O‘zbekiston JSSTning koronavirusga qarshi emlash dasturiga qo‘shildi

Jamiyat

image

Avvalroq, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqish va tarqatish bo‘yicha COVAX xalqaro mexanizmini yo‘lga qo‘ygani, unga 172 davlat qo‘shilgani haqida xabar bergan edik. Ayni paytda JSST portfelida koronavirusga qarshi 9 ta vaksina mavjud ekani aytilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston ham tashkilotning koronavirusga qarshi emlash dasturiga qo‘shildi. Ma’lum qilinishicha, tashkilot barcha vaksina ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qiladi. Ushbu mexanizm barcha a’zo mamlakatlarning litsenziyalangan va tasdiqlangan vaksinalardan teng foydalanishni ta’minlashga qaratilgan. 

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston JSST Yevropa mintaqaviy byurosiga a’zo bo‘lgan 53 davlatdan biri bo‘lib, tashkilot bilan ko‘p tomonlama hamkorlik qilib keladi. Tashkilotning 69-sessiyasida uning direktorligiga saylangan doktor Xans Klyuge o‘zining ilk rasmiy xorijiy tashrifini 2020 yil 10 fevral kuni aynan O‘zbekistondan boshlaganini alohida ta’kidlash lozim. 

Shuningdek, 2019 yilning 20 may kuni bo‘lib o‘tgan JSSTning oliy organi Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining JSST Yevropa mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti etib saylangan. 

Ushbu keng ko‘lamli hamkorlik ayni vaqtda koronavirusga qarshi kurash masalasini ham qamrab olgan. Hozirda JSST Yevropa mintaqaviy byurosining vaqillari Oleg Storojenko va Tanya Shmid O‘zbekistonda bo‘lib, koronavirusga chalingan bemorlarni davolash jarayonlarida bevosita ishtirok etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

JSST SSV koronavirus COVAX

Baholaganlar

153

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing