Sisi Yaqin Sharqda yangi frontlar ochilishidan ogohlantirdi
Olam
−
17 yanvar
7676Yaqin Sharqda kuchayib borayotgan ziddiyat oqibatida bir vaqtning o‘zida bir nechta frontlar paydo bo‘lishi mumkin. Bu ogohlantirishni Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi Qohirada Gretsiya Tashqi ishlar vaziri Georgios Gerapetritisni qabul qilganida aytib o‘tdi.
"Mintaqadagi harbiy kuchayish bir necha frontda kechishi mumkin", deb iqtibos keltiradi Misr rahbarining rasmiy vakili Ahmad Fahmi o‘zining Facebook sahifasida.
Bunday ssenariyning oldini olish uchun as-Sisi G‘azoda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga va “gumanitar inqiroz oqibatlarini yumshatish uchun” anklavga insonparvarlik yordami yetkazishga chaqirgan.
“Misr G‘azoga gumanitar yuklarni yetkazib berish va mintaqadagi keskinlikni kamaytirish uchun barcha sa’y-harakatlarni davom ettiradi", deya qo‘shimcha qilgan Prezident.
Qayd etish joizki, G‘azoda Isroil va HAMAS o‘rtasida urush boshlanganidan beri butun mintaqada vaziyat keskinlashgan. Bir tomonda, Yamandagi husiylar Qizil dengizdagi savdo kemalariga hujum qilayotgan bo‘lsa, boshqa tomonda Livandagi “Hizbulloh” Isroilga qarata tez-tez havodan zarba bermoqda. Bundan tashqari, Iroq va Suriyadagi AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaning harbiy bazalariga Eronga aloqador deb aytiladigan guruhlar hujum qilmoqda. So‘nggi kunlarda vaziyat yanada jiddiylashdi. AQSH Yaman hududiga, Eron esa Suriya, Iroq va Pokiston hududiga zarba berdi.
Ma’lumot uchun, Gretsiya Tashqi ishlar vaziri Georgios Gerapetritis bugun, 17 yanvar kuni Misrga keldi. Bungacha u Iordaniyada qiroli Abdulla II, shuningdek, iordaniyalik mavqedoshi Ayman as-Safadiy bilan uchrashgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Isroil Gaagadagi Xalqaro sudning yig‘ilishida Misrni G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami kelishiga to‘sqinlik qilishda aybladi. Rasmiy Qohira o‘ziga qarshi ayblovlarni yolg‘on deb atadi
LiveBarchasi