Shu ishlarni 15 yil oldin boshlaganimizda bolalarimizning saviyasi boshqacha bo‘lardi – Mirziyoyev
Jamiyat
−
23 aprel 2021
6531O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Texnoparkda ishga tushirilgan yangi korxonalarni borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, bu yerda umumiy qiymati 365 million dollardan ziyod bo‘lgan 17 ta loyiha joylashtirilgan bo‘lib, shundan 6 tasi o‘tgan yili foydalanishga topshirilgan edi. Bu yil boshida yana 4 ta korxonada qurilish-montaj ishlari bitkazilgan. Ayni kunlarda sinov rejimida mahsulot tayyorlanmoqda.
Prezident ushbu korxonalarda o‘rnatilgan texnologiyalar, ishlab chiqariladigan mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi.
“Bu korxonalarning, albatta, iqtisodiy ahamiyati katta. Lekin meni ko‘proq quvontiradigani yoshlarimizning malakasi, ishonchi. Hozirgi yoshlar o‘qigan paytlarda bunaqa stanoklar yo‘q edi. Shu ishlarni 15 yil oldin boshlaganimizda bolalarimizning bilimi, saviyasi bugun umuman boshqacha bo‘lardi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etilishicha, furnitura va aksessuarlar loyihasining qiymati 20 million dollar. Buning evaziga bino mukammal ta’mirlanib, Turkiyadan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan. 450 ta ish o‘rni yaratilgan. Korxona eshik va romlar uchun yiliga 6 million dona furnitura va aksessuar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu 10 million dollarlik import o‘rnini to‘ldirish, 3 million dollarlik eksport imkoniyatini beradi.
Yana bir korxonada 5 xil modifikatsiyadagi panelli isitish radiatorlari ishlab chiqariladi. Uning qiymati 19 million dollardan ziyod, quvvati yiliga 640 ming dona. Yevropa texnologiyasi asosida tayyorlanadigan bunday radiatorlarga ichki bozorda ham, tashqi boroda ham talab bor. Shundan kelib chiqib, 6 million dollarlik import o‘rnini bosish, 8 million dollarlikdan ko‘proq eksport qilish mo‘ljallangan. 250 kishi ish bilan ta’minlangan.
“Alyumin kompozit panellar korxonasi ham iqtisodiy samarador. Unda tayyorlanadigan 432 ming dona mahsulot 10 million dollarlik import o‘rnini to‘ldirish, 3 million dollarlik eksportni ta’minlash imkonini beradi. Buning uchun 2 million dollar evaziga Xitoy texnologiyasi o‘rnatilgan. 80 ta ish o‘rni yaratilgan”, deyiladi xabarda.
Metall konstruksiyalar ishlab chiqarish loyihasining qiymati 29 million dollar. Shunga yarasha, import o‘rnini bosish darajasi ham nisbatan yuqori – 16 million dollar. Shuningdek, 1,5 million dollarlik eksport ham rejalashtirilgan. Korxonaga Italiya texnologiyasi o‘rnatilgan bo‘lib, 3 xil sendvich panellar hamda 2 turdagi qora va yengil metall konstruksiyalar ishlab chiqariladi. Bu yerda 350 kishi ishlaydi.
Yangi ishga tushayotgan korxonalarda mahalliylashtirish darajasi 35-40 foizni tashkil etadi.
Texnoparkda barcha loyihalar ishga tushgandan keyin joriy yil yakunida 5 trillion 700 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi, 105 million dollarlik eksport qilinadi. 7 mingga yaqin kishi ish bilan ta’minlanadi.
Prezident shu bilangina cheklanmasdan, yangi loyihalar ishlab chiqish, qo‘shilgan qiymat yaratadigan mahsulotlarga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
LiveBarchasi