“Snos”ni tartibga soluvchi qonun ishlab chiqildi
Jamiyat
−
23 noyabr 2021
7921O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasini ko‘rib chiqishni boshladi. Bu haqda quyi palata a’zosi Rasul Kusherboyev ma’lum qildi.
Deputatning yozishicha, qonun loyihasi hozircha 42 moddadan iborat shaklda kiritilgan. Unda jismoniy va yuridik shaxslarga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish, ijara huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkasi yoki uning bir qismini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish hamda ushbu yer uchastkasi va unda joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlarining huquq egalariga kompensatsiya berish tartib-taomillarini belgilash nazarda tutilgan.
Ushbu Qonun jismoniy va yuridik shaxslarga xususiy mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan, shuningdek davlat organlari va tashkilotlarining doimiy foydalanishida bo‘lgan yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmasligi ko‘rsatilmoqda.
“Nihoyat “snos” masalasi qonunosti hujjati emas, qonun orqali tartibga solinadigan bo‘lmoqda. Bu manfaatlar to‘qnashuvi sharoitida yaxshi qadam”, deydi deputat Kusherboyev.
Ma’lumot uchun, 2022 yilda jismoniy va yuridik shaxslarning "snos"ga tushgan mulkini kompensatsiya qilish uchun Davlat byudjetidan 500 mlrd so‘m ajratish rejalashtirilmoqda.
LiveBarchasi