Simlari SSSRgacha uzangan O‘zbekiston energetikasi yoxud Putinning imperialistik manfaati

Tahlil

image

O‘zbekistonda qish boshlanishi bilan gaz va elektr muammosi ko‘tarilishi aslida ko‘plar o‘ylaganidan ko‘ra uzoqroq tarixga ega hodisadir. Chekka hududlarda bu muammolar 90-yillardayoq boshlangan, bu davr ichida odamlar sharoitga moslashib, o‘zi uchun minimal qulayliklarni yaratib olgan.

Uzoq yillar mobaynida chekka hududlardagi bu vaziyatga media ko‘z yumib keldi. Oxirgi yillarda muammolar Toshkent shahriga yetib kelganidan so‘ng ularning ko‘zi birdan ochilib, “iye, bu muammolar qayerdan paydo bo‘ldi?” deb savol bera boshladi.

Bunday kirish qilishimizga sabab “Novosti Uzbekistana” nashrida chop etilgan “Kommunalniy nedokorm v Uzbekistane oborachivayetsya razruxoy” nomli maqolada keltirilgan bir fikrdir: “Takoy svistoplyaski s elektrichestvom  i gazom,   podachey  goryachey i xolodnoy vodi uzbekistansi  ne pripomnyat. Nekotoriye uje zapaslis kerosinovimi lampami, burjuykami i dr.”. Ya’ni: “O‘zbekistonlar elektr va gaz bilan bog‘liq bunday muammolarni eslay olmaydi. Ayrimlar kerosin lampalari va pechkalarini zaxira qila boshladi”. Bu maqola muallifi dolzarb muammoni ko‘tarib, tanqidiy ruhda fikr bildirayotganiga qaramay, aslida O‘zbekistondagi real vaziyatdan mutlaqo bexabarligini, poytaxtdagi issiq uyda o‘tirib, viloyatlarda bo‘layotgan jarayonlarni kuzatmaganini ko‘rsatib qo‘ygan. Bunday “svistoplyaska” O‘zbekistonda o‘nlab yillardan buyon davom etmoqda, qishloq uylari bunday “burjuyka” va kerosin chiroqlariga to‘lib-toshib ketgan.

Aytmoqchi bo‘lganim, muammo Toshkentga yetib kelmaguniga qadar uni nafaqat davlat tashkilotlari, hatto ko‘pgina jurnalistlaram e’tiborsiz qoldirdi, uylarida chiroq o‘cha boshlashini kutdi. Poytaxtga yetib kelgan muammo esa nihoyatda jiddiy tus olgan bo‘ladi, demakki, uning oson yechimlari yo‘q.

Aslida bugungi O‘zbekistonning energetik muammolari ancha uzoq ildizlarga ega. To‘g‘ri, jahon miqyosidagi energetika muammolari, zaxiralarning tugab borishi, aholi ko‘payishi hisobiga eski quvvatlarning yetishmayotgani, ularni o‘stirish borasida ish olib borilmayotgani – bular ham jiddiy omillar. Ammo O‘zbekistonda elektr tizimi qurilishida joylangan “mina”lar ham borki, ular vaziyatni og‘irlashtirmoqda. Ana shunday “mina”lardan biri SSSRdagi umumiy elektr tizimidir.

SSSRning yagona elektr tizimi

Bu tizim 1956 yilda qurilgan bo‘lib, eng kengaygan davrida umumiy quvvati 288 mln kVt ga teng 700 dan ortiq elektr stansiyalarini birlashtirar edi. 1978 yilda bu tizim Iqtisodiy yordam ittifoqiga kiruvchi Yevropa davlatlari (Chexoslovakiya, Albaniya, Bolgariya, Polsha, Ruminiya) energetika tizimlari bilan parallellashtirilgan, shuningdek, Mo‘g‘uliston, Finlyandiya, Norvegiya va Turkiyaning elektr uzatish liniyalari bilan bog‘langan edi.

Ulkan salohiyatga ega bo‘lgan, ko‘plab davlatlarni bog‘lagan tizimning, shubhasiz, o‘ziga yarasha plyuslari bor edi. Jumladan, bir hududda ortgan energiyani boshqa hududlarga yo‘naltirish mumkin edi, ya’ni tizim bir-birini to‘ldiruvchi komponentlardan tashkil topgan edi.

Asosiy muammo esa tizimning ishlashi siyosiy vaziyatning barqarorligiga, energetik tizimlari bog‘langan davlatlar orasida munosabatlar doim yaxshi saqlanishiga, chegaralar ochiq bo‘lishiga, iqtisodiy kelishuvlar ishlashiga kuchli bog‘langan edi. Yaqin tarixdan bilamizki, bu status kvolarning hech biri uzoq hukm surmadi, SSSRning o‘zi qulab, respublikalarga bo‘linib ketdi. Natijada tizimning ishlashida ham uzilishlar ro‘y berdi. SSSRning o‘zi yo‘qolib ketgach, uning boshqa davlatlar bilan kelishuvlari buzilgach, tizim izdan chiqa boshladi. Aytaylik, bir yerga elektr ta’minoti yetishmasa, boshqa yerda ortib qolsa, ortiq uni shunchaki uzatib yuborib bo‘lmas edi – narx-navoni inobatga olish, hisob-kitoblarni qilish talab etilardi.

Ushbu tizimning bir bo‘lagi bo‘lgan O‘zbekistonda mustaqilligining dastlabki yillaridayoq energetika muammolariga duch keldi. Ushbu muammolarning ildiziga bolta urib, tizimni qayta qurishga, sohani bozor iqtisodiyoti qoidalariga moslab, narxlarni oshirishga (va ommaning yanada keskinroq noroziligini keltirib chiqarishga) jur’at etilmagani bois mamlakat va aholi har tomonlama zarar ko‘rishda davom etmoqda: bir tomondan, ro‘dapo tizimni ushlab turishga bir olam pul maqsadsiz sarflanmoqda, boshqa tomondan, bundan foyda bo‘lmay, yil sayin ko‘proq o‘zbekistonliklar energetika ta’minoti bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda.

Aslida SSSRda juda ko‘p boshqa sohalarda ham mana shunday umumiy tizim yaratilgan. Eng mashhur misol – sanoat; xom ashyo bir yerdan chiqib, davlat narxlarida boshqa respublikaga yetkazib berilib, u yerda qayta ishlangan, yana boshqa hududlardan kelgan komponentlardan tayyor mashulot ishlab chiqarilgan. Turli hududlardagi aholini ish bilan ta’minlash, logistikani osonlashtirish va narxlarni tushirishga qaratilgan bu tizim sovet davlati bilan birga yo‘q bo‘ldi, buning oqibatida ko‘plab zavodlar ishi to‘xtab qoldi. Energetika tizimi muammolari ham shunga juda o‘xshash.

O‘zbekiston qanday xulosalar chiqardi va yana qanday xatolarga yo‘l qo‘ydi?

90-yillarda yuzaga kelgan energetik muammolar yechimi qidirilmadi desak, adolatsizlik bo‘ladi. O‘zbekistonda gaz va energetika sohasini izga solish, SSSR tizimidan chiqib ketishga urinishlar bo‘ldi, xususan, Ozarbayjon, Turkmaniston va Qozog‘iston bilan kelishuvlarga erishishga harakatlar amalga oshirildi. Bu ishlar nega oxiriga yetmaganini tushunishga o‘sha zamonda yopiq siyosat yuritilgani, matbuotda bu masalalar chuqur yoritilmagani xalaqit beradi. Ammo pirovardida mavjud tizimni qo‘llab-quvvatlashga qaror qilindi va bu boradagi yechimlar ortga surildi.

Shundan so‘ng masala unutildi. Ora-orada ba’zi davlatlar, xalqaro korporatsiyalar energetik kelishuvlar muhokama qilingani haqidagi xabarlar chiqib turdi, lekin tizim qayta qurilishi bir necha marotaba ortga surildi. Bunga ba’zida potensial hamkorlar O‘zbekistonga yetarli ishonch bildirmagani, ba’zida esa ichki siyosiy vaziyat, siyosiy o‘zgarishlar sabab bo‘ldi.

2019 yildan so‘ng muammolar poytaxt Toshkentda ham bo‘y ko‘rsatishi ortidan mavzu yana kun tartibiga keldi va bu safar mediada jiddiy muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shuncha norozilik, tanqiddan so‘ng ham gaz va elektr ta’minoti izga tushirilmaganiga qaraganda, vaziyatni ushlab turish vositalari ham nihoyasiga yetmoqda, jiddiy islohotlar qiladigan payt yaqinlashmoqda. Yaqinda gaz va elektr ta’minotini qayta ko‘rib chiqish, uni bozor iqtisodiyotiga moslashtirish, tizimni qayta qurish borasida takliflar tayyorlanayotgani haqida insaydlar tarqalishi ortidan 2022 yil boshida Qozog‘istonda, o‘rtalarida esa o‘zimizda – Qoraqalpog‘istonda fojiali voqealar ro‘y berdi. Ulardan so‘ng qiyin ijtimoiy va iqtisodiy vaziyatda yashayotgan aholining noroziliklari kelib chiqishini oldini olish maqsadida bu yo‘nalishdagi takliflar yana ortga surildi, xususan, tabiiy gaz qazib olish, qayta ishlash va yetkazib berish tizimi bo‘yicha qaror e’lon qilinmay qolib ketdi.

Sovet davrida ishlagan O‘rta Osiyo elektr “halqa”sini tiklashga urinish 2022 yil yanvarida butun mintaqada blekaut keltirib chiqarishi eski tizimning muammolarini yana bir bor ochib berdi. Masalani o‘rgangan ekspertlar mintaqaviy hamkorlikdan voz kechmaslikni, lekin, shu bilan birga, yangicha yondashuvlarga murojaat etishni taklif qilmoqda.

Qizig‘i, global isish va iqlim anomaliyalari fonida O‘zbekistonda oxirgi yillarda qishlar yumshoqroq kelishi, qor kam yog‘ishi mamlakatni kollapsdan qutqarib qoldi, degan fikr bor. Ammo bu yil qish o‘z vaqtida boshlanib, havo keskin sovishi ortidan yana shoshilinch choralar ko‘rish zarur bo‘lib qoldi.

Oxirgi yillarda ro‘y bergan inqirozli vaziyatlardan to‘g‘ri qaror chiqariladimi? Yoki vaqtinchalik choralar ko‘rilishi, pirovardida kelajakda yangi muammolar to‘planib borishiga zamin yaratilishi davom etadimi?

Bu savollarga hozircha javob yo‘q. Vaziyatni kuzatishda davom etamiz.

Imtiyozlar, imtiyozlar

Yuqoridagi fikrlar, fakt va ma’lumotlardan energetika muammolari juda murakkabligi, ko‘plab omillar to‘qimasidan iboratligi tushunarli bo‘ldi deb umid qilamiz. Vaziyatni yanada murakkablashtirib, oqibatlarni og‘irlashtiradigan omillar qatorida imtiyozlar masalasini ham aytib o‘tish kerak.

O‘zbekiston iqtisodiyotini yemirayotgan omillardan biri turli sohalarga, alohida tashkilotlarga ulkan imtiyozlar taqdim etilib kelinayotgani ekani ko‘pchilikka sir emas – oxirgi yillarda mediada ancha faol bo‘lib qolgan iqtisodchilar bu mavzuni tez-tez ko‘taradi. Imtiyozlar mamlakat iqtisodiyoti ko‘tarish yoki xalqning birlamchi ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladigan ijtimoiy ahamiyatga ega sohalarda bo‘lsa ham mayli edi – ko‘pincha ular ma’lum guruhlarning manfaatiga xizmat qiladi yoki oshkor etilmagan davlatlararo kelishuvlarni aks ettiradi. Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasiga sotsial soliq bo‘yicha taqdim etilgan imtiyozlar, ayniqsa noshaffof kelishuv tufayli O‘zbekistonning o‘zi ushbu korporatsiyadan 600 mln dollar qarz bo‘lib qolishi mana shunday ayanchli oqibatlarga misol bo‘la oladi.

Rossiyaning imperialistik maqsadlarini ham unutmaylik

Rossiyaning kompaniyalariga imtiyozlar berilishi, noshaffof shartnomalar tuzilishi nafaqat alohida guruhlarning manfaatiga xizmat qiluvchi korrupsion holatlar yoki aqlsizlik bilan tuzilgan shartnomalar deb talqin qilinishi mumkin. Bu yerda Rossiya davlatining manfaatlari ham yotishiga ko‘p ekspertlar e’tibor beradi.

Sovet davri energetika tizimining saqlanishidan, u qayta tiklanishidan Rossiya manfaatdorligi hech kimga sir emas. Avvalo, sovet davrida ham asosiy energiya iste’molchisi Rossiya bo‘lgan; bugungi sharoitda esa tizimni markazlashtirish sobiq sovet respublikalarini yirikroq o‘yinchi bo‘lmish Rossiyaga bog‘lab qo‘yadi.

Aslida bu tizim tiklansa, Rossiyaning iqtisodiy manfaatlariga zid kelishi mumkin, zero puli kam davlatlar bilan yagona tizim yaratish va ularga arzongarov xizmat ko‘rsatishdan ko‘ra global bozorda energiya tashuvchilarini sotish ko‘proq manfaat keltirishi o‘z-o‘zidan tushunarli. Biroq Rossiyaning bugungi tashqi siyosatini tahlil qilsak, u geosiyosiy mavqeini tiklash uchun milliardlab dollar mablag‘ yo‘qotishga tayyorligi anglashiladi. Shunday ekan, yagona energetik tizimga o‘tish harakatlarini, qisman bo‘lsa ham, Rossiyaning sobiq sovet o‘lkalarida, jumladan, Markaziy Osiyo respublikalarida o‘z siyosiy ta’sirini ushlab turishga harakat deb talqin qilsa bo‘ladi.

Yaqinda Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida “uch tomonlama ittifoq” tuzilishi haqida gaplar tarqalgani, Rossiya tomoni bu yangilikka siyosiy tus berishga harakat qilgani yuqoridagi so‘zlarga dalil bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston tomoni, o‘z navbatida, hech qanday siyosiy ittifoq haqida gap yo‘qligini uqtirishi, gap faqat iqtisodiy kelishuv haqida ekanini bildirishi Rossiyaning imperialistik da’volariga qarshilik mavjudligini ko‘rsatadi.

Rossiya tomoni O‘zbekistonga AES qurib berish taklifini ilgari surayotgani ham yuqoridagiga juda o‘xshash misoldir: Rossiyaning bu yerdagi manfaati birinchi galda O‘zbekistonning o‘z texnologiyalariga, mutaxassislariga bog‘liqligini shakllantirish ekani haqida AES masalasi endi ko‘tarilganidayoq aytilgan edi. O‘zbekiston tomoni masalaning bu jihatini tushunadi shekilli, hozircha yakuniy qarorga kelishga shoshmayapti.

Yakuniy qaror qanday bo‘lishini oldindan aytish qiyin – O‘zbekistonning katta siyosati haligacha anchayin yopiq bo‘lib qolayotgani, ayniqsa xalqaro siyosat borasidagi kelishuvlar, tahdidlar va muammolar keng yoritilmasligi bunga imkon bermaydi. Umid qilamizki, so‘nggi yillarda ro‘y bergan voqealardan, kelib chiqqan muammolardan to‘g‘ri xulosalar chiqariladi va optimal qarorlar qabul qilinadi. Hozircha ko‘p ilg‘or faollar, blogerlar, ekspertlar aytayotgan nuqtai nazarga ko‘ra, qiyinchiliklar bo‘lishiga qaramay, energetik mustaqillikka erishish, boshqa davlatlar bilan manfaatli, teng huquqli kelishuvlar asosida ishlash, alohida davlatlarning siyosiy o‘yinlariga uchmaslik, siyosiy ta’sirga tushmaslik eng optimal yo‘l bo‘lib ko‘rinmoqda.

Qozog‘istonda shu yil boshida ro‘y bergan voqealar energetik muammolar sekin-asta ijtimoiy-siyosiy muammoga aylanishi mumkinligini, bu Rossiyaning manfaatlariga xizmat qiladigan bahona bo‘lib qolishi mumkinligini ko‘rdik. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun tizimni qayta qurishda ilg‘or davlatlarning tajribasidan o‘rnak olish, energetika tizimini bozor iqtisodiyoti talablariga moslash, yashil energetikaga va energiya tejamkorligiga e’tibor qaratish kerak bo‘ladi.

Jahongir Ostonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

914

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing