Shermatov Qashqadaryoda bolalarga polda dars o‘tilganiga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
11 Sentabr 2021
18951Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryodagi maktabda bolalar parta yo‘qligi sababli polda dars qilayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ushbu holatga o‘zining Telegram sahifasida munosabat bildirdi.
“Kimdir jismonan imkoniyati cheklangan bo‘lsada davlatimiz obro‘sini dunyoga ko‘tarayapti, kimdir to‘rt muchasi sog‘ bo‘lib, o‘zaro shaxsiy kelishmovchiligi sababli mamlakatimiz obro‘sini to‘kishga harakat qilayapti…
Ijtimoiy tarmoqlarda Yakkabog‘ tumanidagi maktabda bolalar polda o‘qiyapti, Sherzod Shermatov biz tomonga bir boqib qo‘ying deb yozilgan xabarga ko‘zim tushib qoldi. Eng alam qiladigani, ushbu maktabga o‘tgan yili o‘zim borib, xarob ahvolda bo‘lganiga ta’mirlash dasturiga qo‘shtirgandik. Natijada, 3 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilib, maktab bu yil ta’mirlanayotgan edi”, deydi vazir.
Uning ta’kidlashicha, dastlabki surishtiruvga ko‘ra, maktabning ayrim o‘zaro qarindosh bo‘lgan o‘qituvchilari va direktor orasidagi kelishmovchiliklar sababli, bolalarni polga o‘tkazib, rasmini turli ijtimoiy tarmoqlar va OAVda tarqatishgan.
“Aslida, katta miqdordagi ta’mirlash ishi oxirigacha to‘liq tugab ulgurmaganiga, maktab ochilmasligi, bolalar vaqtincha boshqa maktabda yoki masofadan o‘qib turishi rejalashtirilishi kerak edi. Shuning uchun ham maktabda yangi mebellar vaqtincha o‘rnatilmagan. Agar juda shoshilinch bo‘lib ta’mirdan chiqqan joyida o‘qishni tashkil etish juda zarur bo‘lsa o‘tgan yilgi mebelni vaqtincha ishlatib tursa ham bo‘lar edi. Maktabda o‘quvchi soni quvvatidan oshiq emas, shunga bir smenada o‘qishni tashkil etish uchun joy yetarli.
Shu orqali yarim asr davomida ta’mirlanmagan maktab ta’mirlanayotganiga Yakkabog‘dan o‘ziga xos minnatdorchilik bildirishibdi.
Endi buyog‘iga prokuratura organlari holatni to‘liq o‘rganib, tegishli javobgarlik choralarini ko‘rishadi deb umid qilamiz”, deb yozadi Xalq ta’limi vaziri.
LiveBarchasi