Shvetsiya Turkiyaga NATOga a’zo bo‘lish uchun shartlarni bajargani haqida maktub yo‘lladi

Olam

image

Shvetsiya Turkiyaga NATO a’zoligini tasdiqlash bo‘yicha ko‘rilgan choralarni ko‘rsatuvchi maktub yo‘lladi. Unda Stokgolm terrorizmda gumon qilinganlarni ekstraditsiya qilish bo‘yicha Anqara so‘rovlarini zudlik bilan ko‘rib chiqishi kafolatlangan. Bu haqda bugun, 21 oktyabr kuni maktubga tayanib, “Reuters” agentligi xabar berdi. 

“Uch tomonlama kelishuvning barcha asosiy elementlari bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rildi. Shvetsiya terrorchilikda gumon qilingan shaxslarni ekstraditsiya qilish bo‘yicha kutilayotgan so‘rovlarni zudlik bilan va puxtalik bilan hal etish tarafdori”, deyiladi maktubda. 

Shuningdek, Shvetsiya xavfsizlik xizmatlari “Kurdiston ishchilar partiyasiga qarshi o‘z faoliyatini kuchaytirgani” qayd etilgan. 

Avvalroq Turkiya va Shvetsiya Adliya vazirliklari vakillari Turkiya tomoni terrorchilik faoliyatiga aloqador deb hisoblagan shaxslarni ekstraditsiya qilish bo‘yicha Anqarada muzokara o‘tkazgan edi. 

Turkiya uchun Shvetsiya tomonidan terrorchilik faoliyatiga aloqador shaxslarni ekstraditsiya qilish uning NATOga a’zo bo‘lish arizasini ma’qullash shartlaridan biridir. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an avvalroq Stokgolm terrorchilik tashkilotlariga aloqador 70 dan ortiq shaxsni Anqaraga ekstraditsiya qilishga va’da bergani haqida aytgan edi. 

Shvetsiya va Finlyandiya masalasi

18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi, biroq Turkiya bu davlatlardan FETO, Kurdiston ishchilar partiyasi va Suriya Xalq mudofaasi kuchlari tashkilotlarini terrorchi deb e’lon qilishni, terrorizmda yoki 2016 yildagi davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etishda ayblanganlarni Anqaraga ekstraditsiya qilishni va Turkiyaga qurol yetkazib berishga qo‘yilgan taqiqlarni olib tashlashni talab qilib, a’zolik jarayonini darhol to‘xtatdi. 

Joriy yilning 28 iyun kuni Madridda NATO sammiti boshlanishidan oldin Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo, Shvetsiya Bosh vaziri Magdalena Andersson va alyans bosh kotibi Yens Stoltenberg o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ularning natijalariga ko‘ra, Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga ruxsat beruvchi memorandum imzolandi. Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Anqaraning barcha talablari bajarilishiga kelishib olingan. Unga ko‘ra, Shvetsiya terrorchilik faoliyatida ishtirok etgan 73 kishini ekstraditsiya qilishga va’da bergan.

30 iyun kuni NATO sammitidan keyin matbuot anjumanida ishtirok etgan Erdo‘g‘an, Shvetsiya va Finlyandiya uchun quvonishga hali ertaligini, ular shartni bajarsagina, Turkiya parlamenti Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga oid hujjatni ratifikatsiya qilishini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

45

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing