Sholi dalalarida “aqlli” suv hisoblagichlar o‘rnatish majburiy bo‘ladi
Jamiyat
−
18:50 1283 2 daqiqa
2027 yildan O‘zbekistondagi sholi va baliqchilik maydonlarida “aqlli” suv hisoblagichlar o‘rnatish majburiy etib belgilandi. Bu haqda Prezidentning joriy yilning 5 fevral kuni qabul qilingan “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Qarorga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibi joriy qilinadi:
2027 yildan har yili suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi va subsidiyalar sug‘oriladigan yer maydonlarining suv bilan ta’minlanganlik holatidan kelib chiqib belgilanadi:
- suv bilan barqaror ta’minlanmagan hududda joylashgan sug‘oriladigan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinganda, ajratiladigan subsidiyalarga 1,25 oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llagan holda hisoblanadi;
- suv bilan barqaror ta’minlangan hududda joylashgan sug‘oriladigan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinmaganda, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobar oshirilgan miqdorda qo‘llaniladi.
Shuningdek, 2027 yildan sholi yetishtiriladigan maydonlarning suvning kirish qismi hamda baliqchilik xo‘jaligi tashkil qilingan yer maydonlarining suvning kirish va chiqish qismiga tadbirkorlar o‘z mablag‘laridan “aqlli” suv o‘lchash va hisoblash vositalarini o‘rnatishi majburiy etib belgilanadi.
Bunda “aqlli” suv o‘lchash va hisoblash vositalari o‘rnatilmaganda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobarga oshirilgan miqdorda hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2030 yilgacha aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash qamrovi 85 foizga yetkazilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi