Sirdaryoda narkolaboratoriya tashkil qilgan 3 nafar shaxs ushlandi (video)
3-sahifa
−
10 noyabr 2025 3554 1 daqiqa
Sirdaryo viloyatida narkolaboratoriya tashkil qilgan 3 nafar shaxs ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari hamkorligida Sirdaryo viloyatida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Guliston shahrida yashovchi 1995-yilda tug‘ilgan shaxs va uning 1996-yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i hozirda Guliston shahrida istiqomat qiluvchi 1995 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan fuqaro bilan kelishgan holda, uning xonadonida sintetik narkotik moddalar tayyorlab, “zakladka” tarzida mijozlarga yetkazib berish bilan shug‘ullangan.
Ushbu narkolaboratoriyadan 4 kg 373 gr “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi, elektron tarozi, mikser, protivogaz, zip-paket va qadoqlashda ishlatiladigan boshqa buyumlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Aniqlanishicha, og‘ufurushlar MDH davlatlari bo‘ylab internet tarmog‘ida sintetik narkotiklar sotish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh tomonidan xorijdan yuborilgan xom-ashyolardan foydalanib, giyohvandlik vositalari tayyorlashgan.
Hozirda mazkur 3 nafar fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent, Farg‘ona va Andijon viloyatida jami 25 ming dozani tashkil qilgan 12,5 kilogramm giyohvandlik vositalari aniqlangandi.
Live
Barchasi