Shveysariyada yoshlar isyon ko‘tardi

Olam

image

Shveysariyaning Lozanna shahrida yuzdan ortiq yoshlar isyon ko‘tarib, bir qancha do‘konlarning oynalarini sindirdi. Bu haqda TASS xabar berdi.

Kecha, 1 iyul kuni mamlakat vaqti bilan soat 20:00 da Lozanna markazida yuzdan ortiq yoshlar yig‘ilgan. Bunga qo‘shni Fransiyadagi tartibsizliklar sabab bo‘lgan.

“Markazda, xususan, Flon tumani va de Jenev ko‘chasida bir nechta do‘kon oynalari sindi, do‘konda bir yigit qo‘lga olindi. Politsiya xodimlari bir necha bor yoshlarni tarqatib yuborgan, ammo yoshlar ularga tosh uloqtirishdi”, deyiladi xabarda.

Umumiy tartibsizliklarni bostirishga 50 ga yaqin huquq-tartibot idoralari xodimlari jalb qilingan. Ularning hech biri jabrlanmagan.

Politsiya bo‘limiga yetti kishi, jumladan 24 yoshli Shveysariya fuqarosi va olti nafar voyaga yetmaganlar – Portugaliya, Somali va Bosniya va Gersegovina fuqaroligiga ega bo‘lgan uch nafar qiz hamda Shveysariya, Gruziya va Serbiya fuqarolari bo‘lgan uch nafar yigit olib ketilgan.

Eslatib o‘tamiz, Fransiyadagi tartibsizliklar ortidan xuddi shunday Belgiyada ham namoyishlar bo‘lgandi.

Fransiyadagi vaziyat 

Joriy yilning 27 iyun kuni Parijga yaqin Nanter shahrida yo‘l harakati qoidalarini buzgan Nael ismli 17 yoshli jazoirlik yigitni politsiya to‘xtatgan. Biroq Nael politsiyaga bo‘ysunmagan. Politsiyachi esa unga qarata o‘q uzgan. Haydovchi ko‘kragiga o‘q tegib vafot etgan.  

Shundan so‘ng, mamlakatning turli shaharlarida tartibsizliklar boshlangan. 29 iyun kuni bir necha o‘nlab politsiya mashinalari, komissarlik va ma’muriy organlar binolari yoqib yuborilgan, ta’lim muassasalariga zarar yetkazilgan. 30 iyunga o‘tar kechasi Ichki ishlar vazirligi davom etayotgan tartibsizliklarni bostirish uchun 40 ming politsiyachini safarbar etgan. Mamlakatning ayrim shaharlarida maxsus kuchlar ko‘chalarni patrul qilishda zirhli texnika va vertolyotlardan foydalangan.

Ayrim shaharlarda soat 21:00 yoki 22:00 dan boshlab komendantlik soati, shuningdek, tungi vaqtda jamoat transportida cheklovlar joriy etilgan. Mamlakatda vaziyat keskinligicha qolmoqda.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Twitterʼda marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan. Shuningdek, Makron Fransiyadagi tartibsizliklar ortidan YeIning Bryusseldagi sammitini tark etgan. 

Bundan tashqari Fransiya Prezidenti tartibsizliklarga kompyuter o‘yinlari sabab bo‘lganini aytgandi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing