Shols Putin bilan gaplashish shartini aytdi
Olam
−
11 noyabr
8283Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot o‘tkazish niyatini tasdiqladi, biroq bu ishni sheriklari bilan kelishuvsiz amalga oshirish niyatida emasligini aytdi. Bu haqda u ARD telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Ha, men Rossiya Prezidenti bilan kerakli vaqtda gaplashaman. Lekin men buni bir tomonlama qilmayman. Bu men uzoq vaqtdan beri faol ravishda olib borgan ko‘plab aloqalarni, ko‘pchilik bilan muzokaralarni o‘z ichiga oladi”, dedi Shols.
Germaniya kansleri Rossiya rahbari bilan suhbat tez orada bo‘lishi mumkinligini aytdi.
1 oktyabr kuni “Die Zeit” gazetasi hukumatdagi manbalarga tayanib, Shols 18-19 noyabr kunlari Braziliyada bo‘lib o‘tadigan G20 sammiti oldidan Putin bilan bog‘lanishni rejalashtirayotgani haqida xabar berdi. Agar suhbat bo‘lib o‘tsa, Germaniya hukumati rahbari G‘arbning yetakchi davlatlari rahbarlaridan birinchi bo‘lib bir yarim yildan ko‘proq vaqt o‘tib Putin bilan yana to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lanadi.
Putin va Shols oxirgi marta 2022 yil dekabrida telefon orqali suhbatlashgan. Rossiya Federatsiyasi va Germaniya rahbarlarining so‘nggi yuzma-yuz uchrashuvi 2022 yil 15 fevral kuni Kremlda bo‘lib o‘tgan.
2 oktyabr kuni Kreml voizi Dmitriy Peskov Putin doimo muloqotga ochiq bo‘lgan va shunday bo‘lib qolishini ta’kidladi. Biroq Kreml vakilining ta’kidlashicha, Putin va Sholsning hozirda yuzaki suhbat uchun umumiy mavzulari yo‘q. Uning eslatishicha, Rossiya va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlar deyarli nolga tushib ketgan.