“Siti” muxlislari Holanddan sochlarini zudlik bilan o‘stirishni talab qilmoqda
Sport
−
10:57 920 1 daqiqa
Bugun, 23 avgust kuni “Manchester Siti” jamoasi Premer-liganing yangi mavsumi dastlabki turida “Bornmut”ga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuvda yangi soch turmagida ko‘rinish bergan Erling Holand muxlislar tanqidlariga sabab bo‘ldi.
Uchrashuv oldidan Holand o‘zining mashhur uzun sochlarini qisqartirib, yangi imidj bilan muxlislarni hayratda qoldirgan edi.
“Etixad”dagi bahsda norvegiyalik hujumchi asosiy tarkibda maydonga tushdi, ammo vaziyatlardan unumli foydalana olmadi.
“Manchester Siti” Mark Gexi va Yoshko Gvardiolning gollari evaziga 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Biroq Holandning gol ura olmagani muxlislarning e’tiboridan chetda qolmadi.
Uchrashuvdan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda “Siti” muxlislari Holandning samarasiz o‘yini haqida hazillashib, uning yangi qiyofasini sabab sifatida ko‘rsatishdi. Hatto muxlislardan biri norvegiyalikni Rapunselga qiyoslab, u sochlari bilan birga “sehrli kuchini” ham yo‘qotganini ta’kidladi. Boshqalar esa hujumchini imkon qadar tezroq eski soch turmagiga qaytishga chaqirdi.
Holandning bir vaqtlar Zlatan Ibragimovichdan maslahat olgani haqidagi hikoya ham ushbu hazillarni yanada ommalashtirdi. Norvegiyalik futbolchining aytishicha, afsonaviy shved unga: “Hech qachon sochingni olma, chunki kuch sochda”, deb maslahat bergan.
Ma’lumot uchun, navbatdagi turda “Manchester Siti” joriy yilning 28 avgust kuni “Kristal Pelas” maydoniga safar qiladi.
Live
Barchasi