Sobiq Prezident ham Amerika vizasiga muhtoj bo‘ldi
Olam
−
31 yanvar 2023
9297Braziliyaning sobiq prezidenti Jair Bolsonaro olti oylik AQSH sayyohlik vizasi uchun murojaat qildi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, saylovlarda mag‘lubiyatga uchragan Bolsonaro 30 dekabrdan beri AQSHning Florida shtatida yashab kelmoqda. AQSHga diplomatlar va davlat rahbarlari uchun beriladigan A-1 vizasi bilan borgan Bolsonaroning mamlakatda qolish muddati 30 kundan keyin tugaydi. Shuning uchun u mamlakatda uzoqroq qolish maqsadida B1/B2 sayyohlik vizasiga ariza topshirgan.
Sobiq prezidentning advokati Felipe Aleksandrning aytishicha, umrining 34 yilini davlat xizmatiga bag‘ishlagan Bolsonaro bir oz dam olishni xohlaydi.
“Janob Bolsonaro keyingi qadami nima bo‘lishini hal qilishdan oldin bir necha oy davomida Amerika Qo‘shma Shtatlarida sayyoh bo‘lishdan zavqlanishga umid qilmoqda”, dedi Felipe Aleksandr.
Biroq Braziliyada shu oy boshida tartibsizliklar sodir bo‘lgani va namoyishchilar muhim hukumat binolariga bostirib kirganidan keyin unga qarshi tergov harakati boshlangan. Bolsonaro tartibsizliklar uchun afsusdaligini bildirgan, ammo bu ishga o‘z aloqasi borligini rad etgan. Bunga qaramasdan, Braziliyada Bolsonaroning saylovlar soxtalashtirilgani haqidagi asossiz da’volar tufayli namoyishlar avj olgani aytilmoqda.
Vashingtondagi demokrat qonunchilar ham Bolsonaroning AQSHda qolishini istamayapti. Shu oy boshida o‘nlab kongressmenlar prezident Jo Baydenga maktub yuborib, undan Bolsonaro ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday diplomatik vizani bekor qilishni so‘ragan.
“Amerika Qo‘shma Shtatlari unga yoki demokratik institutlarga qarshi bunday zo‘ravonlikni ilhomlantirgan har qanday avtoritarga boshpana bermasligi kerak”, deb yozgan kongressmenlar.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Braziliyadagi namoyishlarni qo‘llab quvvatlagan shaxslarning akkauntlarini bloklamagani uchun Telegram jarimaga tortilgan edi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi