Shvetsiya va Finlyandiya hali va’dasini bajargani yo‘q – Rasmiy Anqara

Olam

image

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Turkiya, Shvetsiya va Finlyandiya vakillarining Shimoliy Atlantika alyansi ittifoqiga a’zolik masalasi bo‘yicha Madriddagi NATO sammitidan so‘ng birinchi yig‘ilishi 26 avgust kuni o‘tkazilishi rejalashtirilganini aytdi. 

"Hozircha biz Shvetsiya va Finlyandiya tomonidan memorandumda mustahkamlangan va ularning NATOga a’zo bo‘lishlari bo‘yicha og‘zaki ravishda berilgan majburiyatlarni bajarayotganini ko‘rmayapmiz. Biroq, biz muzokaralarga tayyormiz. Shvetsiya va Finlyandiya vakillari bilan birinchi bunday uchrashuv 26 avgustga rejalashtirilgan”, deydi Chavusho‘g‘li Anqaradagi matbuot anjumanida. 

Turkiya hukumati avvalroq NATOning iyun oyida bo‘lib o‘tgan sammiti doirasida Shvetsiya va Finlyandiya bilan imzolangan memorandum yakuniy emasligini va agar Stokgolm va Xelsinki terrorchilik tashkilotlariga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rsatilgan majburiyatlarni bajarmasa, Turkiya parlamenti uni ma’qullamasligi mumkinligini ta’kidlagan edi. 

Eslatib o‘tamiz, 9 avgust kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden Vashingtonning Finlyandiya va Shvetsiyani NATOga qabul qilishini tasdiqlovchi hujjatlarni imzoladi.

Shvetsiya va Finlyandiya masalasi

18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi, biroq Turkiya bu davlatlardan FETO, Kurdiston ishchilar partiyasi va Suriya Xalq mudofaasi kuchlari tashkilotlarini terrorchi deb e’lon qilishni, terrorizmda yoki 2016 yildagi davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etishda ayblanganlarni Anqaraga ekstraditsiya qilishni va Turkiyaga qurol yetkazib berishga qo‘yilgan taqiqlarni olib tashlashni talab qilib, a’zolik jarayonini darhol to‘xtatdi. 

Joriy yilning 28 iyun kuni Madridda NATO sammiti boshlanishidan oldin Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo, Shvetsiya Bosh vaziri Magdalena Andersson va alyans bosh kotibi Yens Stoltenberg o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ularning natijalariga ko‘ra, Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga ruxsat beruvchi memorandum imzolandi. Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Anqaraning barcha talablari bajarilishiga kelishib olingan. Unga ko‘ra, Shvetsiya terrorchilik faoliyatida ishtirok etgan 73 kishini ekstraditsiya qilishga va’da bergan.

30 iyun kuni NATO sammitidan keyin matbuot anjumanida ishtirok etgan Erdo‘g‘an, Shvetsiya va Finlyandiya uchun quvonishga hali ertaligini, ular shartni bajarsagina, Turkiya parlamenti Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga oid hujjatni ratifikatsiya qilishini aytdi


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

20

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing