“Sobiq “Bobur” bog‘ining bir santimetri ham quruvchilarga o‘tib ketmagan”. Mas’ullar bog‘ haqida fikr bildirdi
Jamiyat
−
07 iyun 2023 6931 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqda turli bahs-munozaralarni keltirib chiqargan “Do‘stlik (sobiq “Bobur”) bog‘idagi yashil hudud noqonuniy tartibda o‘zlashtirilib, bino qurilayotgani haqidagi ma’lumotlar yuzasidan mutaxassis hamda jamoatchilik faollari tanqidiy fikr bildirib chiqqandi. Mazkur voqelikka Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Matbuot xizmati batafsil munosabat bildirdi.
Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi boshliq o‘rinbosari Shavkat Do‘stmuhammedovning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqda aks etgan bog‘ning chegara hududi bilan bog‘liq suratlar asosga ega emas. Shuningdek, munosabatda Yakkasaroy tumani Bratislava 2A uy manzilida joylashgan “S.” qahvaxona binosining biznes markaz va mehmonxona sifatida ixtisoslashtirib, rekonstruksiya qilinishda qoidabuzarlik alomatlari aniqlanmagani aytilgan.
“Do‘stlik” bog‘i rahbari Iroda Yusupovaning aytishicha, noqulay ob-havo, yog‘ingarchilik tufayli quruvchi tashkilot tomonidan qurilish muhofaza hududi bo‘lgan devorni surib qo‘yishiga to‘g‘ri kelgan.
“Biz Yakkasaroy tuman hokimligi bilan birgalikda kelib, yozma ravishda belgilab qo‘ydik. Holat bo‘yicha park hamda quruvchi tashkilot bilan aniq vaqt davomida ishlaydigan shartnoma tuzib olindi. Unga ko‘ra, o‘sha hudud qurilish tashkiloti tomonidan qayta tiklab beriladi. Bog‘ oldin qanday bo‘lsa, ya’ni 12,3 gektar bo‘lsa, xuddi shu hajmda qolgan. Bizdan bir santimetr ham quruvchilarga o‘tib ketmagan. Kadastr xodimlari kelib tekshirganda ham qurilish ruxsat berilgan hududdan chiqmagan holda amalga oshirilganini aniqlashdi”, deydi bog‘ rahbari.
Bundan tashqari, mazkur ob’ekt texnik nazoratchisi ham yuqorida aytilgan sabablar bilan qurilish hududi bog‘ hududidan 7-8 metr ichkarida ekanligini, bog‘ hududida kirilmaganini aytgan.
Shu jumladan, munosabat so‘nggida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi Matbuot xizmati bunday surishtiruvlarni xolis va haqqoniy olib borayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Live
Barchasi