“Siti” “Real” prezidentligiga nomzodni sudga bermoqchi
Sport
−
04 iyun 1296 2 daqiqa
“Manchester Siti” klubi norvegiyalik hujumchi Erling Holandning surati va nomidan “Real Madrid” prezidentligiga nomzod Enrike Rikelmening saylovoldi kampaniyasida foydalanilgani uchun sudga murojaat qilmoqchi. Bu haqda jurnalist Fabritsio Romano ma’lum qildi.
Romanoning yozishicha, Rikelme saylovoldi dasturida Holand nomi tushirilgan futbolkada chiqish qilib, saylovda g‘alaba qozonsa, norvegiyalik futbolchi bilan shartnoma imzolashga va’da bergan. Bunga javoban “Manchester Siti” mazkur da’voni rad etgan.
“Buning sodir bo‘lish ehtimoli yo‘q. Shartnomada bunday transferga ruxsat beruvchi band mavjud emas. Shuningdek, futbolchimiz imijidan mazkur kontekstda foydalanilgani yuzasidan sudga murojaat qilish masalasini ko‘rib chiqmoqdamiz”, deyiladi klub bayonotida.
Saylovoldi chiqishi davomida Rikelme Joze Mourino uning rahbarligida “Real Madrid” bosh murabbiyi bo‘lmasligini ham ta’kidladi.
“U bizning loyihamizga mos kelmaydi. Men boshqa murabbiyni nazarda tutyapman”, deydi Rikelme.
25 yoshli Erling Holand 2022 yildan buyon “Manchester Siti” safida to‘p surib kelmoqda. U jamoa bilan Chempionlar ligasi, ikki marta Angliya chempionligi, ikki marta Angliya Kubogi, shuningdek, Angliya Liga kubogi sohibi bo‘lgan.
Maxlumot uchun, “Real Madrid” prezidentligiga saylov joriy yilning 7 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Amaldagi prezident Florentino Peres ham mazkur lavozim uchun kurash olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fabritsio Romano portugaliyalik mutaxassis Joze Mourino Ispaniya klubi bilan kelishuvga erishgani va kelasi mavsumdan jamoani boshqarishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.