Sirdaryoda YPX xodimining suratini tarqatgan qiz jazolandi (video)
3-sahifa
−
22 mart
8934Sirdaryo viloyatida Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimining suratini uni obro‘sizlantirish maqsadida tarqatgan qiz 7,5 mln so‘m jarimaga tortildi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hujjatiga ko‘ra, joriy yilning 23-24 fevral kunlari Z.Yu. o‘zining Instagram sahifasida Sirdaryo viloyat IIB JXX YHXB Axborot guruhi katta mutaxassisi O.R.ning xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda olingan fotosuratini joylab, uni yolg‘onchilik va “shantaj” qilishda ayblagan. Qizga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimining obro‘sizlantirilishiga olib keladigan axborotni buzib tarqatgani holati yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Sudda Z.Yu. O.R. uni hujjatlarsiz avtomashina boshqargani uchun hujjatlar to‘plab, uni sudga oshirib, sud jarayonini ham videotasvirga oldirib, unga yetti sutka ma’muriy qamoq jazosiga torttirgani, o‘sha sudda uning qo‘liga kishan taqilgan holatini tasvirlarga oldirib, televideniye va o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali keng ommaga namoyish etgani, u hali turmushga chiqmagani, ushbu sudda olingan videoreportaj uning kelgusidagi turmushiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi, bundan uni jahli chiqib, ma’muriy qamoq jazosini o‘tab chiqqanidan keyin o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida jahl ustidan ushbu videotasvirni olib, joylashtirganini, keyin o‘chirib tashlaganini aytgan. Shuningdek, u bu ishlarni jahl ustida qilgani, qilgan ishidan pushaymonligi va boshqa bu holat takrorlanmasligi, unga nisbatan qonuniy yengillik berilishini so‘ragan.
Joriy yilning 5 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudida Z.Yu. ning ishi ko‘rib chiqilgan. U Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1952-moddasida (Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto- va (yoki) videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari, ya’ni 7 mln 500 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, ikki yil avval, 2023 yilda Ichki ishlar vazirligi “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonunni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritgandi. Bu o‘zgartishdagi 1952-moddada ichki ishlar organlari xodimlarini xizmat vazifasini bajarishi vaqtida foto va videoga olib, ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida internetga joylashtirish bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida, ya’ni 18 mln 750 so‘m jarima solishga yoki 15 sutkagacha qamoqqa olishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan edi.
Joriy yilning 24 yanvar kuni Oliy Majlis Senatning uchinchi yalpi majlisida “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. Endi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan yangi 1952-modda bilan jarima BHMning 20 baravaridan 50 baravarigacha, ma’muriy qamoqqa olish 10 sutkacha belgilangan.
LiveBarchasi
Trenddagilar

