Sirtqi ta’limga qabul butunlay yopildi
Jamiyat
−
06 may 25580 2 daqiqa
O‘zbekistonda 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab sirtqi ta’limga barcha yo‘nalishlar uchun qabul butunlay yopildi. Bu haqda kecha, 5 may kuni qabul qilingan “Ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmonida so‘z boradi.
Farmonga ko‘ra, O‘zbekistonda ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari faoliyatini tashqi baholash mexanizmlarini belgilash hamda ko‘rsatilayotgan ta’lim xizmatlari sifatini oshirish maqsad qilingan.
Unga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab:
- sirtqi ta’limga qabulni yopish talabi davlat oliygohlari uchun ham, nodavlat (xususiy) oliygohlar uchun ham birdek amal qiladi;
- hozir o‘qiyotgan yuqori bosqich talabalari o‘qishini sirtqi ta’lim shaklida davom ettiradi.
- kunduzgi ta’limdan boshqa muqobil ta’lim shakllari bo‘yicha qabul kvotalari bosqichma-bosqich oshirib boriladi.
Shuningdek:
- oliy ta’lim tashkilotlarining muqobil ta’lim shakllari bo‘yicha umumiy qabul kvotasini kunduzgi ta’lim shakli qabul natijasining 50 foizidan oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi;
- magistratura bosqichida muqobil ta’lim shakllari asosida ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashga ruxsat beriladi;
- oliy ta’lim tashkilotlarida muqobil ta’limning kredit-modul tizimiga asoslangan maqbullashtirilgan kunduzgi ta’lim shakli (part-time education) bo‘yicha o‘qitishni yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi;
- muqobil ta’lim shakllariga talabalarni belgilangan me’yordan ortiqcha qabul qilish litsenziya talab va shartlarini qo‘pol ravishda buzish deb baholanadi hamda litsenziyani bekor qilish uchun asos hisoblanadi.
Idoraviy mansubligi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar har bir ta’lim tashkiloti tarkibida umumiy shtatlar doirasida ichki ta’lim sifati auditini amalga oshirishga mas’ul ichki ta’lim sifati nazorati bo‘limlari tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan O‘zbekistonda pedagog kadrlarni tayyorlashda sirtqi ta’lim shakliga qabul yopilishi belgilangan edi.
Live
Barchasi