Xonadoshlar ko‘rmagan yiqilish: o‘quvchining o‘limi tasodifmi yoki..?

Tahlil

Reklama
0:00

Avvalroq, Toshkent shahridagi maktab-internatning 16 yoshli o‘quvchisi Shohidbek Jamoliddinov yotoqxonaning 4-qavatidan tushib ketib, halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Qalampir.uz jamoasi tafsilotlarni aniqlash uchun Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatiga borib, tashkilot direktori, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.

Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatining o‘quv binosi hamda yotoqxonasi qurilish jarayonida bo‘lgani sababli, o‘quvchilar vaqtinchalik Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatining binosidan foydalanayotgan bo‘lgan. O‘quvchilarni yotoqxonaga joylashtirish uchun esa Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti tanlangan. Fojia joriy yilning 5 sentyabrida shu institutdagi yotoqxonada sodir bo‘lgan. Marhum Shohidbek Jamoliddinov og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan. Ammo ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, 15 sentyabr kuni olamdan o‘tgan. Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatining ijrochi direktori Javohir Axmedov falokat yuz bergan kunni aniq eslaydi.

“Shaxsan o‘zim ham o‘sha yerda edim. Kunduzgi tarbiyachimizdan: “Bir o‘quvchimiz to‘rtinchi qavatdan tushib ketdi”, degan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Zudlik bilan pastga shoshildim. Tushsam, ikki tarbiyachi va bolaning xonadoshi bo‘lgan ikki yigit o‘sha yerda ekan. U derazadan tushgan joy yumshoqroq, rezina qoplama edi. Bola yuzi yerga qaragan holatda yotgan ekan. Oldiga borib: “Shohidbek, yaxshimisan?” deb so‘radim. U “Yaxshiman, ustoz. Hammasi joyida. Meni kechiring, noto‘g‘ri ish qildim. Kompyuterimni yaxshi ko‘rardim, uni deraza oldida ushlab qolaman deb muvozanatni yo‘qotib, tushib ketdim”, dedi. U aynan shu gaplarni aytdi. Bu jarayonda yonimda uning xonadoshlari – ikki-uch nafar bola va tarbiyachi ham bor edi. “Tez yordamga qo‘ng‘iroq qildinglarmi?” deb so‘radim. Ular qilib bo‘lgan ekan”, deydi ta’lim tashkiloti rahbari.

Falokat sodir bo‘lgan payt xonada marhumdan tashqari yana ikki nafar o‘quvchi bo‘lgan. Ular tengqurlarining aynan qanday tushib ketganini ko‘rmagan bo‘lsa-da, qulashidan avvalgi vaziyatga guvoh bo‘lgan.

“Biz parkdan qaytib kelgandik, hamma xonada edi. Biz o‘z o‘rnimizda edik. Qulog‘imda quloqchin bor edi, ovozi baland qo‘yilgandi. Joyimda dam olib yotgandim. Keyin Shohidbekni deraza yoniga o‘tganini ko‘rdim. U tik turgancha noutbukini tokchaga qo‘ygan edi. Meni uyqu bosa boshlaganda birdaniga qattiq ovoz eshitildi. Qarasam, u pastda yotibdi. Uch-to‘rt soniya shok holatida qotib qoldim, so‘ng yugurib pastga tushdim. Keyin uni tez yordam olib ketdi”, deydi marhumning xonadoshi Shavkat Jumanov.

Yana bir o‘quvchi esa Shohidbek yiqilganidan keyin ham muloqot qila olganini aytdi.

“Yotoqxonada darsimni qilib, quloqchinda o‘tirganim uchun shovqinni eshitmay qolganman. Qattiq ovoz eshitilgach va Shavkatbek o‘rnidan turganidan keyin qarasam, Shohidbek yo‘q ekan. Pastga tushganimizda Shohidbek gaplasha oladigan holatda edi, savollarga javob berayotgandi. Tanasida qon ko‘rinmasdi”, deydi Eldorbek Hakimov.

Fojia sodir bo‘lgan kuni kunduzgi tarbiyachi sifatida manzilda bo‘lgan xodim Dilshod Murodov esa holat sodir bo‘lgan vaqtni ham taxminan eslaydi.

“Navbatchilik paytim edi. Kunduzi soat 15:00–15:10 lar atrofida koridorda o‘tirganimda ikkita bola chopib chiqib: “Ustoz, o‘rtog‘imiz tushib ketdi!” deb aytdi. Zudlik bilan pastga yugurdim. Tushib, tepada – to‘rtinchi qavatda o‘tirgan rahbarga qo‘ng‘iroq qildim va birinchi navbatda tez yordam chaqirdik. Bola tushganida hushida edi, hech qayeridan qon chiqmagandi, berilgan savollarga javob berayotgan edi”, deydi u ham.

Biz marhumning sinfdoshlariga “U yaqin kunlarda tushkun kayfiyatda yurganmidi, nimadandir siqilgan yoki kim bilandir tortishib qolgan holatlari kuzatilganmidi?” kabi savollarni berdik.

“Shohidbek yaxshi bola edi, hammamiz bilan yaxshi chiqishardi. Matematikadan olimpiadalarda qatnashib turardi, natijalari ham yaxshi – top-10 talikda bo‘lardi. Oxirgi paytlar kayfiyati buzilib, siqilib yurgani yo‘q. Ikki soatcha oldin birga parkka – G‘alaba bog‘iga chiqib kelgandik. O‘shanda ham kayfiyati yaxshi edi, hamma bilan yaxshi muloqot qilayotgandi”, deydi xonadoshi.

Kunduzgi tarbiyachi esa bolalar o‘zaro janjallashgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi farazlar umuman haqiqatga mos emasligini aytdi.

“Ish boshlaganimdan beri biror marta bolalar o‘rtasida tortishuv bo‘lganini yo so‘kishganini eshitmaganman. Hammasi o‘qigan, bilimli, fikrlash doirasi keng bolalar. Ko‘chadagilarga o‘xshab janjallashib, tortishib, bir-birini haqorat qilish degan narsa umuman yo‘q edi”, deydi Dilshod Murodov.

Voqea joyiga yetib kelgan tez yordam jabrlanuvchini xalq tilida “TashMI” nomi bilan tanilgan Toshkent tibbiyot akademiyasiga olib ketgan. Maktab-internat direktorining aytishicha, Shohidbek shu holatda ham darslar haqida o‘ylagan.

“TashMIga qarab yo‘lga tushdik. Yo‘l-yo‘lakay Shohidbek bilan gaplashib ketdim. U hushida, o‘zini yo‘qotmagandi. “Ustoz, kechiring. Endi o‘qishim nima bo‘ladi? Mabodo oyog‘im singan bo‘lsa, menga onlayn o‘qishga ruxsat berasizmi? O‘rtoqlarimdan qolib ketmaymanmi?” dedi. Men unga: “Albatta, ruxsat beraman. Biliming yetarli, bolalar ham yordam berishadi. Borib oyog‘ingni gips qildiraylik, o‘zingga kelib ol. Hozircha onlayn o‘qib turasan, keyin yana safimizga qaytasan”, deb ko‘nglini ko‘tardim. U “Rahmat, ustoz”, dedi... TashMIga borguncha shunday gaplashib bordik”, deydi u.

16 yoshli Shohidbek Jamoliddinov – shoir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri birinchi o‘rinbosari Nosirjon Jo‘rayevning farzandi. Falokat sodir bo‘lganidan so‘ng maktab ma’muriyati ota-onani ham bu masala bo‘yicha boxabar qilgan.

“Shifoxonaga otasi bilan birga kirdik. Ko‘rikdan o‘tkazgan shifokorlar ikkalamizni kompyuter yoniga taklif qilishdi. Bosh miyadan boshlab o‘tkazilgan barcha kompyuter tomografiyasi natijalarini ko‘rsatishdi. Ekrandagi bosh miya tasvirini ko‘rsatib berilgan birinchi ma’lumot shu bo‘ldiki, Xudoga shukur, bosh miyaga zarracha ham zarar yetmagan. “Boshi bilan tushmagani – eng katta baxtimiz”, deyishdi shifokorlar. So‘ngra oyog‘idagi jarohatni tushuntirishdi. Oyog‘ining yuqori qismida bir joyi singani, lekin bu bemorning hayotiga hech qanday xavf solmasligini aytib, o‘sha singan joyni ham ekranda ko‘rsatishdi. Shuningdek, umurtqa pog‘onasining pastki qismidagi, adashmasam, uchinchi umurtqa qattiqroq singani va yana ikkitasi yorilganini ma’lum qilishdi”, deydi u shifokorlarning so‘zlarini eslashga urinib.

“Qalampir.uz” aniqlagan ma’lumotga ko‘ra, Shohidbekning bosh miyasi lat yegan va umurtqa orqa miyasidan ham jarohat olgan. Shuningdek, ko‘krak qafasi ham jiddiy shikastlanib, o‘pkasi va yuragi lat yegan. Bundan tashqari, tovoni va dumg‘aza suyaklari singan. Bola hodisadan so‘ng koma holatiga tushgan.

“Shifokorlar natijalarni ko‘rgach, to‘rt-besh nafari maslahatlashib, darhol operatsiya qilishga ehtiyoj yo‘qligini, bu rejali tarzda amalga oshiriladigan amaliyot ekanini aytishdi. “Ochiq sinish yo‘q, hayotiga xavf soladigan holat mavjud emas. Biroq hozir biz e’tibor qaratishimiz zarur bo‘lgan eng muhim jihat – bu o‘pka masalasi”, deyishdi. Tushuntirishlaricha, baland qavatdan tushgan paytda o‘pka va diafragma qisilar ekan. Natijada o‘sha sohada havo hamda qon yig‘ilib, gematoma hosil bo‘lgan. Shifokorlar tibbiy tilda tushuntirishdi, o‘pkaning taxminan 10 foiz qismida shunday holat kuzatilgan. “Hozirgi asosiy vazifamiz – kateter o‘rnatib, o‘pkaga yig‘ilgan havo va qonni chiqarib tashlash. Eng muhim ish – shu. Qolgani, ya’ni umurtqa pog‘onasi bilan bog‘liq jarohatlar uning hayotiga xavf solmaydi. U yog‘iga davolash jarayonida boshqa mutaxassislar bilan bamaslahat ish tutamiz”, deb otasi ikkalamizga vaziyatni batafsil tushuntirishdi”, deydi direktor.

10 kun davomida bemorga turli muolajalar qilingan, biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, Shohidbek 15 sentyabr kuni olamdan o‘tgan. Ammo bu vaqt orasida uning holati yaxshilanayotgani haqida umidli xabarlar ham bo‘lgan.

“Adashmasam, yettinchi kuni otalari xursand bo‘lib telefon qildilar. “Javohir Jamolovich, hozir Respublika neyroxirurgiya markazidan professorlar keldi. Punksiya deyiladigan eski bir usul bor ekan. Umurtqa pog‘onasining singan joyi orqa miya kanalini to‘sib qo‘ymaganiga ishonch hosil qilish, kelajakda bolaning nogiron bo‘lib qolishining oldini olish va aniqlik kiritish uchun dori yuborib ko‘rilarkan. Tepadan ham, pastdan ham dori yuborib ko‘rishganida, hammasi muvaffaqiyatli o‘tdi. Ya’ni umurtqa pog‘onasi bilan bog‘liq hech qanday jiddiy muammo yo‘q ekan”, deb xushxabar bergan edi. Bolaning ahvoli kundan-kunga yaxshilanib borayotgandi. Faqat birinchi zarbda ko‘rinmagan o‘pkadagi jarohat keyinchalik bilinib, 30-40 foiz joyida yana gematoma kabi holat kuzatildi. Vrachlar har kuni beradigan axborotida kapillyarlardagi bu muammo dorilar bilan davolanayotganini bildirardi. Lekin 15 sentyabr kuni ertalab soat yettidan o‘tganda, ishga kelayotganimda otalari qo‘ng‘iroq qilib, “O‘g‘limiz o‘tib qoldi...”, degan shum xabarni berdi”, deydi Javohir Axmedov.

Shundan so‘ng Shohidbek Namangan viloyatiga olib ketilgan va janoza namozi ham o‘sha yerda o‘qilgan. Endi ko‘pchilikda paydo bo‘lgan “Maktab o‘quvchilari nega pedagoglarni qayta tayyorlaydigan institut yotoqxonasiga joylashtirilgan, yotoqxonada nazorat bo‘lganmi?” kabi savollarga javob izlashga o‘tamiz. Al-Beruniy xalqaro maktabi iqtidorli bolalar dasturi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatdagi iste’dodli yoshlarni yuqori sifatli ta’lim bilan ta’minlashga qaratilgan. Muassasa 2025–2026 o‘quv yilidan boshlab o‘z faoliyatini boshlagan va marhum Shohidbek unga qabul qilingan ilk o‘quvchilar qatorida bo‘lgan. Dastlabki yilda 60 ta o‘quvchi saralanib olingan. Maktabning o‘quv binosi va yotoqxonasi qurilish jarayonida bo‘lgani sababli darslar boshqa maktablarda o‘tilgan.

“Maktabimiz faoliyati aynan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri rahbarligidagi Kuzatuv kengashi asosida yuritiladi. Joriy yilda ushbu kengash qaroriga ko‘ra, o‘quvchilarimiz soni 120 nafarga yetgani munosabati bilan o‘quv jarayonlarini tashkil etish uchun Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab binosiga ko‘chib o‘tdik. Sababi darslar barcha laboratoriya va amaliy jihozlarga ega maktabda o‘tilishi hamda har bir o‘quvchiga xalqaro standartlar bo‘yicha qo‘yilgan me’yorlar va sharoitlar ta’minlanishi zarur. Aks holda xalqaro akkreditatsiyadan dars berish huquqidan mahrum bo‘lishimiz xavfi bor edi. IB tashkiloti vakillari kelib, binoni, bolalarning yashash va o‘qish sharoitlarini atroflicha o‘rgandi va bu yerda o‘quv jarayonini davom ettirishga ruxsat berdi”, deydi maktab-internatning direktori.

O‘quvchilar barcha hududlardan saralanib olingani bois, turar joy va yotoqxona masalasi kun tartibiga chiqqan. Bunga ham kuzatuv kengashi orqali yechim topilgan.

“Vazirlik hamda Agentlik rahbariyati boshchiligida tizim tashkilotlari orasida qayerda mos imkoniyat borligi o‘rganildi. Chunki yangi bino qurilgunga qadar yotoqxona uchun davlat byudjetidan qo‘shimcha moliyaviy mablag‘ ajratilmagan edi. Natijada maktabimizdan taxminan 1 kilometru 300 metr masofada joylashgan vazirlik tizimidagi A. Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti yotoqxonasi tanlandi. Mas’ullar bilan birgalikda sharoitlarni o‘rgandik. Xonalar to‘rt kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, ichida yuvinish xonasi, hojatxona va dars qilish uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Bundan tashqari, o‘quvchilarimiz dam olish kunlari institutning kutubxonasi hamda sport majmualaridan erkin foydalanish imkoniyatiga ega edi”, deydi Javohir Axmedov.

Batafsil YouTube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar