Shifokorga qo‘l ko‘targanlarga javobgarlik belgilanishi kutilmoqda

Jamiyat

image

O‘tgan uch yil, 2019-2022 yillarda O‘zbekistonda 285 dan ortiq holatda tibbiyot xodimlariga nisbatan turli shakldagi tajovuzlar qilingan. Bu haqda bugun, 22 noyabr Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida so‘z bordi. 

Deputatlar “Tibbiyot xodimining faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi. 

Loyihada  quyidagilar nazarda tutilmoqda:

“Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonun yangi modda bilan to‘ldirilib, unda "tibbiy faoliyat", “tibbiyot xizmat” va “tibbiy yordam” tushunchalarini ochib berishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. 

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks alohida 197-7-modda bilan tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq holatlarda javobgarlikni, mazkur ishning taalluqliligi va uni ko‘rib chiqish muddatlarini belgilash nazarda tutilmoqda.

Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishi belgilab qo‘yilmoqda.

Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi tibbiyot xodimlari huquqlarini himoya qilish va ularning kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarning oldini olishga, shifokorlik kasbining maqomi va nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

Majlisda deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

44

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing