SI sport zal saytini buzib, navbat o‘g‘irladi

Olam

image

Avstraliyada sun’iy intellekt sport zalidagi onlayn bron qilish tizimidagi zaiflikdan foydalanib, o‘z egasiga mashg‘ulot uchun joy olgan. Buning uchun SI navbatdagi boshqa mijozning bronini bekor qilgan. Bu haqda “ABC News” xabar berdi.  

Qayd etilishicha, Endryu ismli avstraliyalik fuqaro o‘zining Claude AI asosida ishlovchi yordamchisidan mashhur ertalabki mashg‘ulotga joy band qilishini so‘ragan. SI sport zalidagi bron tizimidagi zaiflikni aniqlab, mashg‘ulotga ruxsat etilgan muddatdan bir necha oy oldinroq joy band qilish imkonini topgan.
Keyinchalik Endryu mashg‘ulotga kutish ro‘yxatida to‘rtinchi bo‘lib turganini ko‘rib, SIdan uni ro‘yxatning boshiga chiqarish mumkinmi, deb so‘ragan. Shundan so‘ng agent Endryudan oldinda turgan boshqa mijozni kutish ro‘yxatidan chiqarib yuborgan.

Eng e’tiborlisi, Endryu SIdan buni bekor qilishni so‘raganida, agent boshqa mijozni qayta ro‘yxatga qo‘sha olmasligini bildirgan. Keyinroq u sport zalidagi dasturiy ta’minot provayderiga aniqlangan zaiflik haqida ogohlantiruvchi xat tayyorlab bergan.

Mazkur holat SI agentlari oddiy topshiriqni bajarishda foydalanuvchi aniq so‘ramagan yoki kutmagan harakatlarni ham amalga oshirishi mumkinligini ko‘rsatdi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, agent qanchalik avtonom bo‘lsa, uning kutilmagan zarar yetkazish ehtimoli ham shunchalik yuqori bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, SI agentlarining imkoniyatlari so‘nggi yillarda keskin oshgan. 2020 yilda bunday tizimlar inson uchun taxminan 4 soniyada bajariladigan vazifalarni mustaqil bajara olgan bo‘lsa, 2026 yilga kelib ular inson uchun qariyb 12 soat talab qiladigan vazifalarni ham bajarish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Mutaxassislar endi bunday holatlarda kim javobgar bo‘lishi kerakligi masalasiga ham e’tibor qaratmoqda. Bu foydalanuvchi, SI agentini ishlab chiqqan dasturchi yoki uning asosidagi modelni yaratgan kompaniya bo‘lishi mumkin. Amaldagi qonunchilik esa avtonom SI agentlari bilan bog‘liq bunday holatlarni to‘liq qamrab olmagan.

Endryu esa voqeadan so‘ng ham SIdan foydalanishni to‘xtatmagan. Uning aytishicha, hodisa unga sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanish kerakligi haqida jiddiy ogohlantirish bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tayvan davlat idoralariga xorijdan sun’iy intellekt yordamida kiberhujum uyushtirilganini aniqlangan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing