Sirdaryoda OTB ajratgan 7 mln dollar “tuya qilingani” aytildi. “O‘zsuvta’minot” izoh bilan chiqdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgan Sirdaryo viloyati Xovos tumanida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash uchun Osiyo taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan 7 mln dollar pul talon-toroj qilingani haqida xabarlar tarqaldi. “O‘zsuvta’minot” AJ mazkur xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, 2016 yil 23 avgust kuni “Sirdaryo viloyatining Boyovut, Xovos, Mirzaobod, Sardoba va Oqoltin tuman markazlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma rasmiylashtirilgan.

Xalqaro tender komissiyasining bayonnomasiga asosan pudratchi sifatida Turkiyaning “Alke Insaat Sanayi ve Ticaret” kompaniyasi g‘olib deb topilgan.

“Mazkur loyihani amalga oshirish uchun jami 7 mln 310 ming dollar pul ajratilgan edi. Loyiha xabarda aytilayotganidek Osiyo taraqqiyot banki emas, balki Jahon banki ishtirokida amalga oshirilgan bo‘lib, bunda Jahon banki tomonidan 6 mln 250 ming dollar, O‘zbekiston tomonidan esa 1 mln 60 ming dollar ajratilgan.

Ushbu mablag‘lar talon-taroj qilinmay, pudratchi tomonidan loyihada ko‘zda tutilgan barcha ishlar bajarilgan. Xususan, pudratchi tomonidan subpudratchi “Mega-Mebiko” qo‘shma korxonasi bilan birgalikda “Sirg‘ali” suv inshootidan Xovos tumanining “Oqchangal” aholi yashash punktigacha 28 km masofaga diametri 700 mm bo‘lgan shisha tolali quvurlar yotqizilib, qurilish-montaj ishlari 2019 yilning iyun oyida tugatildi”, deyiladi aksiyadorlik jamiyati xabarida.

Biroq, bugungi kunda quvurlar suv bosimini ko‘tara olmayotgani tufayli tarmoqda bir qancha sizgichlar paydo bo‘lgan. Bu esa, o‘z navbatida, aholini uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlash imkonini bermayapti.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, bugungi kunda:

•    birinchidan, shisha tolali quvurlarni polietilen quvurlarga almashtirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda;

•    ikkinchidan, mazkur ob’ekt “O‘zsuvta’minot” AJ balansida turmayotganligiga qaramasdan, aksiyadorlik jamiyati mazkur hududda istiqomat qiluvchi aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar olib bormoqda;

•    uchinchidan, aksiyadorlik jamiyati pudratchi va quruvchi tashkilotlarga quvurlardagi havo chiqarish uskunalarini yangisiga almashtirish ishlarida amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda;

•    to‘rtinchidan, ayni paytda mazkur holat bo‘yicha tegishli idoralar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

177

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing