Skills pasporti nima va uning mehnat muhojirlariga qanday foydasi bor?

Intervyu

image

Avval xabar berganimizdek, Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik muhojirlarni kasb-hunarga o‘qitish, muvaffaqiyatli bitiruvchilarga Skills pasporti berilishi belgilandi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “Kambag‘al va ishsiz aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.

Xorijdagi fuqarolarni o‘qitish qay tartibda amalga oshirilishi, Skills pasportlarining qanday foydasi borligi yuzasidan qaror ijrosi uchun javobgar bo‘lgan Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Matbuot kotibi bilan suhbatlashdik.

– Mehnat muhojirlarini qaysi kasbga o‘qitishni O‘zbekiston belgilaydimi yoki ish beruvchilar so‘roviga ko‘ra o‘qitiladimi?

– Bizda Rossiyada qaysi kasb egalariga talab yuqoriligi monitoring qilinadi. Ayni paytda g‘isht teruvchilar, kran bilan ishlaydiganlarga talab yuqori. Lekin bizda bunday odamlar o‘zimizda ham kam. Biz o‘qitish vaqtida mana bu kasbga talab yuqori, o‘rgansangiz maoshi yuqori bo‘ladi yeb taklif berishimiz mumkin.

Ammo fuqarolarning fikri, qiziqishi inobatga olinadi. Ba’zilarga faqat til yoki patent olish uchun qonunchilikni o‘rganish kerak bo‘ladi.

– Skills pasportlar nima va nega kerak?

– Har bir kasbning dunyo standarti bor, faqat Rossiyada emas. Hozir o‘sha tashkilotning Rossiyadagi ittifoqi haqda gap ketyapti. Bizda kollejni bitirgan, “Oshpaz” degan diplomi bo‘lishi mumkin. Lekin odatda ular buni qabul qilmaydi va ishchi oshpazlik standartlari bo‘yicha yetarli bilimga ega emas deyishadi. Skills pasporti bo‘lsa, tan oladi. Qoidasi bo‘yicha bu butun dunyoda tan olinishi kerak bo‘lgan standart.

– Bunday pasportlarni olgan odamlarga Rossiyada yengilliklar bo‘ladimi?

– Yaqindam ham Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi qancha odamni ishga joyladi, degan e’tiroz bo‘ldi. Pandemiya davrida Qozog‘istonga 33 nafar, Rossiyaga 144 nafar, Koreyaga 31 nafar fuqaro ketdi. Yana 100 ga yaqini Rossiyaga ketadi. Bundan tashqari, Qozog‘iston 1,5 ming va Rossiyaning Amur viloyati 4,2 ming o‘zbekistonlikni ishga olishga tayyor. Bu ko‘pmas, albatta. Ularning ko‘pchiligi tanishi orqali ishlayveradi. Bizga ehtiyoji yo‘q. Labormigration.uz saytimiz bor. Bu Rossiyaning “Rabota v Rossii”degan bo‘sh ish o‘rinlari portaliga integratsiya qilingan. Hozir u yerda 1 millonga yaqin vakansiya bor.

Ish topishning yana bir yo‘li biz orqali. Bunda biz ish beruvchi bilan patent, transport , kasal bo‘lsa davolash xarajatlari qanday bo‘lishi bo‘yicha shartlarni kelishamiz. Amurdagi gazni qayta ishlash sohasidagi ish beruvchilar hammasini bo‘yniga olyapti. Ularga 4,2 ming ishchi kerak. Bular tratibli ish beruvchilar. Noinsof, aldagan ish beruvchilar ham bor. Amurdagi ish beruvchilar 4,2 ming fuqaroni ishlatib ko‘radi, ma’qul bo‘lsa, yana ko‘paytirishi ham mumkin.

– Rossiyada qancha rasmiy va norasmiy o‘zbekistonlik migrant bor?

– Buni aniq aytishim qiyin. Mendagi ma’lumotlar faqat uchinchi tomonni statistikasiga tayangan. Sababi O‘zbekistonda chegarada ishga, o‘qishga, sayohatga ketayotganni alohida ro‘yxatga olish, hisobini yuritish degan narsa yo‘q. Biz Rossiyada bir yilda qancha odam patent olganiga qaraymiz. Ularning qanchasi o‘zbekistonik, qanchasi tojikistonlik... Bizda Rossiya IIVning ma’lumotlari. 1-2 million deyishadi. Patent olmay ishlaydiganlar ham bor. Shu sababdan aniq raqam aytish qiyin. Masalan, Koreyaga qancha odam ketganini taxmin qilish mumkin, chunki tartibli ketadi.


Maqola muallifi

Teglar

migrant Skills pasport

Baholaganlar

145

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing