Si Szinpin 7 yildan so‘ng BRICS sammiti uchun Hindistonga bordi
Olam
−
14:47 202 2 daqiqa
Xitoy raisi Si Szinpin BRICS davlatlari rahbarlari sammitida ishtirok etish va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashish uchun Nyu-Dehliga bordi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Si Szinpinning Hindistonga tashrifi so‘nggi 7 yil ichidagi birinchisi bo‘ldi. Uning safari 2020 yilda Himolay tog‘laridagi bahsli chegara hududida yuz bergan va ikki davlat munosabatlariga jiddiy zarar yetkazgan harbiy to‘qnashuvdan keyin Xitoy va Hindiston aloqalarini ehtiyotkorlik bilan tiklashga urinayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.
2020 yildagi to‘qnashuvda 20 nafar hindistonlik va 4 nafar xitoylik harbiy halok bo‘lgan edi. Shundan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashib, chegarada harbiy kuchlar va infratuzilma kuchaytirildi.
Qayd etilishicha, Si Szinpin Nyu-Dehliga yetib kelgach, qizil gilam to‘shalgan rasmiy marosim bilan kutib olingan. Hindistonlik ayollar an’anaviy raqslar ijro etib, Xitoy rahbariga hurmat ko‘rsatgan.
Si Szinpin va Narendra Modining uchrashuvi tashrifning asosiy voqealaridan biri bo‘lishi kutilmoqda. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakilining ma’lum qilishicha, ikki davlat rahbarlarining 12 sentyabr oqshomidagi uchrashuvi so‘nggi uch yil ichidagi uchinchi uchrashuv bo‘ladi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Pekin Hindiston bilan munosabatlarga strategik va uzoq muddatli nuqtai nazardan yondashishga tayyorligini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni to‘g‘ri boshqarish, yaxshi qo‘shni va do‘stlar, shuningdek, bir-birini qo‘llab-quvvatlovchi hamkorlar bo‘lish muhim.
Ma’lumot uchun, BRICS tashkiloti tarkibiga Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika, Misr, Efiopiya, Indoneziya, Eron va Birlashgan Arab Amirliklari kiradi. Tashkilotning bu safargi sammiti geosiyosiy keskinlik kuchaygan sharoitda o‘tkazilmoqda. Xususan, AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush hamda ushbu mojarolarning jahon energetikasi, savdo va transport tizimlariga ta’siri BRICS kun tartibidagi asosiy masalalardan bo‘lishi kutilmoqda.
Si Szinpinning tashrifi shuningdek, dunyodagi demografik jihatdan ikki eng yirik davlat – Xitoy va Hindiston o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish jarayoni uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ikki davlat o‘rtasida chegara masalasi, savdo va strategik raqobat bo‘yicha kelishmovchiliklar saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, so‘nggi davrda Pekin va Nyu-Dehli aloqalarni barqarorlashtirishga harakat qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu ikki mamlakat yetakchilarining oxirgi uchrashuvi joriy iylning 1 sentyabr kuni Qirg‘izistonning Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining 25 yilligiga bag‘ishlangan sammitda bo‘lib o‘tgandi.
Live
Barchasi