Shvetsiya barcha koronavirus cheklovlarini bekor qildi

Olam

image

Shvetsiya hukumati bugun, 9 fevraldan boshlab koronavirusga qarshi barcha cheklovlarini bekor qilmoqda. Joriy yilning 3 fevral kuni Bosh vazir Magdalena Andersson aytganidek, “pandemiya hali tugamagan, ammo butunlay yangi bosqichga kirmoqda”.

Bu qaror Shvetsiyada vaksinatsiyaning yuqori darajasi bilan izohlanmoqda. Bundan tashqari, mamlakatda koronavirusga chalinganlarning ozchilik qismi intensiv terapiya bo‘limiga tushib qoladi. Eng asosiysi mutaxassislar endi koronavirus haqida ko‘proq bilishadi. Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, “infeksiya darajasi bir muncha vaqt yuqori bo‘lib qoladi, ammo infeksiyaning eng yomon oqibatlari, aftidan, ortda qoldi”.

9 fevraldan boshlab odamlarda shamollash alomatlari bo‘lsa, COVID’ga testdan o‘tish tavsiya etilmaydi, balki uyda qolish so‘raladi. Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Karin Tegmark-Vizelning tushuntirishicha, bu berayotgan foydasiga nisbatan juda qimmat (haftasiga 500 million kron yoki 55 million dollar, pandemiya boshlanganidan beri jami - 21,5 milliard kron yoki 2,35 milliard dollardan ortiq). 

“Biz shunday darajaga yetdikki, sinovning narxi va ahamiyati endi o‘zini oqlamayapti”, deb tushuntirdi u. Ammo tibbiyot xodimlari va ijtimoiy xodimlarga kasallik belgilari aniqlangan taqdirda testlar taklif etiladi.

19 yanvardan boshlab infeksiya tarqalishi munosabati bilan ommaviy tadbirlarda ishtirokchilar soni besh yuz nafar etib belgilangan va ularning barchasi emlash guvohnomasini taqdim etishi shart edi. Shaxsiy yig‘inlar ko‘pi bilan 20 kishi ishtirokida o‘tkazilardi. Dekabr oyidan boshlab ovqatlanish korxonalari mahalliy vaqt bilan soat 23:00 dan kechiktirmay yopilar va xizmat ko‘rsatish faqat oraliq masofasi stollarda amalga oshirilayotgandi. Poyezdlar va avtobuslarda uzoq masofali sayohat qilishda o‘rindiqlarni bron qilish majburiy edi.

Shvetsiya rasmiylari ushbu cheklovlarni bekor qilishdan tashqari, mamlakatga kirish taqiqini ham olib tashlamoqda. 9 fevraldan boshlab Skandinaviya mamlakatlari, YeI va Yevropa iqtisodiy hududi aholisi qirollikka covid pasportisiz kirishlari mumkin. Hukumat bayonotida aytilishicha, qolgan mamlakatlar uchun kirish taqiqi "Yevropa Ittifoqining uchinchi mamlakatlardan kirish bo‘yicha tavsiyalariga muvofiq" 31 martgacha uzaytirildi.

Yuqori emlash darajasi

Shvetsiya sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, kuzda kovidga qarshi emlash antikorlari bo‘lgan odamlar sonining yanada ko‘payishiga olib keldi. Noyabr va dekabr oylarida o‘tkazilgan seroyepidemiologik tadqiqotlar natijalari shuni ko‘rsatdiki, ularning ulushi allaqachon mamlakat aholisining 85 foizini tashkil qiladi.

Umuman olganda, bolalar va yoshlarda (0-19 yosh guruhi) bu ko‘rsatkich 56% ni tashkil etdi. Biroq, 12 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarda u 40% dan 74% gacha ko‘tarildi. 16-19 yosh guruhida emlanganlar ulushi 74 foizni, koronavirusga qarshi antikorlari borlar esa 87 foizni tashkil etadi. Go‘daklikdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalarda vaziyat o‘zgarishsiz qolmoqda, ular uchun emlash bo‘yicha tavsiyalar yo‘q: bu yerda antikorlar 30% da aniqlandi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 12-15 yosh guruhini emlash kutilgan natijani bergan. Aholini keng miqyosda emlash, “omicron” variantining keng tarqalishiga qaramay, kasallikning og‘ir shakllarini kamaytirishga yordam bergan. Shvetsiyada 12 yoshdan oshgan aholining 83,8 foizi ikki dozada emlangan. 18 yoshdan oshgan aholining 53,1 foizi ham kuchaytiruvchi doza bilan emlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

23

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing