Sirdaryoda elektr tarmoqlarini tiklash ishlar olib borilyapti (foto)
Jamiyat
−
04 may 2020
5221Joriy yilning 1 may kuni Sirdaryo viloyatida ro‘y bergan Sardoba suv omboridagi avariya oqibatida elektr tarmoqlariga ham katta shikast yetdi. Hozirda ushbu tarmoqni tiklash jarayoni ketmoqda. Bu haqda "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Matbuot xizmati ma’lum qildi.
"Prezident tabiiy ofat yetgan hududlarda bo‘lib jabr ko‘rgan aholi vakillari bilan uchrashuvi chog‘ida hududlarga birinchi galda elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti tez fursatlarda tiklanishi haqida aytib o‘tgan edi.
Shu ma’noda "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ tomonidan Sirdaryo viloyatining qator hududlarida izdan chiqqan elektr energiyasi ta’minotini tiklash va mazkur ayanchli hodisa oqibatlarini bartaraf etish maqsadida 100 nafardan ortiq ishchi-xodim, bundan tashqari 50 dan ortiq maxsus texnika jalb qilindi" deyiladi xabarda.
Foto:"Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Matbuot xizmati
Foto:"Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Matbuot xizmati
Ta’kidlanishicha, sirdaryolik hamkasblarga ko‘mak kuchi sifatida Farg‘ona, Andijon, Namangan va boshqa viloyatlardan ham maxsus texnika va zarur jihozlar bilan Sardobaga yetib kelishgan. Hozirda ofat yetgan hududlarda transformator punktlarini suv yuvishi natijasida vujudga kelgan loydan va chiqindilardan tozalash, shuningdek, toshqin natijasida yaroqsiz holga kelgan tayanch ustunlarni yangisiga almashtirish ishlari olib borilmoqda.
Foto:"Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Matbuot xizmati
Ma’lum qilinishicha, "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ tomonidan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida hududga kelgan harbiy xizmatchilar va boshqa ko‘ngillilar uchun qurilgan vaqtincha yashash joylarini elektr energiyasi bilan ta’minlash ishlariga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, zarar ko‘rgan hududlarda "Baliqchi", "A. Tairov", "Uch tom", "Yangi hayot" nimstansiyalari suv ostida qolishi natijasida 8 mingdan ortiq iste’molchi elektr energiyasidan uzilib qolgan.
Foto:"Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Matbuot xizmati
Foto:"Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Matbuot xizmati
Jamiyat xodimlari tomonidan ta’mirlash-tiklash ishlari davom ettirilayotgani ma’lum qilingan.
LiveBarchasi