Shavkat Mirziyoyevga Lukashenkoning salomi yetkazildi

Jamiyat

image

Bugun, 16 iyun kuni V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchinni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlat rahbariga Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.

O‘zbekiston – Belarus ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik nuqtai nazaridan ko‘rib chiqilgan.

Joriy yilning may oyida Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan hukumatlararo komissiya yig‘ilishining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Tovar ayirboshlash hajmi joriy yil boshidan buyon 32 foizga ortib, barqaror o‘sib bormoqda. Qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, shuningdek, madaniy-gumanitar va hududlararo aloqalarni faollashtirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish muhim ekani ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatga tashrif buyurgan Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadovni qabul qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing