Sirdaryoda qon qaqshagan 5 xonadon: “Har kuni yulduzlarga qarab qaysi biri dadam deyapti”
Jamiyat
−
14 fevral 2020
29298Kun sayin O‘zbekistonda yo‘l-transport hodisalari soni ortmoqda. Ularning aksariyati yuqori tezlikda harakatlanish natijasida boshqaruvni yo‘qotish oqibatida sodir bo‘lmoqda. Joriy yilning 1 fevral kuni Sirdaryo viloyatida ikki mashina to‘nashuvi yuz berib, 5 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergandik. IIV yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi xodimlari Sirdaryoga jabrlanganlarning xonadoniga bordi. Vaziyatni o‘rganib, voqea ishtirokchilari, qurbonlarning oila a’zolari bilan suhbatlashdi.
IIV xodimi Javlon Toshboyevga ko‘ra, 19 yoshli Shohruh Berkinov yo‘l harakati qoidalarining quvib o‘tish qoidalariga amal qilmay, Cobalt rusumli avtomashinasida harakatlangan. Tezlik yuqori bo‘lgani bois boshqaruvni yo‘qotgan. Yo‘lni ajratib turuvchi beton to‘siqqa urilib, qarama-qarshi yo‘nalishdagi Damas rusumli avtomashinaning yon tepa qismiga borib urilgan. Damas’da bo‘lgan 5 nafar fuqaro vafot etgan. Yana ikki nafari va haydovchi shifoxonaga yotqizilgan.
Hodisada vafot etganlardan biri 32 yoshli Akmal Musulmonqulovning turmush o‘rtog‘i Sanobar Erbekova voqeaga o‘z munosabatini bildirgan.
“Farzand kutayotgandik. Turmush o‘rtog‘im shifoxonaga o‘zim olib borib, o‘zim olib kelaman deb yurardi. Uyimizni bitkazib to‘y qilmoqchi edik. Shuncha oilani qaqshatdi. Bolalarimizni bir umrga yetim qildi”, deya yig‘laydi beva ayol.
Voqeaga Shohruh Berkinovning onasi Gulbahor Mavlonova quyidagicha izoh bergan:
“Bu ham Xudoning ishi ekan. Bolam birovni o‘ldiraman yoki birovni bosib ketaman, deb yo‘lga chiqmagan. Endi bu halokat bolamni kutib turgan ekanda. Ilojim yo‘q. Peshonasiga shu narsa yozilgan ekan. Bundan qochib qutulishning iloji yo‘q ekan”.
Lavhani ko‘rib turgan O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi eksperti Shohruh Berkinovning onasiga o‘z e’tirozlarini bildirgan. Farzandga yetarli darajada tarbiya, bilim berilmaslini natijasida bunday holatlar yuz berishini aytadi.
“Endi 28 yoshga kirardilar. O‘zim 23ga. Bolajon edi. Mahallamiz bolalarini bolam, bolam deya erkalab yurardilar. Hammaning bolasini erkalagan, o‘zining bolasini bir marta erkalay olmadi. Bolasining dadam deb orqasidan yugurganini ko‘rolmadi-ku! Bolam dadasini so‘rasa, qanday javob beraman? Hali sochlariga bir dona oq tushmagandi. Aybdor jazolanishini va mening holimga hech kim tushmasligini istayman”, deya ko‘z yoshlarini yashira olmagan Marhum Dilshod Eraliyevning bevasi Hilola Eraliyeva.
Shohruh Berkinovning otasi Alisher Mavlonov esa o‘g‘lini quyidagicha oqlaydi:
“Boshqa mashinalarga zarar yetkazmay deb mashinani u yoqdan bu yoqqa olib qochgandir. Ziyon qilaman deb birortasini quvmagan ham. Hammadan o‘zini olib qochgandan so‘ng iloji yo‘q o‘zini qarama-qarshi tomonga olib qochib ketgan”, deya o‘z farzandining harakatlarini oqlagan.
Hali 30ga ham kirmagan Safarali Mahkamovning ayoli ikki farzandi bilan qaqshab qolgan.
“U juda ham mehnatkash, mehribon edi. Men borman, sen hech narsani o‘ylama derdi. Qizimizni bahorda ingliz tili kursiga bermoqchi edik. O‘sha kuni bog‘chadan dadam qani deb yig‘lab keldi. Dadang farishta bo‘lib osmonga uchib ketdi dedim. Har kuni yulduzlarga qarab qaysi biri dadam, bizga qarab turibdimi deyapti”, deydi Muhayyo Mahkamova.
Lavhada QALAMPIR.UZ muxbiri Bahodir Ahmedov ham o‘z xulosalarini aytib o‘tgan. Bu holat ko‘pincha to‘qlikka sho‘xlikdan kelib chiqishi, holatni ayblanuvchining yaqinlari yurakdan his qilmayotgani uchun oddiygina falokatga yo‘yayotganini tanqid ostiga olgan.
Muxbirning Shohruh Berkinovning otasi Alisher Mavlonovga vafot etganlarning yaqinlaridan xabar olgan-olmaganligi haqidagi savoliga quyidagi mazmunda javob bergan:
“Bora olganim yo‘q. Hozirgi vaqtda borishim mumkin edi, lekin holatni ortga qaytara olmasdim. Tiriklar uchun kurashishni xohlab, ularning atrofidan keta olganim yo‘q. Shifoxonada davolanayotganlarning oldidan keta olganim yo‘q. Keyinroq albatta boraman”, deb aytgan.
Yo‘l transport hodisasiga “Xo‘ja allambardar” jome’ masjidi imom-xatibi Rahmonberdi Rahmonov ham o‘z munosabatini bildirgan:
“Yetim qolgan 12 go‘dakning nolasi Allohning Arshiga yetib boradi. Ko‘kni larzaga keltiradi. Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. hadisi sharifda keltirilishicha, “Kim zarar yetkazsa, Alloh uni zararga qo‘yadi. Kim odamlarga mashaqqat tug‘dirsa, Alloh ularni mashaqqatga qo‘yadi” deb marhamat qilganlar. Ba’zi bir musulmon mamlakatlarda 120 kilometr soat tezlikdan yuqori tezlikda harakatlanib avtohalokat natijasida vafot etsa, o‘sha insonga janoza buyurilmaydi. Bu bilan o‘zini-o‘zi halokatga tashlaydi. Alloh Taolo Qur’oni Karimda “o‘z qo‘llaringiz bilan o‘zingizni halokatga tashlamang” deb aytgan. Bunday yuqori tezlikda nima topish mumkin? Alloh mo‘tadil harakatlanishga chaqiradi. Rasululloh boshqa hadisida tez yurish mo‘minning ziynatini ketkazishini aytganlar. Dinimizda bila turib zararga borish ham yo‘q”.
Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina o‘tgan yanvar oyining o‘zida Respublika bo‘ylab YTHda halok bo‘lganlarning soni 114 kishini tashkil qiladi. Agar shu hol davom etsa, fevral oyida bu ko‘rsatkich oshishi mumkin ekan. Yuqoridagi Sirdaryodagi mudhish holatdan xulosa chiqaraylik. O‘zbekistonda bevalar va yetimlar soni oshishini oldini olaylik.
LiveBarchasi