Oilada erkakning o‘rni qolmadi. Xotin-qizlar qo‘mitasini tugatish kerak

Tahlil

image

Ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lganim sababli so‘nggi kunlarda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “Jinoyatga moyil ayollarning 23 toifasi” tasniflangani haqidagi ma’lumotlarning aylanib yurganiga ko‘p guvoh bo‘ldim. Birov unday, boshqasi bunday dedi. Ko‘p o‘tmay, bu tasniflash qo‘mitaga tegishli emasligi haqida Xotin-qizlar qo‘mitasi rasmiy axborot berdi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi faollaru boshqalar tin olgandek bo‘lgandi. Yo‘q, ular muhokamalarni davom ettiryapti.

Gapning indallosini aytsam, mamlakatda fikr erkinligini namoyon etayotgan ijtimoiy tarmoqlardagi gap-so‘zlarning tag zamirida ma’lum ma’noda haqiqat borligini inkor etolmayman.

Haqiqat-ki, anchayin achchiq. Oilaviy ajrimlar, ayollarning xorij davlatlaridagi jinsiy zo‘ravonliklar qurboni bo‘layotgani, ota-onasiz o‘sib tarbiyasi buzilayotgan bolalar...

Qo‘yingchi, statistika atalmish ma’lumotlar yig‘indisi har yili yangilanib turibdi. Bu yig‘indilarga qarab minglab, o‘g‘il-qizlarning tirik yetim bo‘lishiga sababchi bo‘layotgan oilaviy ajrimlarning oxiri bormikan deb o‘ylab qolasan kishi. Masalan. aholi zichligi bo‘yicha nafaqat mamlakatda, shu bilan birga MDHda yetakchi bo‘lgan Andijon viloyatida 786 mingdan ortiq oila tarkibida 3 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. O‘tgan yili viloyatda o‘rtacha 30 mingdan ortiq yangi oilalar tashki topgan. Biroq 4 ming 149 oila qonuniy ajrashgan. 2019 yilning birinchi choragida Andijonda 1 ming 56 ta ajrim kuzatilgan va ularning 431 tasi yosh oila. Agar buni respublika bo‘yicha hisoblab chiqsak katta miqdor yuzaga keladi yoki O‘zbekistonda har beshinchi nikoh ajrim bilan tugayapti.

Ayolning begonasi bo‘lmaydi. Haftaning ma’lum bir kunlarida hududlar markazlariga chiqsangiz, Fuqarolik sudlari eshigi oldida mung‘ayib turgan, sudyaning aliment masalasi bo‘yicha qarorini kutayotgan xotin-qizlarni ko‘rasiz. Ha, bu ayollarning achchiq qismatlari haqida shunchalik ma’lumotlar ko‘pki, bularni birma-bir sanashga vaqt degan oliy hakam yetmasligi aniq. O‘tgan yili ijtimoiy tarmoqlarda kattaqo‘rg‘onlik ayol va uni yechintirgan ichki ishlar xodimi haqidagi xabar nafaqat mamlakatni balki, butun dunyoni larzaga soldi. Uni bu kuyga solgan kasga la’natlar o‘qidik, jazosini olyapti. Lekin jarayon sodir bo‘lgunga qadar ayolning moddiy ahvoli yoki uning ruhiy holati bilan kimdir qiziqdimi? Albatta yo‘q. Lekin ayol jamiyatni va o‘zini sharmanda qilgan bu voqealardan keyin ham tinch yurmagani, eski odati o‘g‘irlik bilan yana o‘sha ijtimoiy tarmoqni “portlatganida” ham aniq yechim berolmadik. Xorij seriallariga taqlidan o‘zini “yettinchi osmon”da, to‘qlikka sho‘xlik qilib, boshlanishiga internetda keyinchalik real hayotda turmush o‘rtog‘iga hiyonat qilayotganlar kam deb o‘ylaysizmi? Yoki tuqqan bolasini mo‘may pul evaziga sotayotgan navoiylik, farg‘onalik, qashqadaryolik, surxondaryolik, jizzaxlik va hokazolar. Bular millatni, mamlakatni sharmanda qilgani yo‘q deb kim kafolat beradi? Oilasi buzilgach, turli nopok yo‘llarga kirib ketishi oqibatida o‘z tuqqan bolasini o‘ldirgan ayol ham yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini hojatxonaga tashlab ketgan ham kimningdir, singlisi boshqa birovning jondek aziz farzandi-ku. Tug‘ilishidanoq o‘z onasi tomonidan tahqirlanib, xojatxonaga tashlab ketilgan, qalbida nafrat unayotgan qizaloq vaqti kelib qanday ona bo‘lishini hech o‘ylab ko‘rganmisiz?

Bu ishlarni bosdi-bosdi qilishga, o‘zimizni oqlab olishga urindik. Xotin-qizlar manfaati haqida juda ko‘p va xo‘p gapirdik. Demokratiya qurayotgan ekanmiz, gender tengligini joriy etish kerak dedik. Deputat ayollarimiz ko‘payyapti, hayotning boshqa jabhalarida ham faol ayollar kam bo‘layotgani yo‘q.

Biroq shunday joylar borki, erkaklar ishlashi kerak bo‘lgan joylarda ayollarni ko‘ryapmiz. Bularni kuzata turib o‘tgan asr boshlarida yoppasiga paranji tashlab, traktorga o‘tirib, davlatning qandaydir plani sabab oilasiga vaqt topolmagan, kolxozlardagi hurmat taxtasiga qo‘yilgan rasmlaridan g‘urur hisssini tuyib, umr bo‘yi daladan kelmagan o‘sha davr xotin-qizlarini eslaysan kishi.

Bugun mamlakatda bir emas, bir nechta xotin-qizlar bilan ishlaydigan tashkilotlar bor. Birovi tadbirkor ayolni, boshqasi olima ayollarni ko‘paytirib beryapti. Baraka topsin. Ammo ularning haq-huquqlari bilan shug‘ullanadigani, xotin-qizlarning manfaatlarini himoya qiladigani bitta. Bu— O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi. Mustaqillik e’lon qilingan yilning 27 dekabrida Termizda o‘tkazilgan konferensiyada O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tashkil topdi. Qo‘mita O‘zbekiston tarixida ilk tashkil etilgan jamoat birlashmasi sifatida mamlakat xotin-qizlarining ixtiyoriy asosdagi, o‘zini o‘zi boshqaradigan nodavlat notijorat tuzilmadir. Tashkilot raisi rasman Bosh vazir o‘rinbosari hisoblanadi va o‘z navbatida mamlakat Hukumati a’zosi hamdir. Viloyat, tuman va shaharlardagi qo‘mita raislari hokim o‘rinbosari sanaladi.

Tashkilotning o‘tgan “shonli” faoliyatiga nazar tashlasak, ko‘p narsalar oydinlashadi. “Eng namunali falonchi”, “Eng namunali pismadonchi”, “Zulfiyachi”, qo‘yingchi, chi-chilarni yaratdik. Tadbirbozliklardan bo‘shamadik. O‘z oilasini saqlab qolish uchun “opa”dan najot istab kelgan yuzlab ayollar opaning (Xotin-qizlar qo‘mitasining raisi) prokuratura, ichki ishlar, ma’naviyat, yana boshqasining tadbirida yurganidan xabardor yoki bexabar ortga qaytishga majbur bo‘ldi. Bunday holat viloyat va tumanlarda sal o‘zgargan ssenariylarda olib borildi. Ya’ni viloyat yoki tumanning “opasi” paxtaga, bug‘doyga, fermerga, qurilishga, maktabga, kollejga vakil qilib yuborilar, idorasida esa bitta-ikkita hodim tayyor bayonnomaning uyoq-buyog‘ini o‘zgartirish bilan band edi. Oxiri nima bo‘ldi?

Yillar davomida oilaviy kelishmovchiliklar ortida ajrimlar soni ko‘paydi. O‘z ustida “ishlagan” “opa”lar biron ajrimni oldini olish o‘rniga daladan, tadbirlardan bo‘shamay qoldi. Bu gaplar endi yaqin o‘tgan tarixga aylandi.

Bugun zamon o‘zgardi. Xotin-qizlar masalasi davlatning ustuvor siyosati darajasida qayta ko‘rib chiqildi. Oilaviy ajrimlarni oldini olish bo‘yicha tashkilotga “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va FHDYO organlari yordamga yo‘naltirildi.

Biroq oilaviy ajrimlarni keskin kamaytirishda “lov” etib ko‘zga tashlanadigan yoki quloqqa yoqadigan natijaga erishilgani yo‘q. Vaqt bering, deyishadi. Vaqt esa o‘tib boryapti. 

Menda taklif bor. Sharqda azaldan oilani muqaddas qo‘rg‘onga mengzashadi. Bunga ko‘ra, er oilaning boshlig‘i, moddiyat bilan ta’minlash gardanida bo‘lgan oila a’zosi. Xotin esa o‘z navbatida erining topgan tutganini oila a’zolariga, farzandlariga pishirib-kuydirib beradigan, bolalar tarbiyasiga mas’ul eng katta ijrochi hisoblanadi. Ayolning oiladagi tarbiyasi erkakka bog‘liq. Biroq erkakning o‘zi tarbiyaga muhtoj bo‘lsa-chi? Har qanday sharoitda ham oilada kuzatiladigan noxush holatga ikki tomon ham birdek javobgar. 
Modomiki, bugun Xotin-qizlar qo‘mitasi va uning ko‘makchilari bo‘lgan tashkilotlarning oilaviy parokandaliklar va ajrimlarning oldini olishga qurbi yetmayotgan ekan, ularni birlashtirish orqali jamiyatda ulkan kuchga ega bo‘lgan yangi tuzilma Oila va ijtimoiy muammolarni o‘rganish vazirligiни tuzishni zamonning o‘zi taqazo etyapti. Zero, oila jamiyatning hamda davlatning asosiy bo‘g‘ini ekan, bunga davlat tashkiloti darajasida javob berish payti keldi. 

Otaning o‘rni o‘zbek oilasida yo‘qolib qoldi. Biz ayol, ayol deb uni e’zozladik. Xotin-qizlarning jamiyatda o‘rnini topishga dastak bo‘lishga harakat qildik. Ammo erkak bilan shug‘ullanmadik. Aksar oilalarda farzandlar otasini mensimaydigan bo‘ldi. Pul topar ona farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanmay qo‘ydi, otalar alamini aysh-ishratdan oldi. Yo‘q demang, bor shundaylar. Eng asosiysi, ko‘cha jamiyatda o‘z o‘rnini topganu uyda tahqirlanib, turmushidan baxt topmagan ayol qanday qilib o‘zini baxtliman deb aytsin? Uyida kaltak zarbidan ko‘zi ko‘karib chiqqan ayolni qanday qilib, himoya qilishimiz mumkin? Shuning uchun ham bizga Oila vazirligi kerak

Chunonchi, Xotin-qizlar qo‘mitasi quyi bug‘inida shtatlar kamligi, tug‘ilganlik va o‘limni qayd etadigan FHDYO o‘z ishidan ortmayotgani, 3-4 ta xodimi bilan juda ko‘plab mavzulardagi tadbirlardan bo‘shay olmayotgani, boz ustiga tuman va shaharlarda shtatlari yetarli bo‘lmagan “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining harakatlari samara bermayotgan ekan, yangi tashkil etiladigan vazirlikka psixologlar, ma’naviyatchilar, diniy ma’lumotga ega mutaxassislarni, katta hayotiy tajribaga ega ziyolilarni jalb etish kerak.

Shundagina asosiy vazifasi oilalarning farovonligini ta’minlaydigan, erkagu ayolning huquqlarini birdek himoya qiladigan, muhimi oilaviy muhit sabab har tomonlama sog‘lom fikrlaydigan avlod kamol topishiga ko‘mak beradigan tuzilma vujudga keladi.

To‘g‘ri, nikoh va oila munosabatlari tomonlarning roziligi bilan amalga oshiriladi hamda tugatiladi. Bu ishlarga davlatning aralashuvi demokratiya nuqtai nazaridan ham inson huquqlari nuqtai nazaridan ham to‘g‘ri kelmasligi tayin.

Biroq kun sayin o‘zgarayotgan bugungi dunyo manzaralarida bir jinsli nikohlarning vujudga kelayotgani, tug‘ilish o‘rniga o‘lim ko‘payotgani, butun boshli millatlar kurrai zamindan yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida qolayotgani bor gap.

Bunday ko‘rinishdagi muammolarni jahonning istalgan davlatida kuzatish mumkin. Milliy qadriyatlar millatning “pasporti” hisoblanadi. Ana shu qadriyatlarning debochasida esa oila atalmish muqaddas qo‘rg‘on turibdi. Bu qo‘rg‘onni har tomonlama himoya qilish esa hech qachon ahamiyatini yo‘qotmaydi. Modomiki, yangi vazirlik haqidagi fikr kimlargadir ortiqcha “bosh og‘rig‘i” bo‘lishi mumkin. Lekin fikrlar xilma-xilligi degan tushuncha bor. Buyog‘i hukmingizga havola.

Akbarjon Abduraimov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Oila va ijtimoiy muammolarni o'rganish vazirligi

Baholaganlar

348

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar