Muzrabotning sobiq hokimiga jinoiy ish qo‘zg‘atildi
Jamiyat
−
02 noyabr 2022
8851Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanining sobiq hokimi Erkin Alimovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning sentyabr oyida lavozimidan ozod qilingan Alimovga nisbatan DXX Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 167, 205 va 209-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov harakatlari davomida ma’lum bo‘lishicha, u mazkur tumandagi umumiy qiymati 1,7 milliard so‘m bo‘lgan 4,2 gektar yer maydonini auksion savdolarisiz o‘zining yaqin qarindoshlariga rasmiylashtirib bergan.
Shuningdek, tumandagi banklar uning yaqin qarindoshlari nomlariga turli maqsadlarda 166 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratgan bo‘lib, ularning katta qismi muammoli kreditga aylangan. Hozirda bank muassasalari tomonidan o‘z vaqtida to‘lovlari amalga oshirilmagan 121 milliard 406 million so‘mlik kredit mablag‘larini undirish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, “Surxondaryodonmahsulotlari” AJda olib borilayotgan taftish davomida aniqlanishicha, Erkin Alimovning ishtirokida qiymati 35 milliard so‘mlik 9,6 ming tonna don talon-toroj qilingan. Alimov 2010-2017 yillarda ushbu Jamiyat rahbari lavozimida faoliyat olib borgan.
Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda va jinoyat ishi bo‘yicha Jamiyatning 20 dan ortiq mas’ul-mansabdor shaxslari tergov harakatlariga jalb qilingan va ular sobiq hokimning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan ko‘rsatmalar bermoqda.
LiveBarchasi