Shimoliy Koreyada yangicha dvigatel ishlab chiqildi
Texnologiya
−
06 mart 2023
20743Shimoliy Koreya muhandislari mamlakatga turli sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish imkonini beruvchi raketa uchun kuchli dvigatel yasashga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda Davlat kosmik boshqarmasi direktori o‘rinbosari Pak Kyon Su bugun, 6 mart kuni Koreya markaziy axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Pak Kyon Su Pxenyan tomonidan Kosmosni, shu jumladan, Oy va boshqa osmon jismlarini tadqiq qilish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha davlatlar faoliyati tamoyillari to‘g‘risidagi xalqaro shartnoma imzolanganining 14 yilligi munosabati bilan intervyu bergan hamda mamlakatdagi olimlarning so‘nggi yutuqlarini ochiqlagan.
“KXDR koinotga raketa-tashuvchini olib chiqish uchun mo‘ljallangan kuchli raketa dvigatelini yaratishda to‘liq muvaffaqiyatga erishdi. Buning natijasida turli sun’iy yo‘ldoshlarni tegishli orbitalarga chiqarishni kafolatlash mumkin”, deydi mutaxassis.
Uning aytishicha, davlat o‘z sun’iy yo‘ldoshlarining ko‘p funksiyaliligi va yuqori samaradorligiga erishgan. Kosmik fan va texnologiyani esa turli sohalarga, jumladan, qishloq xo‘jaligi, baliqchilik, meteorologiya, aloqa, tabiiy resurslarni o‘rganish, yerdan foydalanish va tabiiy ofatlarning oldini olish kabi sohalarga olib borish bo‘yicha ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili KXDR razvedka sun’iy yo‘ldoshini ishlab chiqishning yakuniy bosqichi bilan bog‘liq raketani uchirgan. Bu boradagi ishlarni Shimoliy Koreya rasmiylariga ko‘ra, 2023 yilning apreliga qadar yakunlash rejalashtirilgan. O‘tgan yilning dekabrida esa Pxenyan yuqori quvvatga ega qattiq yonilg‘ili raketa dvigatelini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazgani haqida xabar bergan.
LiveBarchasi