Shirin qovunlar “mamlakati”da 1 yil
Tahlil
−
19:07 2999 13 daqiqa
2025 yil ham o‘z nihoyasiga yetib bormoqda. Joriy yil O‘zbekistonda juda ko‘p muhim voqealar: islohotlar, yangiliklar, tayinlovlar-u jamiyat uchun nafi tegadigan o‘zgarishlar bilan bir qatorda qing‘ir ishlar, yashirincha xalqning qonini so‘rganday pulini yeb yurgan ba’zi amaldorlarning qo‘lga tushishlari, og‘ir judoliklar, yo‘llarda va yong‘inlarda halok bo‘lgan fuqarolarning erta o‘limi, shuningdek, bugun gaplashmoqchi bo‘lganimiz, “yuqoridagilar” tomonidan sodir etilgan yilning eng kulgili va joyi kelganda aytish lozim, eng achinarli holatlari, ya’ni o‘zi xalqni to‘g‘ri yo‘lga boshlab, insonlarni o‘zining yaxshi ishlari, odamlarga o‘rnak bo‘luvchi amallari bilan ergashtira oladigan mavqeda bo‘la turib, sharmandali, eshitsa yo yoqa ushlaydigan, yo uyalib labini tishlaydigan, boring ana, odamlarga kulgi bo‘ladigan ishlarga qo‘l urgan ayrim qo‘shtirnoq ichidagi kattalarning “katta qovun”lari ham bo‘ldi. Bugun siz bilan 2025 yilda sodir bo‘lgan eng shov-shuvli, muhokama va e’tirozlarga sabab bo‘lgan noodatiy voqeliklar – amaldorlarning ahmoqona chiqishlarini ko‘rib chiqamiz.
Bandlik vazirligi xodimi Zoom'da mashvaratni ishratga aylantirdi
2025 yilda eng ko‘p muhokamaga sabab bo‘lgan holatlardan biri Bandlik vazirligi tizimida yuz berdi. Muhim ish jarayonining bir qismi bo‘lishi kerak bo‘lgan Zoom platformasi orqali o‘tkazilgan videoselektorda uyatli holat aks etgan kadrlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi. Gap shundaki, vazirlik tizimida faoliyat yuritgan xodim onlayn yig‘ilish vaqtida kamerasini o‘chirishni unutib, xizmat odobiga mutlaqo zid holda xodimasini o‘z tizzasiga o‘tirg‘izgani va u bilan axloqqa to‘g‘ri kelmaydigan harakatlar qilgani aks etgan kadrlar tarmoqlarda tarqalib ketdi. Ushbu videoni ko‘rgan jamoatchilik buni nafaqat bitta tashkilot, balki butun davlat tizimi nufuzi uchun o‘chmas dog‘ sifatida baholadi.

Ushbu hodisa ortidan xodimlar bilan mehnat shartnomasi bekor qilingani haqida xabar berildi. Biroq rasmiy munosabatda ushbu xodimlarning shaxsi haqida ma’lumot keltirilmadi.
Tuman hokimi hech kim tezak qilmay qo‘yganidan nolidi
Bu yil jamoatchilik e’tiborini tortgan, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan navbatdagi holat Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida yuz bergan. Tuman hokimi Anvar Normamatov deputatlar ishtirokidagi yig‘ilishda aholining qish mavsumida uylarini isitish masalasiga to‘xtalar ekan, kutilmagan va ko‘pchilikni hayratga solgan fikrni bildirgan. Uning aytishicha, hozirgi kunda odamlar “aslida tagi ham yo‘q” tabiiy gazga haddan tashqari suyanib qolgan, holbuki, muqobil yo‘llar ham bor. Xususan, u tezak va chalmalardan foydalanish mumkinligini aytib, odamlar bunday qilmay qo‘yganini tanqid ostiga olgan. 2025 yilning oktyabr oyida gapirganlari ortidan hokim lavozimida qolishda davom etayotgandi. Ammo, bu uzoqqa cho‘zilmadi. Normamatov bugun, 30 dekabr kuni ushbu hokim lavozimdan olindi.
Aholining fikricha esa, XXI asrda tezak yig‘ishni maslahat berish davlat amaldorining mas’uliyatiga mutlaqo zid.
Davlat idorasida narkotik
Yilning eng kutilmagan va jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan voqealaridan yana biri Andijon shahrida yuz berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari xizmat xonasida giyohvandlik vositasini iste’mol qilayotgani aks etgan surat tarqaldi. Lavozimi nomidan ham ma’lum – kambag‘allikni qisqartirishi, odamlarni ish bilan ta’minlashi kerak bo‘lgan mas’ul shaxs o‘z xizmat xonasini giyohvandlik iste’moli makoniga aylantirgani jamoatchilikda keskin norozilik uyg‘otdi. Dastlab vazirlik tizimdagi amaldorlarni oqlab, holat “tasdiqlanmagani”, surishtiruvlar olib borilayotgani haqida ehtiyotkorona munosabat bildirdi. Biroq, tezkor-qidiruv tadbirlari davomida fotosuratdagi shaxsdan 0,69 gramm “gashish” moddasi musodara qilinib, sud-kimyoviy ekspertiza ushbu modda giyohvandlik vositasi ekanini tasdiqladi. Shundan so‘ng voqea yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Andijon shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i hamda uning o‘rinbosari bilan mehnat shartnomalari bekor qilindi.

Eng achinarlisi shundaki, bu holat oddiy ko‘chada yoki yashirin joyda emas, balki davlat gerbi osilgan, xalq ishonib topshirgan xizmat xonasida sodir bo‘lgan. Lavozim – mas’uliyat, mansab – namuna bo‘lishi kerak bo‘lgan bir paytda, ayrim amaldorlar hanuz qaysi eshikdan kirib, qaysi yo‘ldan yurayotganini anglab yetmagani achinarli.
“Yil kashfiyoti”. Zoyir Mirzayev rakka qarshi “yechim” topdi
Shu kabi g‘aroyib hodisalar sodir bo‘lar ekan, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ham ushbu ro‘yxatga kirishning uddasidan chiqdi. U bu yil ayollar salomatligiga “qattiq” e’tibor berib, ularning saratonga chalinmasligi yo‘lini topdi. Viloyat hokimining so‘zlariga ko‘ra, ayollar orasida rak kasalligi ko‘payib borayotgani ularning tandirda non yopmay qo‘yganidan ekan. Faqat bu usul keyinchalik, tibbiy nuqtayi nazardan o‘z tasdig‘ini topmadi.
Mirzayev mahallada o‘tkazilgan uchrashuvlardan birida avvallari ayollar tandir oldida non yopib, organizmini “qizdirganini”, qon aylanishi tezlashgani va shu tariqa turli kasalliklardan xoli bo‘lganini aytib bergan.
“Endilikda esa tandirlar yo‘q, qora non yopilmayapti, ayollar chiroyli qilib xo‘jayinlarni ham achchiq bulkaga o‘rgatib oldi, natijada kamharakatlik kuchayib, rak kasalligi avj olmoqda” degan hokim.
Hatto, u bu fikrlarini koreyalik shifokorlar tahliliga tayanib aytganini ham qo‘shimcha qilgan. Ammo, bu bayonot ijtimoiy tarmoq ahliga aks ta’sir qildi. Foydalanuvchilar XXI asrda ayollar salomatligi, onkologik kasalliklar kabi murakkab va jiddiy masalalarni tandir va non yopish bilan bog‘lashni ilmiy emas, balki mas’uliyatsiz yondashuv sifatida baholadi.
Eng achinarlisi shundaki, sog‘liqni saqlash mutaxassislari, ilmiy asos va statistik ma’lumotlar talab qilinadigan ushbu mavzudagi “ichi bo‘sh” xulosalar aynan yuqori lavozimdagi shaxs, ya’ni hokim tomonidan aytildi. Axir hokimning vazifasi kasallik sabablarini “tandir bor-yo‘qligi” bilan izohlash emas, balki ayollar uchun sharoit, tibbiy xizmat va profilaktika tizimini yaxshilash haqida bosh qotirish emasmi?!
Maktab jinsiy aloqa evaziga ish taklif qilinadigan joyga aylantirildi
Ta’lim tizimi bilan bog‘liq eng sharmandali va og‘riqli holatlar aynan bilim va tarbiya maskani bo‘lishi kerak bo‘lgan maktablar atrofida yuz berdi. Dastlab 9 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining mas’ul xodimiga tegishli ekani tasdiqlangan audioyozuv tarqaldi. Unda vazirlik xodimi ayollarga menejerlik sertifikatini olish va maktab direktori sifatida ishga joylashishda yordam berish evaziga u bilan jinsiy aloqa qilishni taklif qilgani eshitiladi. Mazkur audio yuzasidan vazirlik rasmiy munosabat bildirib, ovoz haqiqatdan ham ularning xodimiga tegishli ekanini tasdiqladi. Shundan so‘ng, ushbu mansabdor bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Oradan ko‘p o‘tmay, bu voqea yagona holat emasligi ayon bo‘ldi. Oktyabr oyida Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumani 17-maktab direktori ishga kirmoqchi bo‘lgan ayolga lavozim evaziga jinsiy aloqa taklif qilgani haqidagi audioyozuvlar tarqaldi. Holat viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘rganilib, maktab direktori egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Bir-biridan mustaqildek ko‘ringan bu ikki voqea aslida bitta og‘riqli savolni kun tartibiga chiqardi: maktab va ta’lim tizimi ayrim mansabdorlar qo‘lida ish, sertifikat va lavozim savdolashiladigan maydonga aylanib qolmadimikan? Yana bu savdo yotoq evaziga bo‘lsa... Axir bu tizim bilim va tarbiya berishi, adolat va halollikni o‘rgatishi kerak emasmi? Afsuski, ayrimlar uni shaxsiy ehtiyojlarini qondirish vositasiga aylantirib olgani ham rost.
Havoning musaffoligiga “jiddiy” zarar yetkazgan tandirlar buzdirildi
Poytaxtda kuzatilgan havoning keskin ifloslanishi ortidan keskin choralar ko‘rildi. Maxsus komissiya tashkil qilinib, respublikaning har bir hududidagi havo musaffoligiga zarar yetkazilayotgan holatlarning imkon qadar tegishli tartibda oldi olindi. Shu kabi urinishlardan biri Andijon viloyati Shahrixon tumanida qayd etildi. Lekin, bu holatga “tegishli tartibda chora ko‘rildi” deya nom berishdan ko‘ra ko‘proq “oyni etak bilan yopishga urinildi” degan ma’qulroq bo‘lar edi. Gap shundaki, dekabr oyi boshida “ekologik vaziyatni yaxshilash” vaji bilan tuman hokimi Hikmatulla Dadaxonov ekologik reyd davomida somsaxona tandirlarini buzdirib tashlagan. Tong sahardan boshlangan reyd hokimlikning ijtimoiy tarmoqlardagi tarqatilgan reportaj videolari ortidan jamoatchilikda keskin norozilik uyg‘otgan.
Dastlab ushbu reyd haqida tuman hokimligining rasmiy Telegram-kanalida xabar e’lon qilingan, biroq oradan ko‘p o‘tmay, u o‘chirib yuborilgan. Rasmiy izohda havo ifloslanishining oldini olish va ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida talabga javob bermayotgan umumiy ovqatlanish ob’ektlari faoliyati joyida o‘rganilayotgani aytilgan. Ammo, videolarda “o‘rganish” emas, balki tandirlarning bevosita buzib tashlangani bahslarni yanada kuchaytirgan.
Vaziyatga Andijon viloyati hokimligi munosabat bildirib, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan Shahrixon tumani hokimiga intizomiy jazo chorasi sifatida “hayfsan” berilganini ma’lum qildi. Shuningdek, bunday holatlar takrorlanmasligi uchun tushuntirish ishlari olib borilgani qayd etildi. Ya’ni, tandirlar buzildi, keyin esa masala “tushuntirish” bilan yopildi. Somsapazning tandiri tiklab berilmadi, kompensatsiya ham qoplanmadi. Birovning shaxsiy mulkiga zarur yetkazgan hokim va uning korchalonlariga qonuniy shaklda javobgarlik belgilanmadi.
Biznes-ombudsman esa somsapazni hokimdan himoya qilish o‘rniga, xususiy mulk daxlsiz bo‘lib, tadbirkorlik sub’ektining mol-mulkiga nisbatan choralar faqat vakolatli organ yoki sud qarori bilan amalga oshirilishi mumkinligini eslatishdan nariga o‘tolmadi.
Natijada jamoatchilikda haqli savol tug‘ildi: ekologiyani yaxshilash degani tandir buzishmi? Agar havo tozaligi shu yo‘l bilan ta’minlanadigan bo‘lsa, ertaga yana qaysi soha “ekologiya” bahonasida qurbon qilinadi?
Eski hammom, eski tos! Ayollar Bosh vazir o‘rinbosari sharafiga paxtaga chiqarildi
Majburiy mehnat bekor qilingani, paxta terimi endi faqat “ixtiyoriy” ekani rasman e’lon qilinganiga ham ancha bo‘ldi. Biroq, 2025 yil voqeligi shuni ko‘rsatdiki, ayrim hududlarda eski odatlar hamon tirik – faqat nomi o‘zgardi, xolos. Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nigora Jumayeva ayollarni paxta terimiga jalb qilgani ijtimoiy tarmoqlarda kun mavzusiga aylandi. Internetga tarqalgan audioyozuvlarda mansabdor har bir mahalla faolidan kamida ikki nafar ayolni o‘zi bilan birga dalaga olib chiqishni qat’iy ohangda talab qilgani eshitiladi. Yozuvlarda aytilishicha, ayollar erta tongdan yig‘ilishi va soat 9:00 ga qadar hamma narsa “tayyor holatga” keltirilishi kerak. Sabab esa bitta – Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamovaning tashrifi.
Mazkur holat jamoatchilikda keskin norozilik uyg‘otganidan so‘ng, tuman hokimligi rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, 22 sentyabr kuni tashkil etilgan “Mehnatim – faxrim” tadbirida paxta terimida qatnashgan ayollar faqat “ixtiyoriy” ravishda ishtirok etgan, hech kim majburiy mehnatga jalb qilinmagan.
Biroq, hokimlikning bu bayonoti uzoqqa bormadi. Oradan ko‘p o‘tmay Bandlik vazirligi mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasini e’lon qildi. Vazirlik Qumqo‘rg‘on tumanida ayollar paxta terimiga majburiy jalb qilinganini rasman tasdiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, hokimlik tomonidan “ko‘ngilli” sifatida taqdim etilgan terim amalda majburiy mehnat alomatlariga ega bo‘lgan. Natijada tuman hokimi o‘rinbosari Nigora Jumayevaga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasi asosida jarima qo‘llanilgan.
Hokim bog‘chalarni ichidagi odamlari bilan qo‘shib buzib yuborishni buyurdi
Amaldorlarning aytgan gapi bilan qilgan izohi bir-biriga to‘g‘ri kelmay qolgan holatlar qatoriga Buxoro viloyatida yuz bergan navbatdagi mojaroni ham qo‘shsa bo‘ladi. Tarmoqlarda viloyat hokimi Botir Zaripovning mas’ullarga bergan topshirig‘i aks etgan video tarqalib, jamoatchilik orasida keskin norozilikka sabab bo‘ldi. Videoda hokim xususiy bog‘chalar masalasida keskin ohangda gapirib, hujjati yo‘q ob’ektlarni “sud-pud demasdan” buzib tashlashni, hatto, “ichidagi odamlari bilan ko‘mib yuborish” kerakligini aytadi. Hokimning ushbu so‘zlari nafaqat ijtimoiy tarmoqlarda, balki huquqshunoslar orasida ham jiddiy savollarni keltirib chiqardi.
Mazkur holatdan so‘ng viloyat hokimligi raddiya bilan chiqdi. Rasmiy izohga ko‘ra, video 22 may kuni Buxoro shahridagi 2-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasida olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarini o‘rganish chog‘ida tasvirga olingan. Hokimlikning ta’kidlashicha, viloyat rahbari xususiy bog‘chalarni buzish haqida emas, balki bog‘cha hududida noqonuniy ochilgan kirish-chiqish yo‘laklarini bartaraf etishni nazarda tutgan. Mazkur topshiriq bolalar xavfsizligini ta’minlash, noqonuniy holatlarning oldini olish maqsadida berilgan.
Rasmiy izohlar jamoatchilikdagi savollarni kamaytirmadi. Chunki muhokamalarga sabab bo‘lgan jihat aynan ob’ekt buzilishi emas, balki hokimning “ichidagi odami bilan ko‘mib tashlaysan” degan qo‘pol va tahdidli iborasi bo‘ldi. Raddiyada ushbu jumlaning nega ishlatilgani borasida aniq izoh berilmadi va shunchaki “hissiyot bilan aytilgan gap” deb qo‘ya qolindi. Bundan tashqari, videodagi “sud-pud demasdan buzib tashlaysan” degan jumla ham alohida e’tibor talab etadi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, biror bino yoki ob’ektni buzish faqat vakolatli organ yoki sud qarori asosida amalga oshiriladi. Hokim esa sud hokimiyati vakili emas, balki ijro hokimiyati vakili hisoblanadi.
Mahalla raisi fuqarolarni bearmon so‘kdi
Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “Gaiston” mahallasi raisi videoxabar orqali fuqarolarni qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilgani ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Videoda mahalla raisining og‘zidan bodi kirib, shodi chiqayotganini eshitish mumkin. Bu esa jamoatchilik orasida keskin norozilikka sabab bo‘ldi. QALAMPIR.UZ holat yuzasidan Mahallalar uyushmasi va viloyat IIBdan munosabat so‘ragan, ammo uyushma qo‘ng‘iroqlarni javobsiz qoldirgan, ichki ishlar esa voqeadan bexabar ekanini bildirgan. Ushbu holat mahalliy hokimiyatning fuqarolar bilan muloqotda, rasmiylarning esa OAV bilan hamkorlikda ishlashni xohlamayotganini, qanchalik qoidalarni e’tiborsiz qoldirayotganini ochiq ko‘rsatdi. Raisning o‘z lavozimi va vakolatidan kelib chiqib, odob-axloq qoidalariga amal qilmasligi mahalliy boshqaruv tizimida nazorat va intizomning yetishmasligini ko‘rsatadi.
Tanqidiy postdan so‘ng tuman hokimligi rasmiy munosabat bildirib, masala bo‘yicha ishchi guruh tuzilganini va o‘rganishlar olib borilayotganini ma’lum qildi. Ishchi guruh tarkibida Mahallalar uyushmasi viloyat va tuman bo‘limlari, “Nuroniylar” jamoat kengashi tuman bo‘limi vakillari va mahalla faollari ishtirok etdi. Muhokama davomida mahalla raisining fuqarolar bilan muloqotda odob-axloq qoidalariga rioya qilishi zarurligi, u qilgan qo‘pol xatti-harakatlarni esa hech qanday yo‘l bilan oqlab bo‘lmasligi ta’kidlandi.
Rais esa qilmishidan pushaymonligini, ruhiy charchaganligini va ayrim holatlarda o‘zini boshqara olmayotganini tan oldi. U shuningdek, navbatdagi mahalla raisi saylovida nomzodini qo‘ymasligini bildirdi.
“Zamhokim” daraxt kesilishiga qarshilik qilgan ekolokka kuch ishlatdi
Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi inspektori Ahrorjon Niyozov noqonuniy daraxt kesilish holatini aniqlab, uni to‘xtatmoqchi bo‘lganida tuman hokimi o‘rinbosari Saidali Xizirov tomonidan kuch ishlatildi. Inspektorni milliy gvardiya xodimlari yordamida tuman Ichki ishlar bo‘limiga olib ketish holati ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Holat shuni ko‘rsatadiki, hokim o‘rinbosarlari ekologiya xodimlarining qonuniy faoliyatini beparvo qarshilik bilan to‘xtatishga urinmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil 19 noyabrda imzolangan farmonga ko‘ra, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari mahalliy hokimiyat tuzilmasiga kirmaydi va mustaqil faoliyat yuritadi. Hokim o‘rinbosarining Niyozov faoliyatiga to‘sqinlik qilishi esa bu farmonga to‘liq zid harakat bo‘ldi. Videolarda ko‘rinib turibdiki, Ichki ishlar xodimlari faqat tomoshabin bo‘lib turganida, Xizirov ekologni yoqasidan tutib olib ketgan. Bu esa hokimiyat idoralarida nazorat va intizomning qanchalik sust ekanini, hokim o‘rinbosarining o‘z lavozimidan cheklovsiz foydalanishini ochiq ko‘rsatadi.
Mazkur holat ortidan hokim o‘rinbosari Saidali Xizirov lavozimidan ozod qilindi. Bu qaror mutasaddilarning ishchi guruh yordamida o‘rganishlari va ekologiya inspektorining qonuniy huquqlarini himoya qilish zaruratidan kelib chiqdi.
Tugayotgan yil voqealari shuni ko‘rsatdiki, ayrim amaldorlar uchun lavozim hanuzgacha mas’uliyat va namuna emas, balki o‘z xohish-istaklarini qondirish, qonunni mensimaslik va xalq ustidan “katta gapirish” vositasi bo‘lib qolmoqda. Kimdir xizmat xonasini chilimxonaga aylantirdi, kimdir ayollar salomatligini tandir bilan “davoladi”, yana kimdir ta’limni savdoga, majburiy mehnatni esa “ko‘ngillilik” niqobiga yashirdi. Bularning hammasi bir yilda, bir mamlakatda sodir bo‘ldi.
Albatta, ayrim hollarda aybdorlarga chora ko‘rildi, lavozimidan olindi yoki jarimaga tortildi. Lekin, savol ochiqligicha qolmoqda: nega bu choralarning aksariyati faqat jamoatchilik bosimi ortidan ko‘riladi? Nega tizim ichidan o‘z-o‘zini tozalash mexanizmi hanuz ishlamayapti?
Yil davomida sodir bo‘lgan bu kabi o‘nlab holatlar bir tarafdan kulgili ko‘ringani bilan, aslida jamiyat uchun og‘riqli saboqdir. Chunki amaldorning bir og‘iz so‘zi, bir harakati yoki bir “hazili” ortida odamlar sha’ni, huquqi, salomatligi va ishonchi turadi. Amaldorlar esa buni unutmasligi shart!
Nodir Shukurov
Live
Barchasi