Shvetsiyada Qur’on yoqildi. Arab davlatlari e’tiroz bilan chiqdi

Olam

image

Joriy yilning 14 aprel kuni Shvetsiyaning bir qator shaharlarida Daniya va shvetsiyalik ekstremist, “Murosasiz yo‘l” harakati rahbari Rasmus Paludan boshchiligida islomga qarshi namoyishlar boshlandi. Ular Islom dinining muqaddas kitobi bo‘lgan – Qur’oni Karimni ommaviy ravishda yoqib yubordi. Bu haqda TASS xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Murosasiz yo‘l” partiyasiga 2017 yil Paludan asos solgan. U YouTube’da Islom diniga qarshi ko‘plab videoroliklari bilan tanilgan. Siyosatchi Qur’onni omma oldida yoqib yuborgan va buni so‘z erkinligiga hurmat deb atagan. Uning partiyasi Islom dinini taqiqlashni va barcha “g‘arbdan bo‘lmagan boshpana izlovchilarni” Daniyadan deportatsiya qilishni talab qilmoqda.

Rasmus Paludanning aytishicha, u Islomning eng muqaddas matnlarini yoqqan va bu harakatini yana qaytaradi. Bir qator arab davlatlari mazkur holat yuzasidan o‘ng qanot ekstremistlarini keskin tanqid qildi.

“Biz Shvetsiyada Qur’onning yoqib yuborilishini keskin qoralaymiz. Bunday harakatlar faqat nafrat uyg‘otish va zo‘ravonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan”, deya bayonot bergan Bahrayn Tashqi ishlar vazirligi.

Saudiya Arabistoni “Shvetsiyadagi ayrim ekstremistlar tomonidan muqaddas Qur’oni Karimni qasddan tahqirlash va musulmonlarga qarshi provokatsiya va gij-gijlashni” qoralashini bildirgan. Eron va Iroq hukumatlari esa norozilik bildirish uchun Shvetsiya elchilarini chaqirgan.

Iordaniya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Xaytam Abu al-Ful bu harakatlar din va e’tiqod erkinligiga zid ekanligini, shuningdek, xalqlarning tinch-totuv yashashi tamoyillariga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlagan. U xalqaro hamjamiyatni ekstremizm va murosasizlik g‘oyalariga qarshi kurashish, diniy asosdagi haqoratlarning oldini olish uchun kuchlarni birlashtirishga chaqirdi.

O‘z navbatida, Iroq Tashqi ishlar vazirligi Shvetsiyaning Bag‘doddagi muvaqqat ishlar vakilini chaqirib, shved diplomatiga Qur’onning tahqirlanishi yuzasidan keskin norozilik bildirdi. Iroq rasmiylari “bu muammo Shvetsiya va arab-musulmon dunyosi o‘rtasidagi munosabatlar uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi”, degan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

2001

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing