Shuhrat G‘aniyev Bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi

Jamiyat

image

2012 yildan buyon Farg‘ona viloyati hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Shuhrat G‘aniyev bugun, 25 sentyabr kuni boshqa lavozimga o‘tkazilayotgani munosabati bilan hokimlikdan bo‘shatildi. Endilikda u Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ish boshlaydi. 

Avval xabar berganimizdek, Farg‘ona viloyati faollari bilan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Administratsiyasi raisi Zaynilobiddin Nizomiddinov va Bosh vazir Abdulla Aripov ishtirok etdi. Yig‘ilishda 2015 yildan bugungacha Namangan viloyati hokimi lavozimida ishlagan Xayrulla Bozorovga Farg‘ona viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajarish yuklatildi. Shuhrat G‘aniyevning esa Bosh vazir o‘rinbosari lavozimi ishlashi aytildi.

Shuhrat G‘aniyev 1968 yilning 11 sentyabr kuni Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahrida tavallud topgan. Millati – o‘zbek. Partiyaviyligi yo‘q. Ma’lumoti – oliy. 

1992 yilda  Toshkent davlat agrar universiteti, 2005 yilda Toshkent kimyo-texnologiya institutini tamomlagan.  2015 yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi.
 
Ish faoliyatini 1989 yilda Farg‘ona viloyati matlubot birlashmasi Marg‘ilon bazasi etakchi mutaxassisi lavozimida boshlagan. 

1996-2000 yillarda – Marg‘ilon tumanlararo “Agrokimyota’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining o‘rinbosari, boshqaruvi raisi;

2000-2001 yillarda – Farg‘ona viloyati “Agrokimyota’minot” aksiyadorlik birlashmasi boshqaruvi raisi;

2001-2002 yillarda – Farg‘ona viloyati “Qishloqxo‘jalikkimyo” aksiyadorlik birlashmasi boshqaruvi raisi;

2002-2004 yillarda – “O‘zqishloqxo‘jalikkimyo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisining o‘rinbosari;

2004-2007 yillarda – “O‘zkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisining o‘rinbosari;

2007-2008 yillarda – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qishloq va suv xo‘jaligi,  qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda  iste’mol tovarlari masalalari axborot-tahlil departamentining mudiri;

2008-2011 yillarda – Farg‘ona viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari;

2011-2012 yillarda – Farg‘ona viloyati hokimi vazifasini bajaruvchisi bo‘lib ishlagan. 

Ma’lumot o‘rnida, Shuhrat G‘aniyev afg‘on urushi ishtirokchisi sanaladi. 2019 yilda Sobiq ittifoq qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqarilganiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan Afg‘oniston urushi faxriysi sifatida Shuhrat G‘aniyev qimmatbaho toshli orden bilan taqdirlangandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

426

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing