O‘zbekiston a’zo bo‘lgan Gaaga konferensiyasi migrantlarga nima beradi?
Tahlil
−
05 mart 2020
6821O‘zbekiston yana bir xalqaro konferensiyaga a’zo bo‘ldi. Bu migrantlarga nima beradi?
Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Niderlandiyaning Gaaga shahrida bo‘lib turibdi. Tashrifdan maqsad O‘zbekiston Respublikasining Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga konferensiyasi (XXHGK)ga a’zo bo‘lishi jarayonining yakunlanishi va tashkilotga to‘laqonli rasmiy a’zo bo‘lishdan iborat. Kecha, 4 mart kuni O‘zbekiston ushbu tashkilotga rasman a’zo bo‘ldi.
Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga konferensiyasi shu kungacha o‘zida 83 ishtirokchini jamlagan bo‘lib (82 davlat va Yevropa ittifoqi), endilikda unga Dominikan va O‘zbekiston Respublikalari ham a’zo bo‘ldi va a’zolar soni 85 taga yetdi.
Xo‘sh, bu tashkilotga O‘zbekiston nima uchun a’zo bo‘ldi va bu a’zolik nima beradi?
Globalizatsiya asrida ko‘pgina huquqiy masalalar milliy chegaralardan chiqib ketmoqda. Ya’ni turli mamlakatlar qonunchiligidagi turlicha jihatlar o‘rni kelsa bir inson taqdirida kesishib, ayrim o‘rinlarda ziddiyatga kirishmoqda yoki shunchaki noqulayliklar tug‘dirmoqda. Masalan, bir davlatda berilgan hujjat boshqa bir davlatda tan olinishini ta’minlash, ma’lum mamlakatda tug‘ilgan go‘dakni boshqa yurtga farzand qilib olib ketish yoki fuqaro farzandini ona vatanida emas, musofirchilikda dunyoga keltirishi holatlari ko‘plab uchrayapti. Bunda huquqiy masalalarning ortiqcha ziddiyatlar va byurokratiyasiz hal etilishi ham insonlarga, ham davlatlarga foydalidir. Shu sababli jahonning ko‘plab mamlakatlari o‘zaro kelishib, turli xalqaro-huquqiy hujjatlar va xalqaro tashkilotlar faoliyati orqali hamkorlik qiladilar hamda o‘zaro huquqiy muvofiqlashtiruv harakatlarini amalga oshiradilar. Konferensiya aynan shunday tashkilotlar jumlasidandir.
Shu paytgacha konferensiya doirasida 40 dan ortiq konvensiyalar imzolangan bo‘lib, ular quyidagi 3 asosiy yo‘nalishga bo‘linadi:
• bolalarni xalqaro himoya qilish, oilaviy va mulkiy munosabatlar;
• xalqaro huquqiy hamkorlik va nizolarni bartaraf etish;
• xalqaro tijorat va moliyaviy huquq.
Xalqaro xususiy huquq me’yorlarini birxillashtirish O‘zbekiston uchun o‘ta dolzarb masala ekani shubhasiz. Chunki migratsiyaning shiddat bilan o‘sishi, turli sohalarda xorijiy unsurga ega fuqarolik-huquqiy nizolarning ko‘payishi tufayli zudlik bilan yechilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzaga kelmoqda.
Shunga ko‘ra, Gaaga konferensiyasi doirasida ishlab chiqilgan va qabul qilingan normalar xalqaro xususiy huquq bo‘yicha milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga sezilarli ijobiy ta’sir o‘tkazishi kutilmoqda.
Qolaversa, O‘zbekiston uchun Gaaga konvensiyalari yangilik emas, shu kungacha biz ulardan uchtasiga a’zo bo‘lganmiz. Xususan, Fuqarolik jarayoni masalalari bo‘yicha konvensiya (1954), Chet el rasmiy hujjatlarini legallashtirish talabini bekor qiluvchi konvensiya (1961), Xalqaro bolalarni o‘g‘irlashning fuqarolik jihatlari bo‘yicha konvensiya (1980).
XXHGK ga a’zo bo‘lish bizga nima beradi?
Yuqorida aytib o‘tilganlarni umumlashtirib, O‘zbekiston uchun, xususan, uning fuqarolari uchun XXHGKga a’zo bo‘lishdan quyidagi manfaatlar yuzaga kelishini aytib o‘tish mumkin:
1. Xalqaro-huquqiy yordam tizimi soddalashadi va osonlashadi.
2. Xalqaro-huquqiy yordam ehtiyojiga uchragan fuqarolarga kengroq imkoniyatlar yaratiladi.
3. Fuqarolik-huquqiy sohaga oid xalqaro nizolar samarali, tez va kam xarajat bilan bartaraf etiladi.
4. Milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga ijobiy ta’sir bo‘ladi.
5. O‘zbekistonda xalqaro xususiy huquq ilmining rivojlanishiga yordam beradi.
Bular bilan bir qatorda mazkur xalqaro tashkilot faoliyatida O‘zbekistonning to‘laqonli a’zo sifatidagi faoliyati kelajakda qabul qilinadigan xalqaro hujjatlarda bizning milliy manfaatlarimizni ham aks ettirish imkonini yaratadi.
LiveBarchasi