Shols Ukrainaga yordam paketini blokladi. Berbok bundan norozi
Olam
−
18 yanvar
5761Joriy yilning 16 yanvar kuni Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok kansler Olaf Sholsning Ukrainaga yangi yordam paketini bloklaganidan so‘ng hukumat yig‘ilishini tark etdi. Bu haqda “Bild” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Shols vazirni to‘xtatishga harakat qilgan, ammo g‘azablangan Berbok uning iltimoslariga qaramasdan xonani tark etgan. Ushbu voqea boshqa siyosatchilar va jurnalistlar ko‘z o‘ngida yuz bergan.
“Ammo bir narsa aniq: ular o‘rtasidagi munosabatlar ancha yomon”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius va Annalena Berbok Ukrainaga yangi yordam paketini faol ravishda ilgari surmoqda. Vazirlar Ukrainaga IRIS-T havo mudofaa tizimlari, Patriot zenit majmualari uchun snaryadlar va raketalar, o‘n dona gaubitsa, shuningdek, o‘q-dorilarni yetkazib berishni rejalashtirgandi. Yordam paketining umumiy qiymati 3 milliard yevroni tashkil qilishi kerak edi. Bu paket 2025 yilgi byudjetda allaqachon ko‘zda tutilgan 4 milliard yevro yordamga qo‘shimcha tarzda rejalashtirilgandi. Shols ushbu yordamni faqat yangi davlat obligatsiyalari chiqarilishi hisobidan moliyalashtirish sharti bilan tasdiqlashga tayyorligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Olaf Shols yordamni bloklashi mumkinligi haqidagi ilk xabarlar 9 yanvar kuni “Der Spiegel” tomonidan tarqatilgan edi. Keyinchalik, Germaniya Mudofaa vazirligi rahbari qo‘shimcha yordam Germaniya kansleri tomonidan to‘xtatilmasligini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi
O‘zbekiston sun’iy yo‘ldosh yasayapti.
17 yanvar