“Snos”ga tushgan uyning narxi qanday aniqlanadi?

Jamiyat

Poytaxt Toshkent ko‘chalarini kezar ekansiz, har tomonda qurilish ishlari olib borilayotganiga ko‘zingiz tushadi. Bugun nafaqat poytaxt balki, barcha viloyat va shahar markazlarida qurilish va qayta ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ammo bu qurilishlar keng ko‘lamli “snos” kampaniyasi bilan birga olib borilmoqda.

Fuqarolar orasida “snos”ga tushgan mulk uchun to‘lanayotgan kompensatsiya buzilayotgan mulkning qiymatiga nisbatan kamligi haqida gap-so‘zlar tarqalmoqda. Fuqarolar orasida keng muhokamaga sabab bo‘layotgan mazkur holat qanchalik to‘g‘ri? O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Nodir Tillayev ushbu holatga izoh berdi.

“Bilasizmi, bozor shunday narsaki, unda talab bor, taklif bor. Barcha bozor mexanizmini qaraydigan bo‘lsak, tovar har doim ham sotuvchi tomonidan taklif qilingan narxda sotilmaydi. Bozorda muayyan paytda narx ko‘tariladi va pasayadi. Biror shaxs [o‘z mulkini] boshqacha qiymatda deb o‘ylashi bilan bozorda u narxda hech kim sotib olmasligi mumkin-ku. 

Siz mulkingizga narx qo‘yishingiz mumkin. Aytaylik 500 mln yoki 1 mlrd, bu sizning huquqingiz. Lekin uni shu narxda kimdir sotib oladimi? Qachonki o‘sha narxda sotib olinsa, bozor qiymati paydo bo‘ladi. Ya’ni, qo‘yilgan narxda mulk sotib olinmaguncha, u bozor qiymati bo‘lmaydi. Masalan, yirik narx qo‘ydingiz, sotilmagandan keyin, albatta, narxni tushirasiz. Mulkingizga xaridor chiqib, u siz aytgan narxga sotib olish uchun rozi bo‘lsa va oldi-sotdi amalga oshirilsa, shundan keyingina bozor qiymati paydo bo‘ladi”, deydi Nodir Tillayev. 

Tillayevning aytishicha, ko‘chmas mulkni baholashning o‘ziga yarasha metodlari bor. Ya’ni bir qancha bandlardan iborat solishtirish metodologiyasi mavjud. Masalan, muayyan bir joyda bozor qiymati shakllanmagan bo‘lsa, ammo o‘sha yerga yaqinroq joyda shakllangan bozor qiymati mavjud bo‘lsa, bunday holda mulklarni solishtirish orqali uning qiymati hosil qilinadi. U so‘zida davom etarkan, sarflangan mablag‘ orqali ham ko‘chmas mulkning bozor qiymati hosil qilinishini ma’lum qildi.

“Yana bir narsa bor, sarflangan mablag‘larda kelib chiqib qiymatni belgilash. Shunday joylar borki, u yerda bozor qiymati shakllanmagan, uylarning oldi-sotdisi amalga oshirilmagan bo‘lishi mumkin. Bozor qiymati bilan solishtirish yo‘li orqali narxni belgilash imkoni bo‘lmagan paytda sarflangan xarajatlarni hisoblash natijasida ko‘chmas mulkning bahosi chiqariladi. Sodda qilib aytganimizda esa nechta g‘isht ishlatilgan, “fundament”ga qancha sement ketgan, qancha armatura, qancha tosh ishlatilgan va bugun ularning bozordagi narxi qanchaligi hisoblab chiqiladi. Bu esa fuqaroning o‘ylagan narxidan past bo‘lishi ham, yuqori bo‘lishi ham mumkin”, deydi Tillayev.

Avvalroq, endilikda uyi “snos”ga tushgan fuqarolarga faqatgina ko‘chmas mulkning qiymatiga teng mablag‘ berilishi haqida xabar bergandik.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

172

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing