Shimoliy Koreya Rossiyaga 50 minggacha askar yuborishi mumkin
Olam
−
08:56 1021 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Pxenyan Rossiya hududiga ittifoqchisini qo‘llab-quvvatlash uchun 30 – 50 ming nafargacha Shimoliy Koreya harbiylari yuborilishi rejalashtirilganini aytdi. Bu haqda u 8 avgust kuni X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hududiga 30 mingdan 50 ming nafargacha Shimoliy Koreya askarini joylashtirish bo‘yicha qaror qabul qilingan. U bu ma’lumotni qanday manbadan olganiga oydinlik kiritmagan.
Zelenskiy Ukraina hududidan Shimoliy Koreyaga tegishli ayrim raketalar ham topilganini, biroq ularning aniq joylashuvini ma’lum qilmaganini bildirgan.
“Shimoliy Koreya zamonaviy urush olib borish bo‘yicha tajribasini oshirishi, Rossiyadan litsenziyalar va turli harbiy vositalar olishi mutlaqo aniq”, degan Ukraina Prezidenti.
U Janubiy Koreyani Kiyev bilan hamkorlikni kuchaytirishga chaqirib, Ukraina havo mudofaasi tizimlari yetishmayotganini ta’kidlagan.
“Biz yetishmayotgan sohada Janubiy Koreyadan qo‘llab-quvvatlash olishni juda istardik”, degan Zelenskiy.
Uning aytishicha, Ukraina “Dronlar kelishuvi” va boshqa yo‘nalishlarda ham Seul bilan hamkorlik qilishga tayyor. Zelenskiy Ukraina diplomatlari bu masalada Janubiy Koreya tomoni bilan aloqa olib borayotganini qo‘shimcha qilgan.
Ma’lumot uchun, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In 2024 yil iyun oyida Pxenyanda keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risida shartnoma imzolagan. Hujjatda tomonlardan biri tashqi tajovuzga uchragan taqdirda o‘zaro yordam ko‘rsatish bo‘yicha majburiyat ham belgilangan.
Shimoliy Koreya Rossiyaga harbiylar yuborilishini shartnoma bo‘yicha ittifoqchisini qo‘llab-quvvatlash sifatida baholagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda Shimoliy Koreya Rossiyaning Kursk viloyatiga taxminan 14 ming nafar harbiy yuborgan. Ular Ukraina qo‘shinlarining hududga yirik hujumini qaytarishda Rossiyaga yordam bergan.
Shu oyda Ukraina harbiy razvedkasi vakili “Reuters” agentligiga Shimoliy Koreya raketa bo‘linmasi Rossiyaning g‘arbiy qismiga joylashtirila boshlaganini ma’lum qilgan. Ushbu bo‘linma 120 ta ballistik raketa va oltita uchirgich bilan ta’minlanishi mumkinligi aytilgan.
Ukrainada yuqori darajali havo mudofaasi tizimlari jiddiy yetishmayotgani, Rossiya esa bu vaziyatdan foydalanib, ayniqsa urib tushirish qiyin bo‘lgan ballistik raketalardan ko‘proq foydalanayotgani bildirilmoqda.
Ukraina va mustaqil baholashlarga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga millionlab artilleriya va minomyot snaryadlari, ballistik raketalar, uzoq masofaga mo‘ljallangan artilleriya hamda reaktiv zalpli o‘t ochish tizimlarini yetkazib bergan.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyida ham Ukraina Prezidenti Rossiyaga 30 ming nafar Shimoliy Koreya harbiysi yuborilishi mumkinligini aytgan edi.
Live
Barchasi