat qilishini osonlashtirgani uchun qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabar bermoqda.
“Sudgacha bo‘lgan jarayonlar davomida 2010 yil may-iyun oylarida O‘sh va Jalolobod viloyatlarida tartibsizliklar boshlanishiga yo‘l ochib bergan sabablar tekshiriladi, shuningdek, fojiali hodisalarni oldini olish uchun tegishli choralarni ko‘rmagan muvaqqat hukumat a’zolari, kuch tuzilmalari rahbarlari va mintaqaviy darajadagi mansabdor shaxslarning harakatlariga sudning qarori bilan huquqiy baho beriladi”, deyiladi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotlarida.
Ma’lumot uchun, Bakiyevdan keyin Qirg‘izistonni muvaqqat Prezident sifatida Roza Otunbayeva boshqarayotgandi.
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ushbu jinoyat ishi tergovining borishi va natijalari hamda u bo‘yicha qabul qilingan protsessual qarorlar to‘g‘risida tezkor ravishda jamoatchilik xabardor qilinishini qayd etgan.
2016 yilda Qirg‘izistonda sirtdan sudlangan tadbirkor Qodirjon Botirov intervyuda Qirg‘izistonni eks-prezident Roza Otunbayeva tavsiyasi bilan tark etganini aytgan edi.
“20 may kuni ertalab men Jaloloboddan jo‘nab ketdim. Ochiq aytaman, hech kim menga tahdid qilmadi. Roza Otunbayevaning iltimosini menga Ismoil Isoqov [Muvaqqat hukumat Mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi], Bakit Alimbekov [Muvaqqat hukumat Ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi] va Alisher Sobirov [2007 yilgacha, Ak-Jol partiyasi siyosiy kengashi a’zosi, 2010 yil iyun voqealaridan keyin Qirg‘izistondan qochib ketgan] yetkazdi”, degandi u.
Botirov aytganidek, Muvaqqat hukumat a’zolarining iltimosiga binoan, u Tojikiston bilan chegaradagi Qayroqqum suv omborida bo‘lgan. U yerdaligi payti Botirov doimiy ravishda o‘sha davrdagi Muvaqqat hukumat apparati rahbari Emilbek Kaptagayev bilan aloqada bo‘lgan.
“Men mamlakatdan ketishimdan oldin Bishkekka ikki marta kelganman. Roza Otunbayeva bilan ikki-uch marta va Almazbek Atamboyev bilan ikki-uch marta suhbatlashdim”, deydi Botirov.
Tadbirkorga ko‘ra, u mamlakatdan chiqib ketganidan keyin o‘ziga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
“Ular hujumni men universitetda [Jalol-Oboddagi Xalqlar Do‘stligi Universiteti] uyushtirganimni da’vo qilishdi. Aslida hujumni uyushtirganlar “qahramonlar” bo‘lib chiqdi. Keyin bilsam, Muvaqqat hukumat a’zolari – [Ismoil] Isoqov va [Azimbek] Beknazarov – Bakiyevlar bilan suhbatlashishgan va bu mojaroni oldindan rejalashtirishgan”, deydi Botirov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonni 2010-2011 yilllarda vaqtincha boshqargan sobiq Prezident Roza Otunbayeva Prezident Sadir Japarov va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Toshiyevga qora qutini (2010 yilning aprel-iyun oylarida Qirg‘izistonda yuz bergan voqealar nazarda tutilgan – tahr.) ochmaslik haqida maslahat bergandi.
Otunbayevaga ko‘ra, 2010 yil 7 aprel kuni Qirg‘izistonda yuz bergan inqilob mamlakatning o‘sha vaqtdagi Prezidenti Kurmanbek Bakiyev olib borgan adolatsiz siyosatning mevasi edi.
2010 yildagi Qirg‘iziston voqealari va o‘zbeklar
Ko‘plab manbalarda 2010 yil may-iyun oylarida Qirg‘izistonning janubida yuz bergan ayanchli voqealardan, asosan, o‘zbek millatiga mansub aholi jabr ko‘rgani aytiladi. Negaki, O‘sh va Jalolobod viloyatlari aholisining katta qismini o‘zbeklar tashkil qiladi. Tartibsizliklar payti voqea joyida bo‘lgan ko‘plab qirg‘izistonliklar ushbu ikki hududdagi yirik bosqinni bevosita millatchilik bilan bog‘lashadi.
2010 yilgi voqealarda O‘sh va Jaloloboddagi o‘zbeklarning uylari vayron qilingan, odamlar tiriklayin yoqilgan. Hattoki, beshikdagi bolalarga ham rahm qilinmagan. Bu voqealarga Qirg‘iziston armiyasi va boshqa kuchishlatar tuzilmalari ham qarshilik qila olmagan. Oqibatda hududdagi minglab o‘zbeklar Qirg‘izistonning O‘zbekiston bilan chegarasiga najot izlab kelgan. O‘zbekistonning o‘sha vaqtdagi Hukumati ular uchun Andijon viloyatida vaqtinchalik maxsus lagerlar tashkil qilgan.
LiveBarchasi