Shifokor dorixonadan dori vositalarini tayinlash uchun rag‘batlar olishiga taqiq qo‘yiladi
Jamiyat
−
05 yanvar 2020
5653Tibbiyot xodimlari tomonidan hujjatlarni soxtalashtirganlik uchun javobgarlik joriy etiladi. Bu Prezidentning 2019 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi farmatsevtika tarmog‘ida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida keltirib o‘tildi.
Hujjatga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2020 yil 1 mayga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasini kiritadi:
• dori vositalariga retseptlar yozish bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan talablarni buzganlik, shu jumladan, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar va prekursorlar ro‘yxatiga kiritilgan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, dori vositalarini olish huquqini beruvchi retseptlarni yoki boshqa hujjatlarni soxtalashtirganlik uchun tibbiyot xodimlari va boshqa shaxslarga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlikni joriy etadi;
• tibbiyot xodimlari tomonidan muayyan dori vositalarini tayinlash va berish uchun farmatsevtika tashkilotlari va dorixonalardan moliyaviy mukofotlar yoxud moddiy yoki nomoddiy ko‘rinishdagi har qanday boshqa rag‘batlar olishiga taqiq qo‘yish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadi.
LiveBarchasi