Shavkat Mirziyoyev yangi qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 2 dekabr kuni “Toshkent shahrining issiqlik ta’minoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Toshkent shahri issiqlik ta’minoti tizimining muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish, aholining turmush sharoitlari va sifatini yaxshilash, shuningdek, ularga ko‘rsatiladigan uy-joy kommunal xizmatlar darajasini oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

Toshkent shahar hokimligi va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida Toshkent shahri issiqlik ta’minoti tizimini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berish yuzasidan maslahat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha bitim tuzilganligi;

iste’molchining unifikatsiya qilingan shaxsiy hisobvarag‘ini joriy etgan holda Toshkent shahri bo‘yicha Kommunal xizmatlarni boshqarish markazi va kommunal korxonalarning billing tizimlari bilan integratsiyalashtirilgan Kommunal xizmatlar yagona billing tizimini yaratish, keyinchalik ushbu tizimni respublika bo‘yicha ommalashtirish yuzasidan choralar ko‘rilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Toshkent shahar hokimligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqilgan:

2020-2022 yillar uchun Toshkent shahri issiqlik ta’minoti tizimi samaradorligining asosiy maqsadli indikatorlari (keyingi o‘rinlarda – Maqsadli indikatorlar) 1 va 1a-ilovalarga muvofiq;

2019-2021 yillarda Toshkent shahri issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasi (keyingi o‘rinlarda – Qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Toshkent shahar hokimi, mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga Qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasiga kiritilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirish, shuningdek, asosiy maqsadli indikatorlarni o‘z vakolatlari doirasida bajarish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

a) Toshkent shahar hokimi Toshkent shahri issiqlik ta’minoti tizimini boshqarish faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va uning lozim darajada ishlashi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi;

b) Toshkent shahar tumanlari hokimlari tegishli hududda issiqlik ta’minoti xizmatlarini ko‘rsatish sohasida quyidagilar uchun shaxsan javobgar hisoblanadi:

issiqlik ta’minoti korxonalari tomonidan xizmatlar tuziladigan shartnomalarga muvofiq ko‘rsatilishini, shuningdek, iste’molchilarga issiqlik energiyasi va issiq suv uzluksiz yetkazib berilishini ta’minlash;

issiqlik energiyasi va issiq suv uchun to‘lovlarning kvartiralar ichki hisobga olish uskunalari ko‘rsatkichlari, iste’molning normativ hajmlari va kvartiraning isitiladigan maydoni o‘lchami asosida o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini ta’minlashga, shuningdek, iste’molchilarning qarzdorligi kamaytirilishiga ko‘maklashish;

issiqlik ta’minoti tizimi ob’ektlarining holati, foydalanilishi va ularga ta’mirlash xizmati ko‘rsatilishi ustidan nazoratni ta’minlash;

issiqlik energiyasi va issiq suvni hisobga olish uskunalarining almashtirilishi va o‘rnatilishini, shuningdek, issiqlik ta’minoti korxonalari tomonidan ularning plombalanishini tashkil etish;

issiqlik energiyasi va issiq suvdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish;

v) Toshkent shahar tumanlari hokimlarining issiqlik ta’minoti tizimini boshqarish sohasidagi faoliyati samaradorligi tegishli hududda maqsadli indikatorlarning bajarilishi holati va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatidan kelib chiqqan holda Toshkent shahar hokimligi tomonidan yiliga kamida ikki marotaba baholanadi, shuningdek, mas’ul shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda rag‘batlantirish yoki javobgarlikka tortish choralari ko‘riladi.

4. Belgilansinki, 2021 yil 1 yanvardan boshlab issiqlik quvurlarini rekonstruksiya qilishda majburiy tartibda issiqlikni saqlovchi, shu jumladan, penopoliuretandan tayyorlangan polimer izolyatsiyali va himoya qobig‘iga o‘ralgan, kanalsiz yotqizish imkonini beruvchi quvurlar ishlatiladi.

5. 2019-2022 yillarda Toshkent shahri issiqlik ta’minoti tizimini isloh qilishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh 3-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin va unga quyidagi vazifalar yuklatilsin:

issiqlik energiyasini ishlab chiqarish va yetkazish sarf-xarajatlarini kamaytirish, magistral va uylarning ichki issiqlik ta’minoti tarmoqlarida mavjud yo‘qotishlarni qisqartirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni tashkil etish;

issiqlik ta’minoti sohasiga zamonaviy texnologiyalar va boshqaruv usullari, jumladan, issiqlik energiyasini ishlab chiqarish, taqsimlash hamda uning iste’molini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi faol joriy etilishini ta’minlash;

issiqlik ta’minoti sohasida davlat tarif siyosatini takomillashtirish, shuningdek, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish bo‘yicha har tomonlama tahlil o‘tkazish va takliflar ishlab chiqish;

issiqlik ta’minoti sohasidagi istiqbolli investitsiya loyihalarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini tayyorlash, ko‘rib chiqish va amalga oshirishga ko‘maklashish;

Qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasida nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirilishini tizimli monitoring qilish;

mazkur qarorda nazarda tutilgan vazifalar amalga oshirilishining holati to‘g‘risida har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borish.

Ishchi guruh (A.J.Ramatov) bir oy muddatda mazkur qarorning ijrosini ta’minlash bo‘yicha batafsil amaliy tadbirlar rejasi ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etsin.

6. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga Kengash va uning doimiy komissiyalari ish rejalarini ishlab chiqishda yiliga kamida ikki marotaba:

issiqlik ta’minoti sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini, shu jumladan, aholi bilan muloqot qilish orqali tanqidiy o‘rganish bo‘yicha nazorat-tahlil tadbirlarini o‘tkazishni;

ijro etuvchi hokimiyat organlari, korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlarining issiqlik ta’minoti tizimini boshqarish sohasidagi ishlarning holati, shuningdek, aholini issiqlik energiyasi va issiq suv bilan ta’minlash sifati to‘g‘risidagi axborotini eshitishni nazarda tutish tavsiya etilsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Energetika vazirligi va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda har tomonlama tahlil asosida:

issiqlik tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni kamaytirish, energiya resurslaridan nooqilona foydalanishga barham berish hamda issiqlik ta’minoti tizimini boshqarish sohasidagi boshqa miqdor va sifat ko‘rsatkichlarini nazarda tutuvchi 2030 yil uchun Toshkent shahri issiqlik ta’minoti tizimining samaradorligini oshirish bo‘yicha maqsadli mo‘ljallarni;

joylarda elektr va issiqlik energiyasini kombinatsiyalangan tarzda ishlab chiqarish (kogeneratsiya) texnologiyalarini joriy etishni hamda ulardan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:

zamonaviy va innovatsion resurs tejovchi texnologiyalardan foydalanishni kengaytirishni inobatga olgan holda issiqlik saqlaydigan qurilish materiallari ishlab chiqarish standartlarini qayta ko‘rib chiqish;

ko‘p kvartirali uylarni qurishda issiqlikni saqlash darajasini baholash tizimini takomillashtirish choralarini ko‘rsin.

9. Toshkent shahar hokimligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda iste’molchilarning yuklamalari va issiqlik energiyasi manbalarining quvvatlari balansini xatlovdan o‘tkazish asosida ortiqcha quvvatlarni maqbullashtirish choralarini ko‘rsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J.Ramatov va Toshkent shahar hokimi J.O.Ortiqxo‘jayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2019 yil 2 dekabr


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent issiqlik ta'minoti

Baholaganlar

26

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing