Shtaynmayer Gitler tufayli 2036 yilgi Olimpiadaga qarshi chiqdi
Olam
−
19 fevral 5203 1 daqiqa
Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer 2036 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlariga mamlakatining mezbonlik qilishi g‘oyasini maqsadga muvofiq deb hisoblamadi. Bu haqda “Der Spiegel” nashri xabar berdi.
Shtaynmayer Italiyada bo‘lib o‘tgan qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida Germaniyaning rasmiy delegatsiyasiga boshchilik qilgan. U Olimpiada yana Germaniyada o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlaydi, biroq bu 2036 yilda bo‘lishini istamaydi.
“Prezident 2036 yilni tarixiy sabablar tufayli Germaniyaning nomzodligi uchun muammoli deb hisoblaydi. Davlat rahbari Olimpiya o‘yinlari 2040 yoki 2044 yilda Germaniyada o‘tkazilishiga umid qilmoqda”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Germaniyaning bo‘lajak nomzodligi atrofidagi muhokamalar natsistlar Germaniyasining 1936 yilgi Olimpiadaga mezbonlik qilgani bilan bog‘liq. Adolf Gitler rejimi ushbu tadbirdan targ‘ibot maqsadida foydalangani sababli, zamonaviy nemis siyosatchilari voqeadan roppa-rosa 1 asr o‘tib yana o‘yinlarga mezbonlik qilish masalasiga tanqidiy yondashmoqda.
Berlin, Gamburg, Myunxen va Reyn-Rur mintaqasi avvalroq Olimpiadaga mezbonlik qilish istagini bildirgan. Germaniya Olimpiya sport konfederatsiyasi joriy yil oktyabriga qadar yagona nomzodni aniqlashi kutilmoqda. Shu bilan birga, Germaniya hukumati 2025 yilda o‘yinlarning 2040 yilda o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Ma’lumot uchun, 1936 yildan tashqari Germaniya yozgi Olimpiya o‘yinlariga faqat bir marta – 1972 yilda Myunxenda mezbonlik qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yilgi Olimpiya o‘yinlarining birinchi g‘olibi e’lon qilingan edi.