“Siti” egalari klubni sotishga majbur bo‘lishi mumkin

Sport

−

image

Angliyaning Mustaqil futbol regulyatori (IFR) rahbari Devid Kogan “Manchester Siti” klubi moliyaviy qoidabuzarliklar bo‘yicha apellyatsiyada mag‘lub bo‘lsa, tashkilot uning egalarini klubni sotishga majburlash vakolatiga ega ekanini ma’lum qildi. Bu haqda Kogan “The Rest Is Football” podkastidagi suhbat chog‘i so‘z ochdi.

Avvalroq, Angliya Premer-ligasi mustaqil komissiyasi “Manchester Siti”ni 2009-2010 yildan 2017-2018 yilgacha bo‘lgan mavsumlarda moliyaviy qoidabuzarliklar bilan bog‘liq ayblovlarning bir qismi, shuningdek, tergov bilan hamkorlik qilmaslik bo‘yicha ayblovlarning aksariyati yuzasidan aybdor deb topganini tasdiqlagan edi. Jazo chorasi alohida muhokamada belgilanishi kerak.

Klub o‘z aybsizligini ta’kidlab kelmoqda va joriy yilning 2 oktyabr kuni qaror yuzasidan apellyatsiya shikoyati berdi. Koganning aytishicha, apellyatsiya jarayoni yakunlanmasdan turib, qandaydir chora ko‘rish haqida gapirishga erta. Biroq uning so‘zlariga ko‘ra, IFR klub egalaridan boshqaruvni tark etishni talab qilish vakolatiga ega bo‘lishi mumkin.

“Agar klub egasi biznesni to‘g‘ri, adolatli va vijdonan boshqarmayapti, deb hisoblasak, biz uni boshqaruvdan ketishga majburlash vakolatiga egamiz”, deydi Kogan.

2023 yil fevral oyida Premer-liga “Manchester Siti”ga nisbatan ko‘plab ayblovlarni e’lon qilgan edi. Ular orasida 2009-2010 yildan 2017-2018 yilgacha bo‘lgan davrda moliyaviy ma’lumotlarni noto‘g‘ri taqdim etish, murabbiylar va futbolchilarga to‘lanadigan mukofot pullari haqida to‘liq ma’lumot bermaslik, shuningdek, UEFA’ning litsenziyalash va moliyaviy feyr-pley qoidalari hamda Premer-liganing daromadlar va barqarorlik talablariga rioya qilmaslik kabi holatlar bor.

Ma’lumot uchun, “Manchester Siti” 2008 yildan buyon shayx Mansurga tegishli. U klubni o‘zining investitsiya tuzilmasi – Abu Dhabi United Group orqali sotib olgan. 2013 yilda jamoa City Football Group (CFG) tarkibiga kirgan. Shayx Mansur egaligi davrida “Manchester Siti” Angliya Premer-ligasida sakkiz marta, Angliya Liga kubogida yetti marta, Angliya kubogida to‘rt marta va Chempionlar ligasida bir marta g‘olib bo‘lgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing