Shols Putinga sim qoqdi
Olam
−
15 noyabr
9222Germaniya kansleri Olaf Shols va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 2022 yil oxiridan buyon birinchi bor telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Germaniya hukumatidagi manbasiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, suhbat bir soat davom etgan va uning tashabbuskori Olaf Shols bo‘lgan. Suhbat tafsilotlari hozircha ochiqlanmagan.
Ma’lumot uchun, Putin va Shols oxirgi marta 2022 yil dekabrida telefon orqali suhbatlashgan. O‘shanda Shols Putinni Ukraina hududidan qo‘shinlarni olib chiqishga va mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilish uchun yechim topishga chaqirgan. Rossiya Federatsiyasi va Germaniya rahbarlarining so‘nggi yuzma-yuz uchrashuvi 2022 yil 15 fevral kuni Kremlda bo‘lib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Olaf Shols Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot o‘tkazish niyatini tasdiqlab, biroq bu ishni sheriklari bilan kelishuvsiz amalga oshirmoqchi emasligini aytgan edi.