Sirdaryoda baliq ovlab tabiatga 350 mln so‘m zarar yetkazishdi
3-sahifa
−
22 Oktabr 3620 2 daqiqa
Sirdaryoda 37 dona baliq ovlaganlar hayvonot dunyosiga 350 mln so‘m zarar yetkazdi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni mhuhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, vazirlik, Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi, Sirdaryo suv havzasini nazorat qilish bo‘limi, Sirdaryo viloyat IIB va Milliy gvardiya boshqarmasi hamkorligida navbatdagi reyd tadbiri o‘tkazilgan.
Sirdaryo viloyati Guliston tumani “Bahmal” MFY hududida olib borilgan reyd davomida fuqarolar A.T. va M.D. “Sho‘razak” zovuridan noqonuniy ov quroli, ya’ni elektr qarmoqdan foydalangan holda turli xildagi jami 37 dona baliqni (20 dona “Kumush tovon” balig‘i, 3 dona “Moy baliq” va 14 dona “Ilonbosh” balig‘i) noqonuniy ravishda ovlab, rezina qayiqda suv havzasidan olib chiqib ketmoqchi bo‘lganida to‘xtatib qolingan.
Holat yuzasidan tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, noqonuniy ravishda ovlangan baliqlar va noqonuniy ov quroli bo‘lgan 1 dona elektr qarmoq, 1 dona rezina qayiq, 1 dona akkumulyator, 1 juft eshkak, 1 dona tutgich va 1 dona tungi yoritish moslamasi holatga huquqiy baho berilgunga qadar vaqtinchalik saqlash uchun olib qo‘yilgan.
Mazkur holat sodir etilishi oqibatida “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 3, 27-moddalari, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 34, 35-moddalari, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 49-moddasi talablari buzilgan. Hayvonot dunyosiga bazaviy hisoblash miqdorining 865 baravari (352 mln 672 ming so‘m) miqdorida zarar yetkazilgan.
Huquqbuzarlik yuzasidan to‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish maqsadida Sirdaryo viloyati prokuraturasiga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda qirg‘ovul ovlaganlar tabiatga 288 yarim million zarar yetkazgandi.
Live
Barchasi