Shuhrat Abdurahmonov: viloyat hokimi – viloyatning otasi degani
Jamiyat
−
02 mart
16699Bugun, 2 mart kuni Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov “qizil toifa”ga kiruvchi andijonlik yoshlarning 36 nafari bilan uchrashdi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.
Ob’ektiv, sub’ektiv sabablar bilan “qizil”, “sariq” va “yashil” toifaga ajratilgan yoshlar haqida so‘z ochar ekan, viloyat hokimi Andijonda 11294 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning ro‘yxati borligini qayd etdi.
"Hayotda nimadandir qoqilgan, qiynalgan 11294 nafar yoshning ro‘yxatini menga shakllantirib berishgan. Shu ro‘yxatdagi 11294 nafarni hamma rahbarlarga bo‘lib chiqdim", degan Abdurahmonov.
Shuningdek, hokim o‘ziga ham 36 nafar yosh biriktirilganini aytdi. U bilan yuzma-yuz o‘tirganlarning muammosini shaxsan o‘zi yechib berishga va’da bergan Abdurahmonov "viloyat hokimi – viloyat otasi" ekanini urg‘ulagan.
"Barchangiz bilan tanishib, muammolarni eshitib, qo‘limdan kelganicha bugun, bugun bo‘lmasa, ertaga yechishga harakat qilaman. Faqat aravani tortib ketish o‘zingizga bog‘liq. Tortinmay, berkinmay gapiraveringlar", degan u.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Shuhrat Abdurahmonov futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining 17-turi doirasida “Andijon” va “Olimpik” klublari o‘yinida 2:1 hisobida g‘alaba qilgan futbolchilarga iPhonye 14 smartfonlarini, gol muallifi Rubin Hebayga esa istagan avtomashinasini olib berishga va’da qilgandi.