Bir gap bo‘lsa, “sen qilding”, deb yoqasidan olishmaydimi?

Tahlil

image

Odamzotning tabiati shunday – “bu mumkin emas”, deya taqiqlangan narsaga, bir bor bo‘lsa-da, qo‘l urib ko‘radi. Aqli bori darrov bu ishlardan qaytadi, aqli joyida bo‘lmagani esa butun olam “bu narsani qilma”, deb turganida ham o‘sha qaytariqdan yuz o‘girmaydi, tap tortmay, bir tuki o‘zgarmay qilaveradi.

O‘zbekistonda karantin rejimi e’lon qilingach, turli cheklovlar joriy etildi, qoidalar yo‘lga qo‘yildi. “Niqob taq”, “Qo‘lingni sovunlab yuv”, “Karantin qoidalariga amal qil”, degan chaqiriqlar shu darajada ko‘p gapirildi-ki, inson ongining tub-tubiga joylashib ulgurdi. Ammo bu narsalarni ertakdek qabul qilayotganlar, mensimayotganlar, o‘zlarini go‘yoki bu olamda yolg‘iz ular xavfdan yiroqdek tutayotganlar va eng asosiysi, o‘zi u yoqda tursin, siz, biz va butun xalqni hurmat qilmayotganlar hamon uchramoqda.

Kecha, 17 aprel kuni Jizzax viloyatida yashovchi 30 yashar ayolning 4 nafar odamni yig‘ib, tug‘ilgan kunini nishonlaganini yoki Samarqand viloyatida ham tavallud ayyom 11 kishilik bayram dasturxonida o‘tkazilganini qanday baholash mumkin?

Aslida, bu xabar chiqqach, yaraga tuz sepgandek, qayta tilga olishni istamagan edim. Ammo o‘ylanib qoldim. Bugun men gapirmasam, bugun u indamasa, ertaga nima qilamiz? Boshimizdan tuproq sochamiz (Xudo ko‘rsatmasin). Keling, boshqa mavzularga “o‘tlab ketmaylik-da”, shu hodisalar atrofida biroz mushohada yuritaylik.

Tug‘ilgan kun egasi, yaxshi niyatda o‘z bayramini nishonlaydi. Yomon bo‘lsin demaydi. Ammo butun O‘zbekiston, butun millat karantin qoidalarini buzmaslikka chaqirayotgan paytda unga ko‘r-ko‘rona amal qilmaslik, xalqqa nisbatan yomonlik emasmi? Shu ayyomni oila davrasida nishonlab, so‘ng qo‘llarni duoga ochib, “Allohim, keyingi yillarda ham shu kunni sog‘lik-salomatlikda nishonlashni nasib qilgin”, deyish shunchalar og‘irmi?

Xo‘p, mayli. Tug‘ilgan kun sohibining ko‘zlarini o‘z bayramida shira bosipti, ammo uyning kattalari-chi? Ular bunga qarshilik qilsa, bo‘lardi-ku. Xudo ko‘rsatmasin, shu bayramdan biror palakat chiqib, kimdir kasallik yuqtirsa, bemorning ota-onasi birinchi qayoqqa keladi? To‘g‘ri uning uyiga. “Sen qilding, sening bolang kasallik yuqtirdi”, deb yoqalariga chang solishmaydimi? Xalqda bir gap bor – “El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi”. Mahallada bir gap chiqsa, tamom, butun oila a’zolari bosh ko‘tarib yurolmay qoladi. Hammaning qaddi sinadi, yuzi shuvut bo‘ladi. Qalblarga tushgan qorong‘ilikni-ku, gapirmasa ham bo‘ladi.

“Bir yilda bir tug‘ilibdi, bayram qilsa, qilibdi-da”, deb qarshilik ko‘rsatishmagandir ham. Bunga ham ko‘namiz. Biroq ziyofatga taklif etilganlarning mehmonga borishga rozi bo‘lishlarini qanday baholash mumkin? “Ziyofat egasining yuzidan o‘tolmagan”idan yoxud karantinda siqilganlaridan “yuraklari tos yorilib ketgan”idan mehmonga borishgandir. Ertaga kasallik yuqtirib olinsa, yuraklarni o‘sha istihola o‘rniga pushaymonlik, bir paytlar tor ko‘ringan uyning burchagiga zorlik hissi egallaydi.

Gapirsa gap ko‘p. E’tibor berilsa, bu voqealar bir-biriga uzviy bog‘liq, go‘yoki zanjir xalqalaridek. Agar biri reaksiya bersa, bu qolgan bo‘g‘inlarga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Faqat o‘sha reaksiyani berish zarur. Buning uchun, avvalo, Xudodan qo‘rqish kerak. Shu tuproqning tuzini yalab, suvini ichib, tinch yashab, mana bunday paytda unga orqa o‘girayotgani uchun millatdan uyalish kerak. Odam bo‘lish kerak... Shu yurtni sevish, u achinsa achinish, yig‘lasa yig‘lash, bayramida ham, azasida ham birga bo‘lish kerak. O‘zini mana shu vatanning bir qismi ekanligini, unga daxldorligini his etishi kerak.

Nihoyani bir misol bilan yakunlashni istadim. Buyuk Britaniya Qirolichasi Yelizaveta II bu yil 94 yoshni qarshilaydi. Uning taxtga chiqqaniga 67 yil to‘ldi. Har yili uning tug‘ilgan kuni sharafiga artilleriya salyutlari otiladi. Qirolicha bu yil bunday bo‘lishini istamadi. “Koronavirus butun xalqning yuragini ezayotgan bir paytda, tug‘ilgan kunni alohida tarzda nishonlash maqsadga muvofiq emas”, dedi u. Xullas, xalqni behurmat qilishni, uning ustidan kulishni istamadi qirolicha.

Hali ham esimizni yig‘aylik, aqldan ozmaylik. Xulosa o‘zingizdan...


Maqola muallifi

Teglar

tahlil mushohada

Baholaganlar

186

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar